O‘zbekning tuyg‘usi bolasiga qo‘shilib cho‘kmoqda, yonmoqda, bo‘g‘ilib o‘lmoqda...
Johiliyat davrida arablar qizlarini yerga tiriklayin ko‘mishardi, ular qiz ko‘rishni or deb bilishardi. Ammo u davrlar endi o‘tdi, bunga bir yarim ming yil bo‘ldi. Bugun har bir millat uchun farzand qadrli. Kimdir ko‘p bolajonli bo‘lishni istaydi, yana kimdir esa bir-ikki nafar bola bilan cheklanadi. Gap bu haqida emas, gap o‘zbekning bolajonlik tuyg‘usi qanday qilib yo‘q bo‘lib borayotganligida, yo‘q qilinayotganlikda.
Nari-berisi o‘tgan bir yil ichida shunday voqealarga guvoh bo‘ldikki, bu ilgarilari sodir bo‘lganu biz eshitmaganmiz yoki hozir bo‘lyaptiyu OAVning tezkorligi sabab bu voqealarni eshitaverib, qalblarimiz qotib bormoqda. Ona bolasini bo‘g‘ib o‘ldirmoqda, ayollar bolalarni tiriklayin yoqmoqda, suvga g‘arq qilmoqda va hokazo. Yoqani ushlash emas, balki yirtadigan ishlar shundoq millatdoshlarimiz, jonajon xalqimiz, o‘zbeklar, bolajon o‘zbek ayollari tomonidan qilinmoqda. Faktlarga e'tibor qaratamiz...
Surxondaryo viloyatining Qiziriq tumanida aynan shu yilning 7-8 mart kuni “Qishloqazon” mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi kanaldan yangi tug‘ilgan o‘g‘il bola chaqaloqning bo‘yin sohasiga mato bo‘lagi bog‘langan holdagi jasadi topiladi. Olib borilgan surishtiruv ishlari natijasida aynan shu tumanda yashovchi, kasb-hunar kolleji o‘quvchisi 28 fevral kuni uyida o‘g‘il bola chaqaloqni tug‘ib, hech kimga bildirmay, o‘zining kiyimi bilan chaqaloqni bo‘g‘ib o‘ldirib, so‘ng jasadni yuqoridagi kanalga tashlab yuborganligi aniqlangan.
2018 yilning 2 apreli. Aynan mana shu kuni Qo‘qon shahrining Turkiston ko‘chasida joylashgan bino oldidagi archa daraxtlari tagidan 3 yoshli o‘g‘il bolaning jasadi topildi. O‘tkazilgan tezkor qidiruv-surishtiruv harakatlari davomida, bolani o‘ldirgan qotil o‘zining onasi ekani ma'lum bo‘ldi. Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumani, Ma'murobod qishlog‘i, Namuna ko‘chasida istiqomat qiluvchi Saidaxon Tillavoldiyeva Murodjon qizi o‘zining o‘g‘li bo‘lgan, 2015 yil 4 noyabrda tug‘ilgan Firdavsbek Ibrohimjonovni bo‘g‘ib o‘ldirgan. Jinoyatni yashirish maqsadida, bolaning jasadini archa tagiga yashirib qo‘yadi.
Tezkor tadbirlar davomida, 3 aprel kuni Saida Tilavoldiyeva Toshkent shahrida qo‘lga olingan. Unga nisbatan 15 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Yana bir voqeaga e'tibor bering: Samarqandda sun'iy abort yo‘li bilan tug‘ilgan chaqaloqlar savdosi bilan shug‘ullangan N.S. boshqaruvidagi tug‘uruqxona aniqlangan. Shifoxona boshqaruvi xodimlari tirik tug‘ilgan chaqaloqlarni soxta hujjat bilan 500 AQSh dollaridan 2000 AQSh dollarigacha bo‘lgan miqdorda farzandsiz oilalarga pullashgan.
Sotilmay qolgan go‘daklar qarovsiz qoldirilib, nobud qilingan. Kichkintoylarning jonsiz tanalari esa tibbiy chiqindilarni yoqishga mo‘ljallangan mufel pechida yoqib yuborilgan.
Yoki 2018 yilning 25 iyun kuni Andijonda ayol o‘zini va 2 nafar farzandini «Shahrixonsoy» kanaliga tashlagani haqidagi xabar ham barchani larzaga soldi. Onaning joni saqlab qolingan, ammo farzandlar nobud bo‘lgan. Bu kabi voqealarni sanoqsiz keltirish mumkin. Xorijlik hayotidan emas, aynan o‘zbekning hayotidan.
Tunov kuni bir tanishim yozg‘irib qoldi: “Kunlarning bunday isib ketganini hayotimda birinchi marta ko‘rishim”. Yana biri: “Odamning qalbi hech narsadan ochilmaydi-ya! Hech narsa xursand qilmaydi kishini”, dedi. Undan oldin bittasi ijtimoiy tarmoqlarning birida yozdi: “Qayerdadir qor, qayerdadir jazirama. Hayron qolarli ishlar bo‘lyapti”. Bu hayron qolarli ishlar emas, kutilgan ishlar, kutilgan jazolar. Bu notabiiy issiq havoni, yoz faslida qayerdadir qor yog‘ishini mana biz – insoniyat tashkillashtiryapmiz, sababchi bo‘lyapmiz. Keling, masalani global miqyosda olib chiqmay, o‘zimizning, o‘zbekning hayot turmushi misolida ko‘rib chiqaylik.
Bolasini bo‘g‘ib o‘ldirgan ona o‘z gunohini qo‘yidagicha izohladi: «Bolani tashlagani Toshkentdan qaytib keldim. Uchko‘prikka tashlagani kelsam, opa yo‘q ekan. Keyin uni mashinada Andijonga yubormoqchi edim, ammo bola unamadi. Keyin buni qayga olib boraman, ishlashim kerak, menga joy yo‘q, buni qayerda qoldiraman, deb o‘yladim va bolani o‘ldirishga majbur bo‘ldim. Qo‘limda bo‘g‘ib o‘ldirdim, shunga majbur bo‘ldim. Uyga qaytay desam, ayam kiritmasdi. Dadam qabul qilishi mumkin edi, ammo ayam kiritmasdi, baribir bola ko‘chada xor bo‘lib o‘lardi. O‘ldirganimdan keyin, bag‘rimga bosib o‘tirdim, kechirim so‘radim...». Dramaturgiyaga boy, ammo bir inson bolasining so‘zlari. Yoki bolasini beliga bog‘lab o‘zini soyga otgan ona yoki abort orqali tug‘dirilgan bolalarni pechkaga yoqqan ayol va boshqalarning bu ishlarini amalga oshishiga nima sabab bo‘ldi ekan, o‘ylab ko‘rganmisiz?
Pulga, boylikka ega bo‘lish yoki muammo va qo‘rquvdan qutilish dersiz... Balki shundaydir, ammo bu ikkinchi masala. Ana shu boylikka ega bo‘lishni istagan nafsning paydo bo‘lishiga, harom ishlar sabab muammoga uralashib qolgan qo‘rquvli hayotga o‘z Rabbisini, nima uchun yaratilganini va, aslida, kim ekanligini bilmaslikdir. Sizga qanchalik erish tuyulmasin, qanchalik kulgiga qolmay bularning bariga ilmsizlik, yanada aniqroq aytiladigan bo‘lsa, Allohni haqiqiy ma'noda tanimaslik sabab bo‘lyapti. Men Islom dini haqida gapirib, boshingizni og‘ritmoqchi emasman. Ammo oilalardagi muhit va tarbiyaning ayanchli ahvolga kelib qolayotgani kishini havotirga soladi. Gaplarimni o‘qiyotgan va turmush azob-uqubatlariga yoki eri, qaynota-qaynonasining gap-so‘zlariga chidab yashayotgan ayollar, “Sen erkak kishi bo‘lsang, xotin-qizlarning dardini qayoqdan ham bilarding”, deb malomat qilishar.
Gaplaringiz to‘g‘ri, ammo men Tog‘ay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” asarini o‘qiganman, Ikkinchi jahon urushiga ketgan bobomning ortidan bo‘zlab qolib, bir buxanka qora nonga tunlarini o‘tkazgan momomning hikoyalarini eshitganman, bolalarini boqaman deb, baxtsiz tasodif tufayli eridan ajralib qolgan, olti nafar bolani yakka o‘zi tarbiyalagan qo‘shnimni bilaman. Bozorda issiqni issiq demay, sovuqqa bardosh berib non pishirib sotib, ro‘zg‘orini tebratayotganlarni ko‘rganman. Sizu biz iflos qilgan polni shishadek tiniq qilib artib, tozalab qo‘yayotgan mushtiparlarchi? Ammo bolalarni pulga yoqayotgan, bo‘g‘ayotgan, o‘ldirayotgan o‘zbek ayoli haqida endi eshityapman. Eshitayotgan, o‘qiyotgan, bu xabarlarni o‘ziga olayotgan qalbim yig‘lamoqda, dod solmoqda va alal oqibat qattiqlashmoqda.
Chuqur tin olamiz... Hissiyotni chetga surib, biroz mulohaza yuritamiz. O‘zbekning qizi, ayoli xorij fohishaxonalarini to‘ldirdi, indamadik, ichimizga yutdik. O‘zbekning qizi, ayoli bojxonadan giyohvand moddalar olib o‘tishda qo‘lga tushdi, jim bo‘ldik. O‘zbekning qizi, ayoli turli jinoyatlarga qo‘l urdi: o‘g‘irlik qildi, firibgarlik ko‘chasiga kirdi, pora oldi, pora berdi va hatto terrorchi bo‘ldi. Haqiqatni bilsakda undan yuzimizni begona qildik. Endi o‘zbekning ayoli murg‘ak go‘daklarni yoqmoqda, jon azobida tuqqan bolasini bo‘g‘moqda, o‘ldirmoqda. Yana indamaymizmi?.. Unda Allohdan yaxshilik va baraka kelmasa, hayotimiz nurga to‘lmasa, ortiq malomat qilmaylik. Boshida qilgan ishimizda davomli bo‘laylik – jim yuraylik...
Yuqorida aytib o‘tganimizdek, bu fojialarga oilalardagi tarbiya muhitining buzilib ketgani, Islom madaniyatidan uzoqlashish, vatanga daxlsizlikning avj olgani sabab bo‘lmoqda. Buning oldini olish uchun, hali ham kech emas, har bir oila ongli tarzda hayoti muhitini o‘zgartirsin. Oilada ilm olish va berish ana'analarini yo‘lga qo‘ysin, Allohning harom qilgan narsasi nimayu halol qilgani nima, farzandlariga tushuntirsin. Vatan haqida jimjimador gaplar emas, balki ajdodlarimiz o‘tmishidan, real hayotdan misollar olib farzandlariga anglatsin va nihoyat o‘zi ham shunga munosib inson bo‘lsin. Ana shunda biz, o‘zbek xalqi, hayotimizga yaqinlashib kelayotgan ma'naviy inqirozlarning juda ko‘pidan qutilib qolamiz.
Bu mavzuda o‘z munosabatlaringizni bildirasiz degan umiddamiz.
Sarvar Anvar o‘g‘li,
jurnalist
Mavzuga oid
10:53 / 16.11.2024
Hayoti yoki sog‘lig‘i xavf ostida qolgan bolalar ota-onasidan olib qo‘yilishi mumkin
08:10 / 26.10.2024
Toshkentda 15 yoshli bolani poyezd urib ketdi
09:30 / 23.10.2024
Bolalarga nisbatan oilaviy zo‘ravonlik sodir etganlik uchun javobgarlik belgilandi
07:40 / 16.10.2024