O‘zbekiston | 21:40 / 02.08.2018
35633
2 daqiqa o‘qiladi

IIV Qoraqalpog‘istondagi «samosud» yuzasidan rasmiy axborot berdi

O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasining Beruniy tumanidagi «Shobboz» haftalik dehqon bozorida sodir bo‘lgan voqea yuzasidan rasmiy ma'lumot berdi.

«2018 yilning 2 avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Beruniy tumanidagi «Shobboz» haftalik dehqon bozorida o‘g‘rilikda gumonlangan shaxsning arqon bilan qo‘llaridan bozor kirish darvozasi ustuniga osib qo‘yilgan holati videosi tarqatilganligi yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bergan ma'lumotga ko‘ra, holat shu yilning 1 avgust kuni soat 6.00lar atrofida fuqaro U.A. tomonidan sodir etilgani ko‘rsatilgan.

Fuqaro U.A. bozor hududida savdo qiluvchi odamlar tomonidan o‘g‘irlik sodir etganlikda shubhalanib ushlab turilgan fuqaro D.N.ni qo‘llarini arqon bilan bog‘lab, bozorning kirish darvozasi ustuniga osib, fuqaro D.N.ning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini kamsituvchi harakatlar sodir etgan.

Mazkur holat yuzasidan fuqaro U.A.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 229-moddasi («O‘zboshimchalik») bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Fuqaro D.N.ning o‘g‘rilik jinoyatini sodir etgan yoki etmaganligi yuzasidan tergovda aniqlik kiritiladi va bu haqda tergov yakuniga ko‘ra qo‘shimcha axborot beriladi», deyiladi xabarda.

Bundan avvalroq, ijtimoiy tarmoqda «Shobboz» bozoridagi voqea videosi tarqalgan, internet foydalanuvchilari ushbu «samosud» aktini qattiq qoralashgandi.

Mavzuga oid