Jamiyat | 15:27 / 10.07.2024
8813
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda bog‘dan olma o‘g‘irlagan bolalarni jazolagan erkakning o‘zi ham “samosud” qilindi

Samarqand viloyatida fuqaro bog‘dan olma o‘g‘irlagan bolalarni koyib, tanbeh bergani uchun “samosud” qilingan. Bolalarning otasi esa bog‘bon ham bolalarni haqorat qilgani, urib, tan jarohati yetkazganini aytgan.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Samarqand viloyati Narpay tumanida bog‘dan olma o‘g‘irlagan bolalarni arqon bilan bog‘lab haqorat qilgan va urib, tan jarohati yetkazgan erkak “samosud” qilindi.

Samarqand viloyati IIB matbuot kotibi Jahongir Sagdullayevning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, Narpay tumani Oqoltin mahallasida yashovchi fuqaro T.O‘. o‘ziga tegishli olma bog‘ida mevalarni o‘g‘irlayotgan bolalarni ushlab olgan va ularni chaylasiga olib kelib, o‘g‘rilik qilgani uchun og‘zaki koyib, tanbeh bergan.

Shundan so‘ng bolalardan birining otasi bog‘ga kelib, T.O‘.ni urib, tan jarohati yetkazgan, qo‘l va oyoqlarini arqon bilan bog‘lab “samosud” qilgan. Bog‘ egasi 2024 yil 8 iyul kuni Narpay tuman IIBga ariza bilan murojaat qilib, o‘zini urib “samosud” qilgan shaxsga qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Shuningdek, bolalarning otasi ham joriy yil 6 iyul kuni Narpay tuman IIBga ariza bilan murojaat qilib, qishloqdoshi T.O‘. ning olma bog‘idan mevalarini o‘g‘irlagan bolalarni haqorat qilib, urib, tan jarohati yetkazgani va arqon bilan bog‘lab qo‘yganini bildirib, unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Qayd etilishicha, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 138-moddasi (zo‘rlik ishlatib g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish) 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid