Qizilqo‘rg‘on obod qishloqqa aylanadimi? Javobni mutasaddilardan kutib qolamiz
Bunday savolni bejizga qo‘ymadik. Sababi, Bulung‘ur tumanida "Obod qishloq" dasturi doirasida Qizilqo‘rg‘on qishlog‘ida olib borilayotgan obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari bilan tanishish jarayonida bu borada yetarlicha muammolar borligiga guvoh bo‘ldik.
Ushbu qishloqda 170 ta xonadonda 2 ming¬dan ziyod aholi istiqomat qiladi. Tuman hokimligi ma'lumotiga ko‘ra, aholi xonadonlarini ta'mirlash, hududlarni obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish, elektr tarmoqlari, tabiiy va suyultirilgan gaz, ichimlik suv ta'minotini yaxshilash, ichki yo‘llarning ta'mirlanishi, infratuzilma obektlarining qurilishi uchun 3 milliard 617 million so‘m mablag‘ sarflanishi rejalashtirilgan.
Amalga oshirilishi lozim bo‘lgan barcha loyihalar bo‘yicha dastur-smeta tasdiqlanib, joriy yilning 1 sentyabriga qadar muddatlar belgilangan.
Ayni vaqtda qishloq orasidan o‘tgan temiryo‘lga yaqin ayrim xonadonlarda devor qurish ishlari olib borilmoqda. Ichki yo‘llarni ta'mirlash uchun shag‘al to‘kish ishlari faqat qishloqning kirish qismida davom etmoqda. Qishloq ichidagi tuproq yo‘llardan esa chang ko‘tariladi.
Tuman hokimligi tomonidan taqdim etgan ma'lumotda shunday ko‘rsatilgan: "Qishloqdagi 64 ta xonadonda oqlash, bo‘yash, ta'mirlash ishlari yakuniga yetkazilgan. Qolgan xonadonlarni ta'mirlash, atroflarini obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda".
Aslida-chi? O‘rganishimiz davomida birorta xonadonda ta'mirlash yoki obodonlashtirish ishlari olib borilayotganini ko‘rmadik. O‘sha eski devor, loysuvoq va qiyshaygan eski darvozalar kishi ta'bini xira qiladi. Hudud, ayniqsa, aholi xonadonlari atrofi yantoqzorga aylangan. Qishloq o‘rtasida turli chiqindilardan kultepa bo‘y ko‘targan. Undan taralayotgan badbo‘y hidga chidab bo‘lmaydi.
Elektr ta'minotini yaxshilash borasida ishlar boshlanmagan. Elektr energiyasi o‘tkazilgan eski simyog‘ochlar hali almashtirilmagan. Bu holatni tuman hokimligining qurilish bo‘yicha bosh mutaxassisi Alisher Elmurodov elektr energiyasi ta'minotini yaxshilash bo‘yicha hali "O‘zbekenergo" aksiyadorlik jamiyatidan mablag‘ ajratilmagani bilan izohladi.
Qishloqda qurilishi rejalashtirilgan 1 ta maktabgacha ta'lim muassasasida endi beton ishlari amalga oshirilmoqda. Ushbu qurilishga 1 milliard 778 million so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan. Amalda shu kunga qadar belgilangan mablag‘ning 482 million so‘mi, ya'ni 28 foizi moliyalashtirilgan, xolos.
Achinarlisi, qishloqda birorta savdo do‘koni, tibbiyot muassasasi, aholi hordiq chiqarish uchun maskan yo‘q. Bu kabi obektlar qurilayotganini ham ko‘rmadik. Reja bo‘yicha hududda hammom, dorixona, maishiy xizmat ko‘rsatish uyi va savdo do‘konlari qurilishi lozim. Bu borada hali biror ish boshlanmagani kishini ajablantiradi.
Tuman hokimligi mutasaddi xodimining ma'lumotiga ko‘ra, ushbu ijtimoiy obektlarni qurish uchun yer ajratilgan va tadbirkor tomonidan amalga oshirilishi belgilangan.
Ushbu qishloq joylashgan Fo‘bdin mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Rahmatulla Abdurahmonov bilan suhbatlashganimizda qishloq aholisi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilganini aytdi. Biz bu borada qishloq fuqarolari bilan suhbatlashdik.
– Hech qanday tibbiy ko‘rik bo‘lgani yo‘q, – deydi sakson yoshli Q.Abdullayev. – To‘g‘ri, tibbiyot xodimlarining bir-ikki marta qishloqqa kelganini ko‘rdim. Men bu har doimgi kelib-ketishlar, deb o‘yladim. Boshqalarni bilmadimu lekin men bunaqa ko‘rikdan o‘tganim yo‘q.
Aslida shunday keksa insonlar, kam ta'minlangan va nogiron fuqarolar birinchi navbatda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi kerak-ku!
Yana bir salbiy holatlardan biri bu qishloq aholisida boqimandalik ruhi hukmronligidadir. Buni xonadonlar atrofi yantoqzorga aylanganidan ham bilsa bo‘ladi. Aholi hatto o‘z uylari hududini obodonlashtirishga ham hafsala qilmasligi yaqqol ko‘rinib turibdi. Tuman mutasaddilari, mahalla raisi va faollari aholi bilan bu borada suhbatlar o‘tkazish, obodonlashtirish ishlariga ularni ham jalb etish masalalariga nega e'tiborsizlik bilan qaramoqda?
Qolaversa, hududda hali yangi birorta manzarali yoki mevali daraxt ekilmaganini qanday izohlash mumkin?!
Qishloqda bu kabi holatlarni ko‘rib, hali ishlar o‘lda-jo‘lda ekani, ayrim ishlar qog‘ozda bajarilayotganini bilish qiyin emas.
Mustaqilligimizning 27 yilligi arafasida barcha ishlar yakuniga yetkaziladi, deyayotgan tuman hokimligi mutasaddilari shu kunga qadar jadallashmagan ishlar qisqa vaqtda amalga oshishiga, belgilangan muddatda yakunlanishiga ishonarmikan?
Maqola sarlavhasidagi savolni qo‘yganligimizning ham mohiyati shunda. Javobini esa mutasaddilardan kutib qolamiz.
Mavzuga oid
08:10 / 21.11.2024
Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatini rivojlantirish yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi
08:51 / 20.11.2024
To‘rt tumanda 614 mln so‘mlik elektr va gazdan noqonuniy foydalanilgani aniqlandi
13:49 / 14.11.2024
Samarqandda o‘quvchi avtobus urib yuborishi oqibatida halok bo‘ldi
09:28 / 08.11.2024