Jamiyat | 18:49 / 04.08.2018
9311
3 daqiqa o‘qiladi

Xayriya natijasi: Umriniso Hindistondan dardidan forig‘ bo‘lib qaytdi

KUN.UZ saytida o‘tkazilgan xayriya aksiyasi natijasida jajjigina vatandoshimiz Umriniso ota-onasi bilan Hindistondan qaytdi. U 2 bora o‘tkazilgan xayriya aksiyasi natijasida tug‘ma yurak porogining og‘ir turidan forig‘ bo‘lish uchun jarrohlik amaliyotini o‘tkazish maqsadida Hindistonga ketgan edi. Albatta, shifokorlar Umriniso to‘liq darddan forig‘ bo‘lmagani, uning qon tomirida toraygan qismi bo‘lib, keyinchalik tomirni kengaytirish amaliyotini o‘tkazish zarurligini ta'kidlashgan. 

Hindistondan yuragidagi nuqsonlaridan forig‘ bo‘lib qaytgan Umriniso ota-onasi KUN.UZ tahririyatiga keldi. Qizaloqning otasi Bahrom akaning aytishicha, uning qizi shifo topishida ozmi-ko‘pmi yordam ko‘rsatgan barcha vatandoshlardan minnatdor. U rafiqasi bilan farzandlarini ushbu vatanga xizmat qiladigan shaxslar sifatida tarbiyalashga ahd qilganlarini bildirar ekan, o‘zbek xalqi o‘zaro yordam berishga shoshiladigan, saxovatpesha xalq ekaniga ishonch hosil qilganini bildirdi. 

Avval xabar berilganidek, Umriniso tug‘ma yurak porogining kam uchraydigan xilidan aziyat chekib, 3ragida 3ta teshik bo‘lgan, vena va arterial qon tomirlari o‘rni ham almashib qolgan.

Takidlash o‘rinliki, xayriya natijasida to‘plangan summadan 15 mln so‘m ortib qolganligi bois, uni Qashqadaryo viloyati, Tolimarjon shaharchasida istiqomat qiluvchi, yurak porogidan aziyat chekayotgan Isroiljon hisobiga o‘tkazildi.

 

Shu o‘rinda, KUN.UZ tahririyati ham o‘z chaqirig‘iga “labbay” deb javob bergan barcha vatandoshlarga minnatdorchilik izhor qiladi hamda millatni jipslashtiradigan bu kabi ishlarda yanada faol bo‘lishga chaqiradi. Alloh barchamizning qilayotgan xayrli ishlarimizda O‘zi madadkor bo‘lsin va davomli qilsin, savoblarini ko‘paytirib bersin!

Tolib Rahmatov tayyorladi

Mavzuga oid