Jamiyat | 21:50 / 09.08.2018
94543
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik erkin kurashchi tungi klubdagi pichoqbozlik qurboni bo‘ldi

9 avgustga o‘tar kechasi Toshkent shahrining Yunusobod tumani hududida joylashgan Aurum 898 tungi klubida pichoqbozlik ro‘y berdi. Hodisa oqibatida erkin kurashchi, xalqaro toifadagi sport ustasi Jamshid Kenjayev vafot etdi.

Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berishicha, Jamshid Kenjayev tungi klubi qo‘riqchilari bilan o‘zaro janjallashib, yonida bo‘lgan oshxona pichog‘i bilan ularning ikki nafariga tan jarohatlari yetkazgan.

Janjal davomida voqea joyida bo‘lgan «Aurum» tungi klubida qo‘riqlovchi yordamchi Sh.Q Kenjayevning qo‘lidan oshxona pichog‘ini tortib olib, unga og‘ir tan jarohati yetkazgan.

Qo‘riqchilardan biri Sh.I 7-sonli ShKShga, ikkinchisi M.A 1-sonli Respublika klinik shifoxonasiga yotqizilgan. Jamshid Kenjayev esa Yunusobod tumanidagi 7-sonli ShKShga yotqizilib, tez tibbiy yordam ko‘rsatilsada, yetkazilgan tan jarohatlari oqibatida vafot etgan. 

Jamshid Kenjayevning o‘limiga sabab bo‘lgan tan jarohatlarini yetkazishda gumonlanib, tungi klubning uch qo‘riqchisi — 24 yoshli S, 29 yoshli Sh va 26 yoshli J qo‘lga olingan.

Mazkur holat yuzasidan 09.08.2018 yil sanasida Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan Sh.Q.ga nisbatan JKning 25, 97-moddasi 1-qismi, ya'ni qasddan odam o‘ldirish jinoyati bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. U JPKning 221-moddasi tartibida ushlangan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan dastlabki tergov harakatlari Toshkent shahar prokuraturasi O‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi tomonidan olib borilmoqda.

Foto: Instagram / kenjaev_djamshid

Xalqaro toifadagi sport ustasi, O‘zbekiston chempioni, Osiyo chempionati va Osiyo o‘yinlari ishtirokchisi hisoblangan Jamshid Kenjayev 61 va 65 kg vazn toifasida musobaqalarda qatnashib kelgan.

Mavzuga oid