Jahon | 20:29 / 08.04.2025
5219
2 daqiqa o‘qiladi

Dominikan poytaxtidagi tungi klub tomi konsert vaqti qulab tushdi. Kamida 27 kishi halok bo‘ldi

Shuningdek, 100 dan ortiq odam jarohat oldi. Hodisa joyida qutqaruv operatsiyasi davom etmoqda

Dominikan Respublikasi poytaxti Santo-Domingodagi Jet Set tungi klubining tom qismi qulab tushishi oqibatida kamida 27 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda mamlakat Favqulodda vaziyatlar markaziga (SOE) tayanib Listin Diario nashri xabar berdi.

Shuningdek, hodisa oqibatida 150 nafar atrofidagi odam jarohat olgan. Qutqaruv operatsiyasi davom etmoqda. Listin Diario’ning qayd etishicha, qulagan tom ostida qolib ketganlarning yordam so‘rab baqirayotganlari eshitilmoqda.

«Biz hali ko‘plab odamlar tirik bo‘lishi mumkin deb hisoblaymiz, shuning uchun hokimiyat vakillari va qutqaruv operatsiyasida ishtirok etayotganlar oxirgi odam vayronalar ostidan topilmaguncha to‘xtamaydi», — dedi SOE direktori Xuan Manuel Mendes.

Jet Set tomi klubda qo‘shiqchi Rubbi Peresning konserti bo‘layotgan vaqtda qulab tushgan. Bunga nima sabab bo‘lgani hozircha noma’lum. Peresning o‘zi vayronalar ostidan chiqarib olingan va uning ahvoli barqaror ekani ma’lum qilingan.

Eslatib o‘tamiz, mart o‘rtalarida Shimoliy Makedoniyadagi Pulse tungi klubida yong‘in sodir bo‘lgandi. DNK duetining chiqishi davomida klubda pirotexnika vositalaridan foydalanilgan, natijada shiftda yong‘in chiqqan va tomoshabinlar yagona eshik orqali tashqariga chiqishga uringan. Yong‘in oqibatida 59 kishi halok bo‘lgan, jumladan, uch nafar bola ham. 

Mavzuga oid