Sport | 09:52 / 12.08.2018
27595
2 daqiqa o‘qiladi

«Tottenhem» - Xalqaro Chempionlar kubogi g‘olibi, eng so‘nggi o‘rinda «Barselona»

Foto: Tottenham Hotspur

Eng ko‘p ishtirokchiga ega va nufuz jihatidan ham eng yuqori o‘rinda turuvchi mavsumoldi musobaqasi – Xalqaro Chempionlar kubogi nihoyasiga yetdi. 2013 yildan boshlab o‘tkazila boshlangan turnirning bu safargi g‘olibi - «Tottenhem» klubi.

20 iyulda start olgan musobaqada kuchli beshlikning 17 klubi hamda Portugaliya chempioni ishtirok etdi. Chempionatning jami 27 o‘yinidan 10tasi Yevropa va Singapurda, 17tasi AQShda o‘tkazildi. O‘yinlarni jami bir milliondan ortiq tomoshabin (1.061.520 nafar) bevosita stadiondan kuzatib bordi.

O‘tgan safargi turnirlardan farqli ravishda, bu yil har bir klub uchtadan o‘yin o‘tkazdi va g‘olib faqat bitta («Tottenhem») bo‘ldi. Avvallari ishtirokchilar maydonga tushadigan o‘yinlar soni har xil bo‘lar, har bir hududning alohida chempioni e'lon qilinardi.

Qayd etish joiz, turnir yakunida avvaldan kutilganidek bir necha jamoaning ochkolari teng kelib qoldi. 7 ochkodan jamg‘argan «Tottenhem», «Borussiya D.» hamda «Inter» klublari urilgan va o‘tkazib yuborilgan gollar nisbatiga muvofiq ravishda «sovrinli» o‘rinlarni band etishdi.

Turnirning eng muvaffaqiyatsiz jamoasi «Barselona» bo‘ldi. Kataloniyaliklar «Roma» va «Milan»ga imkoniyatni boy berib, «Tottenhem» bilan bahsda penaltilar seriyasiga ko‘ra yutqazishdi. Musobaqa tartibiga ko‘ra, futbol lotereyasidagi mag‘lubiyat uchun jamoalarga 1 ochko berilgan.

Endilikda «Tottenhem» Xalqaro Chempionlar kubogida g‘olib bo‘lgan «Real», «Manchester Yunayted», «Barselona» va «PSJ» (2 marta) klublari qatoridan o‘rin oldi.

Mavzuga oid