O‘zbekiston | 14:40 / 17.08.2018
29168
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Tojikiston strategik sherik davlatlarga aylandi

Ko‘ksaroyda bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon o‘rtasida davlatlararo strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma imzolandi. Bu haqda «Kun.uz» manbasi xabar bergan.

O‘zbekiston Respublikasi bilan Tojikiston Respublikasi o‘rtasida Strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnomada uzoq muddatli va barqaror sheriklik munosabatlari o‘rnatish maqsadi, o‘zaro hamkorlikning strategik yo‘nalishlari belgilangan.

Prezidentlar o‘rtasida qo‘shma bayonot ham imzolangan.

Shuningdek, sanoat, standartlash va sertifikatlash, chegaradan o‘tkazish, ta'lim hujjatlarini tan olish, geodeziya va geologiya, qishloq xo‘jaligi, madaniyat va boshqa sohalardagi hamkorlikka doir 27 ta hujjat imzolandi. Jumladan, Surxondaryo viloyati bilan Xatlon viloyati, Samarqand viloyati bilan So‘g‘d viloyati o‘rtasida savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy-gumanitar hamkorlik to‘g‘risida bitimlar qabul qilindi.

Quyidagi sohalarda muhim hujjatlar imzolagan:

1) Ikki davlat Kasaba uyushmalari Federatsiyalari o‘rtasida;
2) Milliy teleradiokompaniyalar o‘rtasida;
3) O‘zA Milliy axborot agentligi va «Hovar» Milliy axborot agentligi o‘rtasida;
4) Surxondaryo viloyati va Xatlon viloyatlari o‘rtasida;
5) Samarqand viloyati va So‘g‘d viloyatlari o‘rtasida;
6) Fanlar akademiyalari o‘rtasida;
7) Din ishlari qo‘mitalari o‘rtasida;
8) O‘simlik karantini sohasida ikki davlat vakolatli organlari o‘rtasida;
9) Madaniyat vazirliklari o‘rtasida;
10) Adliya vazirliklari o‘rtasida;
11) O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi va Tojikiston Yoshlar va sport ishlari qo‘mitasi o‘rtasida;
12) O‘zbekiston Davlat boshqaruvi akademiyasi va Tojikiston Davlat xizmatlari agentligi o‘rtasida;
13) Geodeziya, xaritasozlik va kadastr qo‘mitalari o‘rtasida;
14) Harbiy texnikalar masalasida ikki davlat vakolatli organlari o‘rtasida;
15) Hukumatlararo ta'lim hujjatlarini tan olish va pedagoglarning malakasini oshirishda hamkorlik qilish masalasida oliy ta'lim vazirliklari o‘rtasida;
16) Qishloq texnologiyalari yig‘ishda hamkorlik masalasida  ikki davlat vakolatli organlari o‘rtasida;
17) Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida (davlat chegaralari, elchixonalarga yer ajratish, chegara postlaridan o‘tish va boshqa masalalar bo‘yicha);
18) Metrologiya va standartlashtirish, iste'molchilar huquqini himoya qilish hamda boshqa masalalar yuzasidan ikki davlat Bosh vazir o‘rinbosarlari o‘rtasida.

Davlat rahbarlari bo‘lib o‘tgan muzokaralar va erishilgan kelishuvlardan mamnunligini, Strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma ular orasida alohida ahamiyatga ega ekanini ta'kidlagan.

«O‘zbekiston va Tojikiston munosabatlaridagi katta o‘zgarishlar haqida ko‘p gapirish mumkin. Lekin eng muhim yutuq – amaliy ishlarimiz millionlab odamlarga naf keltirayotgani, ularning qalbida iliqlik uyg‘otayotganidir. Biz bundan buyon ham xalqlarimiz do‘stligining buzilmas ko‘prigini har tomonlama mustahkamlashga harakat qilamiz», deya Shavkat Mirziyoyevning so‘zlarini keltirgan prezident matbuot xizmati. 

Tojikiston Prezidentining davlat tashrifi davom etmoqda.

Mavzuga oid