Jamiyat | 18:00 / 20.08.2018
99778
3 daqiqa o‘qiladi

Ka'baning kaliti kimda saqlanishini bilasizmi?

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Nuriymon Abulhasan Makkai munavvarada Ka'batulloh kalitdorlari bo‘lgan sahobiy Usmon Ibn Tolha avlodlarining uyida mehmon bo‘ldi.

Buyuk sahobiy avlodlari uy muzeyida Ka'batullohning qadimgi va bugungi kundagi kalitlari, turli asrlardan saqlanib qolgan ka'bapo‘sht parchalari, Ka'bani ta'mirlash vaqtida uning ostidan topilgan qadimiy tarixiy ashyolar, yozuvlar va xazinalar saqlanadi.

«Ushbu oila vakillari bilan uchrashuv ilmiy mazmunga boy, juda qiziqarli o‘tdi. Uchrashuvda sahobiy Usmon ibn Tolha avlodlari Imom Buxoriy yurtini ziyorat qilish va Hazrati Imom majmuasidagi Usmon Mus'hafini ko‘rish orzusida ekanliklarini aytdilar.

Hojilarimiz buyuk ibodatlarini chiroyli ado qilib, yurtimizga mabrur haj bilan sog‘-salomat qaytishlari, yurtimizda din va xalq manfaati yo‘lida bo‘layotgan islohotlar bardavomligini tilab duolar qilishdi», deya xabar beradi «Kun.uz» manbasi.

Nuriymon Abulhasan sahobiy Usmon ibn Tolha avlodlarini O‘zbekistonga taklif qilgan va navbatdagi uchrashuv yaqin kelajakda O‘zbekistonda bo‘lishiga kelishib olishgan.

Ibrohim alayhissalom Ka'bani qurganidan keyin, uning nazoratini o‘g‘illari Ismoil alayhissalomga topshiradi. Ka'baning kaliti dastlab Ismoil alayhissalom, so‘ngra uning avlodlarida bo‘ldi. Keyinroq kalitni Ismoil alayhissalom avlodlaridan Yamanning Jurhum qabilasi, so‘ngra Jurhumdan Xuzoa qabilasi tortib oldi. Bundan 16 asr oldin Qusay ibn Kilob Xuzoa qabilasi ustidan g‘alaba qozonib, kalitni Qurayshga - Ismoil avlodlariga qaytargan.

Rasululloh (s.a.v) nasablari quyidagicha: Muhammad ibn Abdulloh ibn Abulmuttolib ibn Hoshim ibn Abdul Manaf ibn Qusay ibn Kilob. Binobarin, Qusay ibn Kilob Rasululllohning to‘rtinchi bobolari hisoblanadi.

Qusay ibn Kilob o‘limidan keyin Ka'ba hojibligi (kalitdorlik) katta o‘g‘il Abduddorga meros qoldi. Shu bilan Ka'ba hojibligi rasululloh (s.a.v) Makkani fath qilib, islom nurini muqaddas diyorga qaytargunicha, Qurayshning Bani Abduddor oilasida bo‘ldi. Bu oilaning rahbari Usmon ibn Tolha Makka fathidan oldinroq Xolid ibn Valid bilan hijrat qilib, islomga kirgan edi. Makka fath etilgan kunda rasululloh Usmon ibn Abu Tolhani oldiiga chorlab: «Ey Abu Tolha o‘g‘illari, hojiblikni - kalitdorlikni avloddan-avlodga abadiy meros o‘laroq olinglar, uni sizlardan faqat zolimgina tortib oladi», deydi. Shunday qilib, Ka'ba kalitdorligi ba'zi qisqa uzilishlarni hisobga olmaganda, 1400 yil davomida Usmon ibn Tolha avlodlari qo‘llarida saqlanadi.

Mavzuga oid