Jahon | 16:18 / 21.08.2018
11185
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Germaniyaga Uchinchi reyxning so‘nggi natsistini deportatsiya qildi

Foto: Reuters

Amerika Qo‘shma Shtatlari natsistlar konslageri sobiq qo‘riqchisi, AQSh hududida yashovchi, Uchinchi reyxning so‘nggi mashhur jinoyatchilaridan biri 95 yoshli Yakov Paliyni Germaniyaga deportatsiya qildi. Bu haqda Associated Press xabar bermoqda.

Xabar qilinishicha, 1943 yilda Paliy Polsha hududidagi natsistlarning «Travniki» konsentratsion lagerida qo‘riqchi bo‘lib xizmat qilgan, u yerda minglab odamlar o‘ldirilgan.

1949 yilda u Qo‘shma Shtatlarga kelib, o‘tmishini yashirgan. Sakkiz yil o‘tgach, u Amerika fuqaroligini oldi va Qo‘shma Shtatlar hududida yashab, ishlashni davom ettirdi.

Natsistlar rejimi jinoyatchilarini qidirish bilan shug‘ullangan amerikalik tergovchilar dastlab 90-yillarning boshida Paliy bilan qiziqib qolishgan. 1993 yilda tergovchilar u bilan uchrashishdi. Kontslagerning sobiq qo‘riqchisi viza olish uchun o‘tmishi haqida yolg‘on gapirganini ma'lum qildi, ammo faqat 2001 yildagina konsentratsion lagerda ishlaganini to‘liq tan oldi.

Ikki yil o‘tgach uning fuqaroligi bekor qilindi, uni deportatsiya qilish ehtiyoji yuzaga keldi. Shunga qaramay, hech bir davlat Paliyni o‘zida qabul qilishni xohlamagan va shuning uchun u Nyu-Yorkda yana 15 yil yashagan.

Agentlikning qayd etishicha, erkakning Germaniyadagi taqdiri hozircha noma'lum bo‘lib qolyapti.

Mavzuga oid