Jamiyat | 23:31 / 21.08.2018
27400
5 daqiqa o‘qiladi

Toyloqning Tuyoqli qishlog‘i chindan ham unutilganmi?

KUN.UZ tahririyatiga Samarqand viloyati Toyloq tumanining Tuyoqli qishlog‘i fuqarosidan murojaat kelib tushdi.

«Men Samarqand viloyati Toyloq tumani Do‘stlik mahallasi Tuyoqli qishlog‘ida yashayman. Daryo bo‘yida yashaymiz. Gaz balonlari vaqtida to‘ldirilmaydi. Qishlog‘imizda ichimlik suvi ham muammo. Svet yaxshi yonayotgganiga 5 oy ham bo‘lmadi. Qarzlaring bor, deb ko‘pchilikdan pul undirishdi. Keyin yana o‘sha «eski hammom — eski tos». 1968 yilda o‘rnatilgan transformator har hafta buziladi.

Sizlardan iltimos, bizni ham eshitadiganlar bormikan, yordam bering. Unutilgan Tuyoqli degan qishloq borligini ham mutasaddilar bilishsin», —  deb yozilgan murojaatnomada.

Murojaatchi aytganidek, haqiqatan ham bu qishloq unutilganmi? Shu savolga javob topish va qishloqdagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvol, aholining yashash sharoiti bilan tanishish maqsadida ushbu murojaatni joyiga borib o‘rgandik.

Tuyoqli qishlog‘i Toyloq tumanining chekka hududida, Zarafshon daryosiga yaqin joylashgan. «Do‘stlik» mahallasi tarkibida bo‘lgan ushbu qishloqda 600 ga yaqin aholi istiqomat qiladi.

Qishloq aholisini qiynayotgan masalalardan biri bu tuman markaziga transport qatnovining yo‘qligidir. Fuqarolarning ta'kidlashicha, faqat bozor bo‘ladigan kunlari (payshanba-juma) «Damas» va boshqa avtotransport vositalari qatnaydi. Qolgan kunlari bu muammoga aylanadi. Sababi, katta ko‘chadan qishloqqa kirish uchun ancha masofada bor. Bu masofani bosib o‘tishga hammada ham shaxsiy avtoulov yo‘q. Xullas, amallashadi.

Tuyoqli qishlog‘i daryo yaqinida joylashganligi sababli daryodan olingan shag‘al, qum va tosh bilan to‘ldirilgan yuk mashinalari shu qishloq ichidan o‘tadi. Qishloq aholisining qiynayotgan asosiy muammolardan biri shu. Boisi, yuk mashinalar qatnovi kechayu-kunduz tinmaydi. Kechasi aholining tinchi buzilsa, kunduzi shag‘al to‘kib qo‘yilgan yo‘ldan yuk mashinalari tufayli ko‘tarilgan chang xonadonlarga yopiriladi.

Qishloqda haqiqatan ham elektr energiyasi muammosi mavjud. 1968 yilda o‘rnatilgan transformatorda quvvatidan oshiq ulanishlar bor. Shu tufayli transformator tez-tez buzilib turadi. Aholining o‘zi uning ta'miri uchun pul yig‘adi.

Aholini ichimlik suv muammosi ham qiynab kelmoqda. Qishloq o‘rtasida artezian kavlanib, «bashnya» o‘rnatilgan. Shu yerdan ichimlik suv xonadonlarga tashiladi. Qish va yog‘ingarchilik kunlari bu yumush fuqarolarga bir qator qiyinchiliklar tug‘diradi.

Qishloqda 35-maktabning filiali joylashgan. 50-60 nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan maktabda 4-sinfgacha ta'lim beriladi. Bir qavatli maktab binosi ma'nan eskirgan, ta'mirtalab. Yaqinda boshlanadigan o‘quv yili munosabati bilan haminqadar ta'mirlab qo‘yilgan. Maktab hovlisida o‘quvchilar uchun birorta o‘yin yoki sport maydonchasi yo‘q. Ichimlik suvi maktab qorovulinikidan tashib ichiladi.

—  Nafaqat maktabda, balki umuman qishlog‘imizda birorta sport maydonchasi, stadion ham yo‘q, —  deydi shu qishloqda istiqomat qiluvchi F.Karimov. —  Qishlog‘imiz yoshlari bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishga umuman sharoit yo‘q.

Haqiqatan ham qishloqda o‘yingohlar yo‘q, birorta savdo do‘koni, oshxona, dorixona, bog‘cha yoki boshqa ijtimoiy obektlarni uchratmaysiz.

Qishloq fuqarolari aytishicha, bu yuqoridagi muammolar yuzasidan hokimlik va boshqa mas'ul idoralarga ko‘p bora murojaat qilishgan. Ammo natija bo‘lmagan. Faqatgina yaqinda suyultirilgan gaz muammosi hal etilgan.

Murojaatchi aytganidek, bu qishloqni umuman unutilgan, deyish noo‘rin. Ammo muammolar yo‘q emas. Ularning barchasi tuman mutasaddilarining ozgina e'tibori bilan yechimini topadigan masalalardir.

Tuman mutasaddilari qishloqdagi ushbu muammolar yechimiga ham e'tibor qaratishiga umid qilamiz. Aks holda, qishloq aholisi «bizning qishlog‘imiz unutilgan ekan-da», degan o‘yda yuraverishadi.

G‘olib ABDUSALOMOV.

Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid