Davlat xaridlarini o‘tkazuvchi ixtisoslashgan tashkilotlar to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligining 2018 yil 20 avgustdagi 3057-sonli buyrug‘iga muvofiq "Davlat xaridlarini o‘tkazish bo‘yicha xizmatlarni ko‘rsatish huquqiga ega bo‘lgan ixtisoslashgan tashkilotlar to‘g‘risida"gi nizom tasdiqlandi.
Ixtisoslashgan tashkilot - davlat buyurtmachisi topshirig‘iga ko‘ra, tovarlar, ishlar, xizmatlar davlat xaridini o‘tkazishni tashkil etish xizmatini shartnoma asosida pullik ravishda ko‘rsatish huquqiga ega bo‘lgan, ushbu Nizom talablariga muvofiq keluvchi yuridik shaxs.
Ixtisoslashgan tashkilotlar quyidagi davlat xaridlari bo‘yicha xizmatlarni ko‘rsatishi mumkin:
- rivojlantirish davlat dasturlarini, Prezident farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Hukumat qarorlarida nazarda tutilgan loyihalarni, shuningdek davlat buyurtmachilarining xo‘jalik faoliyatini ro‘yobga chiqarishda amalga oshiriladigan xizmatlar;
- O‘zbekiston Respublikasining byudjyet tizimi byudjyetlari va boshqa davlat maqsadli jamg‘armalari, Prezident va Hukumat tomonidan donor mamlakatlar, xalqaro, hukumatga qarashli bo‘lgan va qarashli bo‘lmagan chet el tashkilotlari bilan tuzilgan shartnomalar doirasida taqdim etiladigan chet el grantlari hamda O‘zbekiston Respublikasining kafolati ostida jalb etiladigan chet el kreditlari hisobidan moliyalashtiriladigan xizmatlar.
Ixtisoslashgan tashkilotlar qanday talablarga javob berishi kerak?
- O‘zbekiston Respublikasida o‘rnatilgan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan yuridik shaxs bo‘lishi;
- ixtisoslashgan tashkilotning ta'sischisi davlat xaridi sub'yekti bo‘lmasligi;
- soliq imtiyozlarini taqdim etuvchi va ma'lumotlarni to‘liq ochishni va bank nazoratiga ma'lumotlarni (offshor hudud) taqdim etishni ko‘zda tutmagan, shuningdek yakuniy davlatlar va hududlarda ro‘yxatdan o‘tmagan ixtisoslashgan tashkilot ta'sischilari safida bo‘lmasligi;
- shtatida xizmat ko‘rsatish bo‘yicha amaliy tajribaga ega bo‘lgan bir nafardan kam bo‘lmagan xodimga ega bo‘lishi;
- maxsus axborot portaliga ulanish imkonini ta'minlovchi dasturiy texnik qurilmaga ega bo‘lishi.
Ixtisoslashgan tashkilot qanday xizmatlarni ko‘rsatadi?
- tovar (ish, xizmat)ning boshlang‘ich narxini aniqlaydi, qonun hujjatlarida belgilangan holatlar bundan mustasno;
- marketing va boshqa tadqiqotlarni o‘tkazadi;
- reklama ishlarini tashkillashtiradi;
- xarid tartib-taomillar o‘tkazilishi to‘g‘risida xabarnomalarni, e'lon matnlarini va xarid hujjatlarini rasmiylashtiradi;
- qonun hujjatlariga muvofiq xarid tartib-taomili shartlari va talablari, xarid tartib-taomili bo‘yicha tushuntirish matnlarini tayyorlaydi;
- davlat buyurtmachisiga xarid tartib-taomili turlari bo‘yicha taklif beradi;
- davlat buyurtmachisining yozma murojaatiga ko‘ra, qonun hujjatlariga asosan davlat xaridlari tartibi va muddatlari to‘g‘risida maxsus axborot portalga ma'lumot joylashtiradi;
- xarid tartib-taomili ishtirokchilari g‘oliblari bilan imzolanadigan shartnomalar loyihalarini tayyorlaydi;
- davlat buyurtmachisining yozma murojaatiga asosan maxsus axborot portali va boshqa ommaviy axborot vositalarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan davlat xaridlari to‘g‘risidagi e'lonlarni moliya manbalari mavjud bo‘lgan holda joylashtiradi;
- xarid tartib-taomili ishtirokchilariga takliflarning amal qilish muddatlarini aniq bir muddatga uzaytirish to‘g‘risidagi taklif bilan murojaat etadi;
- tanlov va tender komissiyasi yig‘ilish bayonlarini rasmiylashtiradi;
- xarid tartib-taomili yakunlari bo‘yicha hisobotlarni shakllantiradi;
- xarid tartib-taomilida ishtirok etishga taklifnomalar yuborilishini ta'minlaydi;
- xarid tartib-taomilini tashkil etishda ishtirok etadi.
Ta'kidlash joizki, Nizomga muvofiq, ixtisoslashgan tashkilot o‘zi tashkilotchi bo‘lgan xarid qilish tartib-taomili ishtirokchisi sifatida qatnasha olmaydi.
Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
Mavzuga oid
21:33 / 08.01.2019
Soliq qarzini plastik kartalardan so‘zsiz undirish tartibi to‘g‘risidagi Nizom qayta ko‘rib chiqiladi
23:58 / 15.10.2018
"Bugun barchamiz tadbirkormiz": Mark Tsukerbergning biznes qoidalari
18:35 / 03.06.2018
Velosipedda harakatlanish qoidalarini bilasizmi?
15:24 / 04.02.2018