O‘zbekiston | 17:06 / 30.08.2018
9348
4 daqiqa o‘qiladi

Foyda solig‘i bo‘yicha hisobot shakllariga o‘zgartirishlar kiritildi

Foto: KUN.UZ

Moliya vazirligi va DSQning qarori bilan soliq hisobotining shakllariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
 
Norma’ning yozishicha, yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i bo‘yicha barcha hisobot shakllaridan obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig‘iga taalluqli ko‘rsatkichlar chiqarib tashlandi. Eslatib o‘tamiz, 2018 yil 1 yanvardan e'tiboran ushbu soliqlar bitta foyda solig‘iga birlashtirilgan.
 
Soliq solinadigan baza va foyda solig‘i summasi ikkita summa bilan aks ettiriladi:

• 2018 yil I choragi uchun alohida;
• qolgan summa.
 
Bu I chorakda soliq bo‘yicha quyidagi imtiyozlar amal qilgani bilan bog‘liq, ular II chorakdan boshlab bekor qilingan:

• yuridik shaxsdan olinib, uning ustav kapitaliga yo‘naltirilgan dividendlar bo‘yicha;
• mahalliylashtirish loyihalari bo‘yicha;
• eksport qiluvchi korxonalar uchun soliq stavkasini pasaytirish bo‘yicha.
 
9 va 12-ilovalar faqat 2018 yil I choragi uchun to‘ldiriladi va butun soliq davri mobaynida o‘zgartirishsiz qoldiriladi.
 
Foyda solig‘i hisob-kitobiga 3-ilova (ilgari – 2-ilova) «Chegirilmaydigan xarajatlar»ga o‘zgartirish kiritildi, sababi ilgari chegirilmaydigan deb hisoblangan soliq to‘lovchining ayrim xarajatlari 2018 yil 1 yanvardan boshlab chegiriladiganlar sirasiga kiritildi. Masalan:

• yordamchi xo‘jaliklar tomonidan ishlab chiqariladigan va soliq to‘lovchining umumiy ovqatlanish ehtiyojlari uchun beriladigan tovarlar bo‘yicha narxdagi farqlar (zararlar);
• xo‘jalik boshqaruvi organini saqlash uchun ajratmalar;
• birgina hisobot davrida bir martadan ortiq o‘tkaziladigan yillik moliyaviy hisobot auditini o‘tkazish xarajatlari;
• soliq to‘lovchi faoliyatida talabgir bo‘lmagan kasblar bo‘yicha kadrlarni tayyorlash xarajatlari;
• pensiyaga chiqayotgan mehnat faxriylariga bir yo‘la to‘lanadigan nafaqalar;
• ishlab chiqarish jarayoni bilan bog‘liq bo‘lmagan salomatlikni muhofaza qilish va dam olishni tashkil etish tadbirlariga xarajatlar;
• shaharlar va posyolkalarni obodonlashtirish ishlarini bajarishga xarajatlar;
• to‘liq eskirgan, foydalanishda bo‘lgan asbob-uskuna uchun to‘lov;
• ishonchli boshqaruvchi xizmatlari qiymatiga haq to‘lash xarajatlari.
 
Foyda solig‘i hisob-kitobiga yangi 14-ilova – «Yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘ining qo‘shimcha summasining hisob-kitob-ma'lumotnomasi» qo‘shimcha qilindi. Uni asosiy faoliyat turi avtomobil transportida yuk tashish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish hisoblangan yuridik shaxslar to‘ldiradi.   
 
Eslatib o‘tamiz, 2018 yilning 1 yanvaridan boshlab, soliq solish tizimidan qat'i nazar, bitta transport vositasiga hisoblaganda ushbu korxonalar tomonidan to‘lanayotgan soliqlar va maqsadli davlat jamg‘armalariga majburiy ajratmalarning jami miqdori yakka tartibdagi tadbirkorlar ushbu faoliyat turi bo‘yicha to‘layotgan qat'iy belgilangan soliq miqdoridan kam bo‘lmasligi kerak.
 
Hujjat 20.08.2018 yildan kuchga kirdi.

Mavzuga oid