Jamiyat | 09:02 / 01.09.2018
45985
6 daqiqa o‘qiladi

Video: Avtomobillar savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar haqida ma'lumot berildi 

Avtomobilsozlik sanoati mamlakat iqtisodiyotida muhim o‘rin tutadi. Lekin, o‘tgan yillar davomida ishlab chiqarish va eksport hajmi kamayib, tarmoqning barcha darajadagi boshqaruvida korrupsiya, tovlamachilik, tanish-bilishchilik kabi illatlar tomir otib ketgani sohaning rivojiga jiddiy to‘siq bo‘lib kelgan. Xususan, mahsulot yillar davomida o‘z tushumidan past qiymatda eksportga sotilgan. O‘z navbatida, tannarxni pasaytirish bo‘yicha aytarli ishlar qilinmagan. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Multimediya markazi lavhasida aytiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, uning hududiy bo‘limlari tomonidan 2018 yilning o‘tgan davri davomida avtotransport vositalarini avtosalonlardan noqonuniy ravishda olib chiqib berish, rasmiylashtirish bilan bog‘liq korrupsiya, firibgarlik, mansab vakolatini suiiste'mol qilish kabi holatlar bo‘yicha jami 45ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Aniqlangan ushbu jinoyat ishlari hududlar kesimida ko‘riladigan bo‘lsa, Qashqadaryo, Namangan, Sirdaryo, Jizzax viloyatlarida 1tadan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy, Surxondaryo, Toshkent viloyatlarida 2tadan, Andijon va Xorazm viloyatlarida 3ta, Farg‘onada 4ta, Toshkent shahrida 11ta, Buxoro viloyatida 12ta shunday holatlar ro‘y bergani kuzatiladi.

Raqamlardan anglash mumkinki, bu boradagi qing‘irliklarda buxorolik va poytaxtlik qo‘shtirnoq ichidagi “shovvozlar” yetakchilik qilmoqda.

2018 yil 17 may kuni Departamentning Buxoro shahar bo‘limi xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkaziladi. Fuqaro Suhrob Barotov tomonidan Umida Bo‘stonovaga Buxoro shahridagi avtosalonlardan yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali “Captiva” rusumli avtomashinani tez orada olib beraman, deya va'da beriladi. Xizmat evaziga esa Suhrob Barotov 1500 AQSh dollarini olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan jinoyat ustida ushlanadi. 

Ana shunday yana bir firibgarlik holatiga departamentning Xorazm viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan chek qo‘yildi.

Xonqa tumani Ahillik mahallasida yashovchi fuqaroning qilgan murojaatida ko‘rsatilishicha, Urganch shahrida yashovchi, “Xorazmavtosavdo” MChJda ishlaydigan Azamat ismli shaxs “Damas” rusumli avtomashina sotib olish shartnomasi uchun undan 1100 AQSh dollari talab qilgan. Fuqaroning arizasi yuzasidan 2018 yil 25 avgust kuni tezkor tadbir o‘tkazildi. Unda fuqaro Azamat Yusupov firibgarlik yo‘li bilan 1100 AQSh dollarini olgan vaziyatda ashyoviy dalillar bilan ushlandi. 

Departamentning Toshkent shahar Shayxontohur tuman bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa, Chilonzor tumanida joylashgan “Avtotexxizmat” MChJ muhandisi Zohidov tanishlari orqali fuqaro Asanovaga Yunusobod tumanida joylashgan “Humo” avtosalonidan “Lasetti Jyentra” rusumidagi avtomashinani sotib olib berishni va'da qilib, evaziga 900 AQSh dollarini 17-shahar klinik shifoxonasi oldida olayotgan paytda qo‘lga olindi. Lekin Zohidov o‘z ko‘rsatmasida bu mablag‘ning 700 AQSh dollarini “Avtotexxizmat” ekspeditori Nazarovga berishini ma'lum qildi. Shunga muvofiq o‘tkazilgan tezkor harakatlar davomida Nazarov Zohidovdan ushbu mablag‘ni olayotgan vaqtda departament xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.

Yana bir firibgarlik holati Departamentning Farg‘ona shahar bo‘limi xodimlari va ichki ishlar vakillari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fosh etildi. Gap shundaki, marg‘ilonlik Oripov va Dadaboyev hamda andijonlik Baltabayevlar Andijon shahridagi «Bobur» MChJ avtosalonining Saliyev bilan o‘zaro til biriktirib, fuqaro Parmanovaga “Neksiya-3” rusumli avtomashinani navbatsiz, bir kun muddat ichida sotib olib berishni va'da qilishadi. Evaziga talab qilingan 700 AQSh dollarini o‘sha avtosalon oldida olishayotgan paytda qo‘lga olinadi.

Shuningdek, fuqaro Arziyevning murojaatiga asosan, Departamentning Sirdaryo viloyat boshqarmasi xodimlari va ichki ishlar vakillari hamkorligida joriy yilning 22 may kuni tezkor tadbir o‘tkazildi. “Sirdaryoavtotexxizmat” MChJ ijro intizomi va ish yuritish bo‘yicha mutaxassisi Uralov va boshqalar oldindan til biriktirib, firibgarlik, ya'ni ishonchni suiiste'mol qilish yo‘li bilan o‘zganing mulkini qo‘lga kiritish maqsadida fuqaro Arziyevga Toshkent shahrida joylashgan avtosalonlardan tanishlari orqali “Spark” rusumli avtomashinani sotib olish uchun shartnoma olib berishni va'da qilib, evaziga 500 AQSh dollari talab qiladi. Tezkor tadbir davomida Uralov kimyoviy ishlov berilgan 500 AQSh dollarini o‘z xizmat xonasida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Tahlillarga ko‘ra, firibgarlar tomonidan noqonuniy yo‘l bilan sotib olinmoqchi bo‘lgan avtomobillar reytingida, ommabop hisoblangan “Neksiya”, o‘zining tashish hajmi va kengligi bilan “Damas” yetakchilik qilmoqda. Keyingi o‘rinlarda biroz qimmatroq “Lasetti” va “Captiva”. Bundan tashqari, “Kobalt” va “Spark”. Shuningdek, boshqa markadagi avtomobillar. 

Yuqorida keltirilgan firibgarlarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.

Mavzuga oid