O‘zbekiston | 16:23 / 04.09.2018
76110
5 daqiqa o‘qiladi

“Chikago” o‘zbek-amerika assotsiatsiyasi: AQShdagi o‘zbeklar hayotiga yaqindan nazar

AQShga safarimiz chog‘ida turli manzillarda bo‘ldik. Ulardan biri “Chikago” o‘zbek-amerika assotsiatsiyasidir. Okean ortida yashovchi vatandoshlarimiz tomonidan asos solingan tashkilot faoliyati bilan yaqindan tanishishni istadik.

Mazkur tashkilot Amerikadagi o‘zbek vatandoshlarini birlashtirgan. Tashkilot asrlardan asrlarga o‘tib kelayotgan o‘zbek urf-odatlari, qadriyatlari va ona-tilini asrab qolishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. AQShdagi o‘zbek oilalarida vatanga hurmat va fidoyilikni targ‘ib qilishlari quvonarli hol. Safar chog‘ida assotsiatsiya prezidenti Olim Sharipovdan ham intervyu oldik.

- Avvalambor, sizlarni mana shu yerga tashrif buyurishingiz biz uchun quvonchli hodisa bo‘ldi. Chikagodagi o‘zbek-amerika assotsiatsiyasi 2009 yilning yanvaridan boshlab o‘z faoliyatini olib bormoqda. Bu yerda bir kishi bor. U kishi AQShda 1979 yildan buyon istiqomat qiladi. Millati o‘zbek. Ismlari Sirojiddin Nasafiy. Tashkilot mana shu insonning tashabbusi bilan dunyo yuzini ko‘rdi. Hozir u kishining yoshlari 70dan oshdi. U kishi juda vatanparvar zot. Shu sababmi, doim bizga: “O‘zbekliklaringni, tillaringni, dinlaringni yo‘qotmanglar. Siz yo‘qotmasligingiz mumkin, ammo farzandlaringiz yo‘qotishi mumkin”, deb nasihat qiladilar.

Biz assotsiatsiya faoliyatini olti bo‘limga bo‘lgan holda bajaryapmiz. Birinchisi madaniyat bo‘limi bo‘lib, uning faoliyatiga turli festivallar, Navro‘z, O‘zbekiston mustaqilligi bayrami, ikkita Hayit bayrami va shunga o‘xshash tantanalarni o‘tkazish kiradi. Ikkinchi bo‘limimiz millatlararo aloqalar bo‘limidir. Bundan tashqari, sport, xotin-qizlar, ta'lim-tarbiya bo‘limlari ham faoliyat yuritib keladi.

Assotsiatsiyani AQSh hukumati qaydidan o‘tkazish uncha qiyin bo‘lmadi. O‘zimizning qonun-qoidalarimizni tuzib chiqdik. Huquqshunos yordam berdi, juda oson bo‘ldi. Biz hech qanday soliq to‘lamaymiz, ulardan ozodmiz. Biroq davlat tomonidan moddiy ko‘mak ham ko‘rsatilmaydi. Biz tashkilot a'zolari va xayrixoh insonlarning homiyligi asosida ish olib boryapmiz.

Olim Sharipov bugungi O‘zbekiston hayoti, olib borilayotgan siyosatga o‘z munosabatini bildirar ekan, jumladan, shunday dedi:

- Xabaringiz bor, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQShga tashrif buyurganlarida u yerlik o‘zbekistonliklar bilan ko‘rishgan edilar. Ular orasida men ham bor edim. O‘sha uchrashuvda u kishi “Qanday qilsak aloqalarimiz yanada yaxshilanadi?”, deb savol berdilar. Shunda o‘z takliflarimning ba'zilarini aytdim, ba'zilarini aytishga esa vaqt yetmadi.

“O‘zbekistonda millatlararo munosabatlar va chet eldagi vatandoshlar bilan hamkorlik” degan tashkilot bor. Ular bilan bizning hamkorligimiz bor. Joriy yil hamkorlikda farzandlarimizni O‘zbekistondagi oromgohga olib bormoqchi edik. Ular “O‘zbekiston havo yo‘llari” avikompaniyasi bilan arzon chiptalar masalasida kelisha olishmadi shekilli, bu ish amalga oshmay qoldi. Keyingi yil mana shu rejamiz amalga oshishidan umidvormiz, chunki ota-onalarni ishontirish oson ish emas.

Bu har tomonlama foyda. Chunki farzandlarimiz O‘zbekistonni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rsa, vatanga bo‘lgan muhabbatlari yanada oshadi. Ertaga mana shu yerda katta-katta ishlarda ishlaganlarida O‘zbekistonga ham qaysidir ma'noda yordam berishadi. Buning uchun Vatan bilan borish-kelishni yo‘lga qo‘yish zarur.

Vatanning qadri undan chiqqaningdan so‘ng bilinar ekan. Men bu yerda Juma namoziga chiqqanda boshimga o‘zbek do‘ppisini kiyib boraman. Nima uchun? Bitta o‘zbek uchrab qolsa, meni oson topib olsin uchun. Nyu-Yorkda bo‘lgan teraktdan xabaringiz bor. O‘zbek millati vakili tomonidan amalga oshirildi. Shundan so‘ng, taksiga chiqqan mijozlar o‘zbek haydovchisining mashinasidan tushib ketadigan bo‘lishdi. Chunki, “O‘zbek yomon ekan”,- degan nafrat paydo bo‘lib qoldi odamlarda. Bizning eng katta niyatlarimizdan biri ham, mana shunday yomon tushunchani yaxshi tushunchaga aylantirish.  

Olim Sharipov bilan bo‘lib o‘tgan suhbat juda maroqli, qiziqarli bo‘ldi. Suhbatdoshimiz “Chikago” o‘zbek-amerika assotsiatsiyasining kelajakdagi ishlari haqida ham so‘zlab berdi. Bundan tashqari, O‘zbekistonning yanada taraqqiy etishi uchun nimalar qilish kerakligi mavzusida ham o‘z fikr-mulohazalarini bildirib o‘tdi.     

Mavzuga oid