Jahon | 16:50 / 05.09.2018
16593
3 daqiqa o‘qiladi

Skripallarga suiqasd uyushtirgan rossiyaliklar nomi ma'lum qilindi

Foto: Hannah Mckay / Reuters

Buyuk Britaniya Rossiya razvedka boshqarmasi sobiq polkovnigi Sergey Skripal va uning qizi Yuliyaning Solsberida zaharlanishi bo‘yicha gumonlanuvchilar nomlarini ma'lum qildi. Bu haqda Reuters agentligi xabar bermoqda.

Britaniyalik prokurorlar ma'lumotiga ko‘ra ushbu ishda aybdorlar — rossiyalik Aleksandr Petrov va Ruslan Boshirovdir. Ular to‘xtagan mehmonxonada asab tizimini falajlovchi «Novichok» moddasi izlari topilgan. Agentlikning yozishicha, ushbu shaxslarni hibsga olish uchun Yevropa orderi berilgan.

Ikki erkakning yoshi ham 40 yosh atrofida bo‘lib, politsiya ma'lumotiga ko‘ra, ular 2 mart kuni mamlakatga haqiqiy pasportlarda kirishgan, 2 kun o‘tib Rossiyaga boshqa nomlar bilan qaytishgan.

Britaniya politsiyasi Petrov va Boshirovni ekstraditsiya qilishni talab etmaydi, konstitutsiyaga ko‘ra Rossiya o‘z fuqarolarini topshirmaydi.

Avgust oyi boshida rasmiy London Moskvaga gumonlanuvchilar bo‘yicha so‘rov yubormoqchi ekani haqida xabar berilgandi. O‘shanda bir necha oy davomida yuzlab politsiyachilar hamda maxsus xizmatlar vakillari ishtirokida sinchiklab o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida Skripallarga ikki nafar rossiyalik tomonidan hujum qilingani aniqlangani ma'lum qilingandi.

Buyuk Britaniyaning Solsberi shahrida 4 mart kuni Britaniya foydasiga ishlagan sobiq josus Sergey Skripal va uning qizi Yuliya behush holda topildi. Buyuk Britaniya hukumati bu suiqasd ortida Rossiya turganini ma'lum qilib, Moskvadan izoh so‘radi. Rossiya tomoni esa bu so‘rovni e'tiborsiz qoldirdi, shundan keyin, 14 mart kuni Buyuk Britaniya bosh vaziri Tereza Mey 23 nafar rossiyalik diplomat chiqarib yuborilishini e'lon qildi. Rossiya bunga javoban Buyuk Britaniyaning 23 nafar diplomatini vataniga qaytardi. Bir necha kun o‘tib esa Rossiyani YeI elchisi tark etdi.

Mavzuga oid