Sport | 07:51 / 10.09.2018
5849
2 daqiqa o‘qiladi

Jokovich US Open-2018’ning 3 karra g‘olibiga aylandi

Foto: Timothy A. Clary / Getty Images

Serbiyalik tennischi Novak Jokovich “Katta dubulg‘a” seriyasiga kiruvchi AQSh ochiq chempionati – US Open-2018’ning finalida argentinalik Xuan Martin del Potroni mag‘lub etdi.

Musobaqaning erkaklar o‘rtasidagi hal qiluvchi bahsi Jokovich foydasiga 6:3, 7:6 (7:4), 6:3 hisobida yakunlandi. Uchrashuv 3 soat 15 daqiqa davom etgan.
 
Shu tariqa, Jokovich “Katta dubulg‘a”ga kiruvchi musobaqalarning 14 karra, jumladan AQSh ochiq chempionatining 3 karra (2011, 2015) g‘olibiga aylandi. 

Jokovich va del Potro uchun bu uchrashuv ularning rasmiy musobaqalardagi o‘zaro 19-uchrashuvi bo‘ldi. Shaxsiy bahslarda hisob Jokovich foydasiga 15-4 ko‘rinishda.
 
Musobaqaning mukofot jamg‘armasi rekord darajadagi 53 mln dollarni tashkil qilgan. Bu qiymat 2013 yildagiga nisbatan 57 foizga oshgan. Bundan Jokovichga 3,8 mln dollar tekkan. 

1973 yildan boshlab erkak va ayol tennischilar ushbu musobaqada bir xil miqdordagi mukofot puli oladilar.

Mavzuga oid