Jahon | 20:25 / 12.09.2018
9499
2 daqiqa o‘qiladi

Buyuk Britaniya Rossiyaning yolg‘onlaridan zada bo‘lganini bildirdi

Foto: Reuters

Rossiya Buyuk Britaniyaning Skripallar ishi bo‘yicha haqiqatni aniqlashga urinishlariga hamisha yolg‘on bilan javob qaytargan. Bu haqda Britaniya bosh vaziri Tereza Meyning vakili so‘zlariga tayanib Reuters xabar bermoqda.

«Bu erkaklar (Skripallarni zaharlaganlar) — Rossiya harbiy razvedkasi, GRUning xodimlari. Hukumat GRUning roli, uning tezkor xodimlari va ish uslubini fosh qildi va ittifoqchilarimiz bizning nuqtai nazarimizni qo‘llab-quvvatladi», — dedi u. Uning so‘zlariga ko‘ra, Britaniya Solsberida yuz bergan hodisa yuzasidan ko‘p marta ma'lumot so‘ragan, ammo javob sifatida har safar yolg‘on ma'lumot olgan va vaziyat hozir ham o‘zgargani yo‘q.

12 sentabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rossiya hukumati Skripallarni zaharlashda gumon qilinayotganlarni topganini bildirdi.

«Biz ularning kimligini bilamiz, ularni topdik. Ular tez orada ko‘rinish berishadi va o‘zlari hamma narsani aytib berishadi deb umid qilaman, ular oddiy fuqarolar. Bu yerda hech qanday jinoiy holat yo‘q», — dedi u Sharqiy iqtisodiy forum sessiyasida.

O‘tgan haftada, 5 sentabr kuni Buyuk Britaniya hukumati Sergey va Yuliya Skripalning zaharlanishida mamlakatga Aleksandr Petrov va Ruslan Boshirov nomlari bilan kelgan «Razvedka Boshqarmasi xodimlari»ni ayblab chiqqandi. 

Shundan so‘ng Mey suiqasdga katta ehtimol bilan Kreml tomonidan ruxsat berilgani haqida bayonot berdi. Moskva o‘z navbatida bu ayblovni rad etdi.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid