O‘zbekiston | 01:22 / 13.09.2018
5158
5 daqiqa o‘qiladi

Adliya vazirligining yangi loyihalarida ishtirok eting va xorijga sayohatga qiling

Adliya vazirligi tomonidan  fuqarolarning huquqiy ongi va madaniyatini oshirishga qaratilgan qator loyihalarning taqdimoti o‘tkazildi. O‘zbekistonda aholi huquqiy savodxonligini oshirishga mas'ul tashkilot hisoblangan Adliya vazirligi bu borada qator tadbirlarni o‘tkazib kelmoqda va bu ishlarni amalga oshirish uchun da'vat bilan birga rag‘bat usulini ham yo‘lga qo‘ygan.

Xususan, huquqiy nigilizmga qarshi kurashish, fuqarolarning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan hisoblanadi. Aholi o‘rtasida o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovnomalar, huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish natijalari hamda Adliya vazirligining ishonch telefonlariga bir kunda kelib tushayotgan 1000 dan ortiq murojaatlar ham bu yo‘nalishda qilinishi kerak bo‘lgan ishlar ko‘pligini ko‘rsatmoqda. Shulardan kelib chiqib, Adliya vazirligi qator loyihalarni tayyorladi. Vazirlikning Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi KUN.UZ'ga shu haqida xabar berdi.

Foto: Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Birinchidan, vazirlik aholi orasida huquqiy savodxonlik darajasini o‘rganish uchun maxsus sotsiologik tadqiqotlar va so‘rovlar o‘tkazdi. Tadqiqot natijalariga tayangan holda huquqshunos, pedagog, psixolog va sotsiolog mutaxassislar tomonidan fuqarolarning huquqiy bilimlari uchun minimal talablar ishlab chiqildi.

Foto: Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Ikkinchidan, jahon tajribalarini o‘rganib, mahalliy qonunchilik amaliyotiga tayangan holda huquqiy testlar tayyorlandi. Maxsus sayt yordamida fuqarolarga doimiy ravishda yangilanib turadigan savollar bazasidan test savollariga javob berish orqali huquqiy bilim ko‘rsatkichini aniqlash imkoni beriladi. O‘zbekistonda hozirda yagona bo‘lgan ushbu saytda 1000ga yaqin huquqiy testlar jamlangan.

Foto: Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Uchinchidan, fuqarolar tomonidan eng ko‘p beriladigan huquqiy mavzudagi savollar asosida maxsus huquqiy qo‘llanma tayyorlandi. Ushbu qo‘llanma oila davrasida huquqiy savodxonlikni oshirishga mo‘ljallangan bo‘lib, unda fuqarolik, mulk, yer, uy-joy, mehnat, ta'lim, soliq va oila qonunchiligiga doir muhim tushunchalar ochib berilgan.

Qo‘llanma 300 000 nusxada chop etilib, xonadonlarga bepul tarqatiladi.

To‘rtinchidan, vazirlik “Huquqni bilish foydali” shiori ostida huquqiy savodxonlikni rag‘batlantiradi. Shu maqsadda maxsus tanlov tashkil etildi. Uning birinchi bosqichida @huquqiyaxborot telegram kanali orqali huquqiy mavzudagi savollar berib boriladi. Ushbu saralash bosqichidan o‘tgan ishtirokchilar ikkinchi bosqichda onlayn testlarga javob beradilar. Yuqori natijalarga erishgan ishtirokchilar uchinchi bosqichda suhbatdan o‘tadilar. G‘oliblarni xorijga sayohatga va stajirovkaga yuborish, shuningdek boshqa qimmatbaho sovg‘alar bilan rag‘batlantirish ko‘zda tutilgan.

Foto: Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Beshinchidan, Adliya vazirligi bukletlar va flayerlar kabi targ‘ibotning an'anaviy usullarini yangicha mazmunda qo‘lladi. Flayerlarda ma'lumotlar shunchaki matn shaklida emas, test shaklida taqdim etildi. Undagi savollarga javob berib, fuqaro o‘z huquqiy bilimini sinash bilan bir qatorda, yangi ma'lumotlarni ham oladi. Tarqatma materiallar aholi gavjum joylarda tarqatiladi va “Street-law” loyihasining bir qismi sanaladi.

Foto: Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Loyihalar taqdimotiga bag‘ishlangan tadbirda so‘zga chiqqanlar vazirlik huquqiy targ‘ibotda da'vat emas, rag‘bat usulini tanlagan holda aholining huquqiy mavzularga bo‘lgan qiziqishini oshirishning turli usullarini izlashda davom etishini bildirdi. Bunda ular yurtimizdagi OAV bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash lozimligini ta'kidlashdi hamda jurnalistlarning taqdimoti o‘tkazilgan loyihalar bo‘yicha qiziqtirgan savollariga javob berishdi.

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid