UzCard hamon ishlamayapti. Millionlab o‘zbekistonliklar xarid qobiliyatidan mahrumligicha qolmoqda
16 sentabr, soat 12:30 holatiga ko‘ra, UzCard banklararo to‘lov tizimi ishdan chiqqanligicha qolmoqda. Tizim serverlarida 15 sentabr kuni soat 18:52da jiddiy xato yuzaga kelgandi va bu muammo 18 soatga yaqin vaqt o‘tib ham bartaraf etilmadi.
Ikkinchi kundirki, savdo shoxobchalari terminal bo‘yicha to‘lovlarni qabul qilmay qo‘ygan, kartochka orqali onlayn tovar va xizmatlarni sotib olish, PayMe yoki Click orqali ham to‘lov qilishning imkoni bo‘lmayapti. Bu holat esa o‘z-o‘zidan O‘zbekistondagi savdolarga jiddiy ta'sir ko‘rsatmoqda.
Ayni vaqtda muammo sababi aytilmayapti, muammo qachon yechilib, plastik kartalar ishlay boshlashi haqida hech qanday rasmiy ma'lumot berilmayapti.
Ijtimoiy tarmoqda bu sohadagi monopoliya keskin norozilik uyg‘otmoqda.
Ma'lumot uchun, UzCard tizimi Yagona umumrespublika protsessing markaziga tegishli bo‘lib, mamlakatning barcha banklari so‘m plastik kartalari faoliyatini boshqaradi.
UzCard tizimida 15 sentabr kuni soat 18:52dan boshlab nosozliklar kuzatilmoqda - POS, E-POS terminallar va ATM qurilmalar protsessing markazi bilan ulana olmayapti, shu sabab plastik karta egalari to‘lovlarni amalga oshira olishmayapti.
UzCard yuzaga kelgan «vaqtinchalik noqulayliklar» uchun uzr so‘rab, kompaniya mutaxassislari nosozliklarni bartaraf etish uchun qo‘lidan kelgan barcha choralarni ishga solayotganini ma'lum qilgandi.
Statistik ma'lumotlarga ko‘ra, 2018 yil 1 sentabr holatiga ko‘ra, muomaladagi bank plastik kartalari soni - 18 million 26 ming 562ta, terminallar soni 243 ming 236ta, bankomat va infokiosklar soni esa 6279tani tashkil etgan. 2018 yil yanvar-avgust oylari davomida to‘lov terminallari orqali tushgan tushumlar 39 trln 278 mlrd so‘mdan ortiq bo‘lgan. Bir kunda respublika bo‘yicha o‘rtacha 164 mlrd.so‘m terminal tushumlari amalga oshiriladi.
Mavzuga oid
17:18 / 14.11.2024
Elektromobil bozorini qisish uchun oxirgi bir yilda nimalar qilindi?
20:33 / 13.11.2024
«O‘zbekiston temiryo‘llari» 1 dekabrdan yuk tashish tariflarining vagon qismini 30 foizga oshiradi
08:08 / 07.11.2024
Monopoliyaga qarshi organ roziligisiz davlat ishtirokidagi korxona tashkil etilgan 4 ta holat aniqlandi
14:06 / 26.10.2024