Jahon | 11:04 / 17.09.2018
17601
2 daqiqa o‘qiladi

«Skripallar ishi» bo‘yicha yana ikki gumondor paydo bo‘ldi 

Foto: Russia Today

Britaniya maxsus xizmatlari «Skripallar ishi» bo‘yicha yana ikki gumondorni qidirmoqda. Bu haqda The Mirror nomini oshkor etishni istamagan manbaga tayanib xabar berdi.  

Uning so‘zlariga ko‘ra, ikki gumondor Solsberida Aleksandr Petrov va Ruslan Boshirov bilan uchrashishgan.

Nashrning xabar berishicha, ulardan biri elchixona xodimi bo‘lgan (qaysi mamlakat elchixonasi ekanligi aytilmagan). Ikkinchi gumondor esa vrach bo‘lib, The Mirror’ning ta'kidlashicha, u Petrov va Boshirov «operatsiyani barbod qilmasliklari va o‘zlari zaharlanib qolmasliklarini» nazorat qilib turgan.

Eslatib o‘tamiz, sentabr oyi boshida Britaniya politsiyasi Rossiya Razvedka boshqarmasining sobiq xodimi Sergey Skripal hamda uning qizi Yuliya Skripalni zaharlashda gumon qilib, Aleksandr Petrov va Ruslan Boshirovning suratlarini tarqatdi.  
Buyuk Britaniya bosh vaziri Tereza Mey 5 sentabr kuni parlamentga murojaatida britan maxsus xizmatlari Petrov va Boshirov Rossiya Razvedka boshqarmasi xodimlari ekanini aniqlaganini ma'lum qildi.

Rossiya hukumati Skripalning zaharlanishiga aloqadorligini qat'iyan rad etib kelmoqda.

12 sentabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin jonli efirda Rossiya hukumati Aleksandr Petrov va Ruslan Boshirov haqida ma'lumotlarga egaligini aytib, ulardan OAV orqali chiqish qilishni so‘radi.

Ular 13 sentabr kuniyoq Russia Today orqali efirga chiqishdi. Intervyuda ular mart oyi boshida Buyuk Britaniyada bo‘lishgani, Skripal zaharlangan kunda Solsberiga borishganini tan olishdi va shu bilan birgalikda suiqasdga aloqadorliklarini rad etib, bularning barchasi tasodif ekanini ta'kidlashdi.

Ular o‘zlarini fitnes biznesi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar sifatida ko‘rsatishdi, lekin o‘zlari haqida boshqa ma'lumotlarni oshkor etishmadi.

Mavzuga oid