Sport | 15:47 / 19.09.2018
40875
13 daqiqa o‘qiladi

Ronalduning Ispaniyaga qaytishi, «Real» to‘rtinchi toj sari. YeChLda ikkinchi kun

Bugun Yevropada Chempionlar ligasining ikkinchi kun o‘yinlari o‘tkaziladi. Muxlislarni yana 4ta guruhda 8ta to‘qnashuv kutmoqda.

Ye GURUHI

Bu guruh g‘olibi haqidagi savollar qur'a kuniyoq ma'lum bo‘lib ulgurgan, desak u qadar mubolag‘a bo‘lmasa kerak. Shu tomondan, ikkinchi favorit sifatida baholanayotgan «Benfika»ga qarshi o‘yin aynan birinchi turda bo‘layotgani muxlislar uchun yaxshi. Bu o‘yin nemislarga guruh bosqichi oson bo‘ladimi yoki juda oson bo‘ladimi belgilab beradi. Tabiiyki, hali birorta ham ochkosi bo‘lmagan paytda Kovach jamoasi uchrashuvga jiddiy yondashadi. Guruhdagi 2-o‘rin uchun kurashda ustunlikka ega bo‘lish uchun esa, «Bavariya» bilan o‘yinlarda olinadigan ochkolar muhim ahamiyat kasb etishi tabiiy. Faqatgina bu o‘yinda odatiy sharoitda jamoalarning asosiy tarkibida maydonga tushishi mumkin bo‘lgan kamida 5-6 futbolchi jarohatda ekani biroz xafa qiladi.

Yuqoridagi abzatsdagi fikrni sal rivojlantirsak, bu guruh taqvimi «Ayaks»ga omadli keldi, deb ayta olamiz. Gap shundaki, niderlandiyaliklar «Bavariya» bilan uy o‘yinini so‘nggi turda o‘tkazadi. Katta ehtimol bilan 5 turdan so‘ng nemislar guruh masalasini hal qilib qo‘ygan bo‘lishlari ehtimoli katta. So‘nggi turdagi o‘yinda bu nuqtai nazardan «Ayaks»ga osonroq bo‘lishi, rejalashtirilmagan ochkolarni qo‘lga kiritishi mumkin. Agar bu hisobga olinsa, «Ayaks» pley-off uchun «Benfika» bilan jiddiy kurashib ko‘rsa kerak.

Buning uchun dastlabki turlarni g‘alaba bilan boshlash muhim. Jamoa Erdiviziyadagi so‘nggi 5 o‘yinda 15 gol urdi va atigi 1 marotaba gol o‘tkazib yubordi. Ayniqsa, Xuntelar ikkinchi yoshligini boshdan kechirmoqda, deyish mumkin. Raqib ham u qadar kuchsizga o‘xshamaydi, AYeK milliy chempionatda yo‘qotishsiz borayotgani ham o‘yin qiziqarli kechishiga dalolat qilmoqda. Bu o‘yinga haddan ortiqroq e'tibor berilayotganining sababi esa, uchrashuv asosiy o‘yinlardan oldinroq, soat 22.00da bo‘lib o‘tadi. 

«Ayaks» - «AYeK»
19 sentabr. Amsterdam. «Yohan Kriuff Arena» stadioni. 21.55 (Match Futbol 1)
Yo‘qotishlar: Bande, Veltman, Dolberg (barchasi – jarohat tufayli), Sinkgraven (so‘roq ostida) – Bakasetas, Livaya, Elder Lopesh (barchasi – diskvalifikatsiya), Boyye (jarohat tufayli)
Hakam: Del Serro Grande (Ispaniya).

«Benfika» - «Bavariya»
19 sentabr. Lissabon. «Da Lush» stadioni. 23.55 (Match Igra)
Yo‘qotishlar: Korshya (jarohat), Jonas, Krovinovich, Salvio, Feysa (barchasi so‘roq ostida) – Koman, Rafinya, Tolisso (barchasi – jarohat), Goretska, Xummels (ikkalasi – so‘roq ostida)
Hakam: 
Mateu Laos (Ispaniya).
 

F GURUHI

Qatorasiga ikkinchi yil «Manchester Siti» Ukraina chempioni bilan bir guruhga tushmoqda. Yuqorida aytilgan taqvim ustunligidan, esingizda bo‘lsa, «Shaxtyor» foydalanib qolgandi. Ukrainaliklar so‘nggi turda «Manchester Siti»ni mag‘lub etib, «Napoli»ni guruh bosqichida qoldirib ketishgandi. Ammo bu safar unday sharoit yo‘q, «Shaxtyor» guruh favoriti bilan eng noqulay payt – uchinchi va to‘rtinchi turlarda ro‘baru keladi.

«Manchester Siti» Angliyada biroz «Liverpul» soyasida qolayotgandek tuyulmoqda va bu bir tomondan Pep Gvardiola uchun yaxshidir ham. Jamoa hali ham juda kuchli, hali ham oson gol urmoqda, yirik hisoblarda g‘alaba qozonmoqda. Hammasi mukammal bo‘lib, kutilmaganda, «aysberg»ga uchrash xavfi ham yo‘q – hammasi mukammal emas, Sane yoki Sterling bilan bo‘lganidek ichki nizolar (bu bu muammolar hal qilinmoqda, Sanening qaytishi bilan gol urgani yorqin misol), hozircha o‘yinga jiddiy ta'sir ko‘rsatmaydigan jarohatlar (De Bryuyne) bo‘lib turibdi. Ya'ni ishlash uchun, yechish uchun muammolar yetarli va Gvardiola uchun bu juda qulay sharoit.

Xullas, inglizlarning guruhda qandaydir kutilmagan omadsizlikka uchraydi, deb taxmin qilish juda qiyin. Ikkinchi yo‘llanma uchun esa, har uch jamoa ham teng imkoniyatga ega bo‘lsa kerak. «Hoffenhaym» tarkibida juda ko‘p jarohatlar yig‘ilib qolgani Bundesligadagi o‘yinlarga ham salbiy ta'sir qilmoqda. Xuddi shu omil «Hoffenhaym»ning raqiblarga nisbatan imkoniyatini biroz pasaytirishi mumkin. Asosiy tarkibning qariyb yarmi Chempionlar Ligasi uchrashuvida yordam bera olmasligi jiddiy yo‘qotish.

«Men yana «Etihad»daman, tanish holat. Men bu safar boshqa libosdaman, lekin vazifam o‘zgarmaydi – «Siti»ni mag‘lubiyatga uchratish» – so‘nggi mavsumlardagi «Lion»ning eng sermahsul o‘yinchisi Memfis Depayning bu so‘zlari, hech bo‘lmasa, uni personal kuzatish uchun ham o‘yinga e'tibor berish istagini uyg‘otadi.

«Manchester Siti» - «Lion»
19 sentabr.Manchester «Etihad» stadioni. 21.55 (Match Nash Sport 1)
Yo‘qotishlar: Bravo, De Bryuyne, Mangala (barchasi –jarohat), Aguero, Danilo, Mendi (barchasi - so‘roq ostida) – Guyri (jarohat), Marsal (so‘roq ostida)
Hakam: Orsato (Italiya)

«Shaxtyor» - «Hoffenhaym»
19 sentabr.Xarkov. «Metallist» stadioni. 21.55 (Match Futbol 3)
Yo‘qotishlar: Ordets (diskvalifikatsiya), Malishev, Tankovskiy (ikkalasi – so‘roq ostida) – Aklobuma, Adams, Amiri, Gayger, Dembiray, Rupp, Xyubner (barchasi – jarohat)
Hakam: Kexlet (Daniya)
 

G GURUHI

Ikki yil oldin «Real» va «Roma» Chempionlar Ligasi pley-offda raqib bo‘lishgan va har ikki o‘yin madridliklarning 2:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangandi. Yaqinda esa, xuddi oldindan bilgandek, mavsumoldi yig‘inlarida bu ikki jamoa o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushishdi. Dastlabki 15 daqiqada ispaniyaliklar hisobni tanish ko‘rinishga olib kelishgach, o‘yin oxirlarida, tarkiblar butunlay almashib bo‘lgach, Kevin Strotman hisobni qisqartirgandi. 

«Real» «Roma» bilan o‘tgan safar YeChLning finalida to‘qnashishi mumkin edi. Ammo «Liverpul» bunga yo‘l qo‘ymadi va Madrid – Rim qarama-qarshiligi sentabrga ko‘chdi. Aslida vaziyat u qadar prinsipial bo‘lmasligi hm mumkin, chunki guruhdagi ikkinchi juftlik – «Viktoriya» va TsSKA favoritlarga yetarli qarshilik ko‘rsata olmasliklari taxmin qilinmoqda. Ammo bu gaplarga ham hali erta, yuqorida aytilganidek, hozircha hech kimda ochko yo‘q.

«Roma» A Seriyadagi so‘nggi uchrashuvda 2:0 hisobdagi g‘alabani qo‘ldan chiqargani ham bundan dalolat – demak «Roma» o‘sha o‘yindayoq Madrid haqida o‘ylay boshlagan va o‘z diqqatini yo‘qotgan.  

Armiyachilar ham «Real»ga begona emas. TsSKA oxirgi marta besh yil oldin pley-offga chiqqan va o‘shanda aynan «Qirollik klubi» Slutskiy shogirdlarini turnirdan chiqarib yuborgandi. Rossiyaliklar shuningdek, «Roma» va «Viktoriya» bilan ham so‘nggi  yillarda Chempionlar Ligasida to‘qnash kelib ulgurishdi.

TsSKA turnirni juda noqulay ahvolda boshlamoqda. Tarkibdan 5-6 futbolchi jarohat olishgan, ulardan faqat Xosonov va Kuchayev yaqin kunlarda tarkibga qaytishi mumkin xolos. Chexiyadagi o‘yin oldidan rasman 7 futbolchi jarohat tufayli tarkibdan chetda qoldi.

«Real» - «Roma»
19 sentabr.Madrid «Santyago Bernabeu» stadioni. 23.55 (Match Futbol 1)
Yo‘qotishlar: Valexo (jarohat) – Pastore (so‘roq ostida)
Hakam: Kaypers(Niderlandiya)

«Viktoriya Plzen» - TsSKA
19 sentabr.Plzen. «Dusan Arena» stadioni. 23.55 (Match TV)
Yo‘qotishlar: Prokazka (so‘roq ostida) – Bistrovich, Vasin, Kuchayev, Magnuson, Makarov, Xosonov, Ernandes (barchasi – jarohat)
Hakam: Basten (Fransiya)
 

N GURUHI

Agar barcha guruhlar ikki kunga ajratilganini e'tiborga olsak, o‘yinlari bugun o‘tkaziladigan guruhlar ichida eng e'tiborlisi aynan shu guruh bo‘lsa kerak. Chunki bu yerda yaqqol favorit plyus boshqalar emas, keyingi bosqichga chiqishni jiddiy maqsad qilgan uch jamoa bor va ulardan biri pley-offga chiqa olmaydi. Aynan shu guruhda uch nafar «kuchli to‘rtlik» liga jamoalari yig‘ilgan. Demak har turda e'tiborli uchrashuv bo‘lishi aniq.

Dastlabki turda markaziy uchrashuv Valensiyada bo‘lib o‘tadi. Ispanlar ichki chempionatni u qadar kuchli boshlamagan bo‘lishsa-da, tanaffusdan so‘ng Chempionlar Ligasiga qaytish «Mestalya»da o‘zgacha muhitni hosil qilishi aniq. Pley-off uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri raqiblar duch kelishi esa, o‘yin intrigasini ham oshiradi.

Krishtianu Ronalduning A Seriyadagi ilk golini salkam bir oy kutishimizga to‘g‘ri keldi. Portugaliyalik hujumchi «Yuventus»ga ko‘proq YeChL uchun, aprel oylarida kerak bo‘lishini aytib, bu omadsiz bir oyga u qadar e'tibor bermaganlar ham bo‘ldi. Qizig‘i, aynan YeChLdagi ilk o‘yin oldidan Ronaldu Italiyada ham gol urdi va «Yuventus» safidagi rasmiy gollari hisobini ochdi. Endi esa, u yana Ispaniyaga qaytmoqda.

«Manchester Yunayted» va Shveytsariya munosabati ham o‘ziga xos, uchrashuvning odatiy bo‘lmasligi mumkinligiga ishora qilgandek. Sababi, «qizil iblislar»ning Shveytsariyadagi so‘nggi ikki o‘yini ham mag‘lubiyat bilan tugagan. Har ikki safar ijrochi rolida «Bazel» jamoasi bo‘lgan. O‘tgan yilgi o‘yin inglizlar uchun deyarli hal bo‘lgan pallada bo‘lgani uchun e'tiborga arzimas, ammo 2011 yildagi guruh bosqichining so‘nggi turi Fergyuson uchun og‘riqli yakun topgandi. «Bazel»ning 2:1 hisobidagi g‘alabasi «MYu»ni guruhda qoldirib ketgandi.

Manchester klubiga faqat statistika emas, boshqa jihatlar ham xalaqit beradi. Masalan, «Yang Boyz» to‘p suradigan maydon sun'iy qoplama bilan qoplangan. Bunday maydonda o‘ynash o‘ynamagan jamoalar uchun noqulaylik tug‘dirishi shubhasiz. Mourinoning jamoa sardori Antonio Valensiyani Shveytsariyaga olib ketmaganining sababi ham shu – murabbiyning aytishicha, futbolchining tizzasidan jarohat olishidan qo‘rqishgan. Uning o‘rniga balki, yozgi xaridlardan biri Diyegu Dalot maydonga tushishi mumkin.

«Yang Boyz» - «Manchester Yunayted»
19 sentabr.Bern «Stad De Suis» stadioni. 23.55 (Match Futbol 2, 02.00 da yozib olingan holda)
Yo‘qotishlar: Vyutrix, Layper, Lotomba, Teysheyra   (barchasi so‘roq ostida) – Jons, Roho, Errera (barchasi – jarohat) Dalot (so‘roq ostida)
Hakam: Aytekin (Germaniya).

«Valensiya» - «Yuventus»
19 sentabr.Valensiya. «Mestalya» stadioni. 23.55 (Match Futbol 2)
Yo‘qotishlar: Kondogbiya (jarohat), Garay, Koklen (so‘roq ostida) – Bartsali, De Shilo (so‘roq ostida)
Hakam: Brix (Germaniya).

Mavzuga oid