Jahon | 08:19 / 20.09.2018
10892
3 daqiqa o‘qiladi

Shimoliy va Janubiy Koreya sammiti bo‘yicha nimalarga kelishildi

Shimoliy Koreya va Janubiy Koreya yetakchilari Kim Chen In va Mun Chje In ishtirokidagi Koreyalararo sammiti natijalariga ko‘ra qo‘shma bayonot qabul qilindi.

Foto: REUTERS / HANDOUT

Harbiy sohadagi kelishuv

Tomonlar harbiy sohada Koreya yarimorolini yadroviysizlashtirish bo‘yicha qo‘yiladigan qadamlar, 80 kmlik tinchlik zonasini yaratish, qurollangan to‘qnashuvlarning oldini olish uchun zarur choralar qabul qilishga kelishib olishdi.  

Shuningdek, ikki davlat qurolsizlashtirilgan hudud yaqinida yirik ko‘lamli artilleriya mashg‘ulotlari va harbiy parvozlar o‘tkazmaslikka kelishib olgan. Bu haqdagi hujjat ikki davlat mudofaa vazirlari tomonidan imzolangan. 

KXDR va Janubiy Koreya qurolsizlashtirilgan hududdan harbiylarni olib chiqish va Pxanmundjom chegaraoldi punkti personalini qurolsizlantirishga qaror qildi. Shuningdek, Pxenyan Tonchxannida buziladigan raketa poligoniga xalqaro kuzatuvchilar kelishiga ruxsat beradi.

Yagona Olimpiada 

Ikki Koreya yetakchici Tokioda o‘tadigan 2020 yilgi yozgi Olimpiadaga yagona jamoa yuborishga, 2032 yilgi Olimpiadani birgalikda o‘tkazish bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib oldi.

“Janub va Shimol xalqaro musobaqalarda yagona jamoa bo‘lib ishtirok etishga hamda 2032 yilgi Olimpiadani birgalikda o‘tkazish uchun hamkorlik qilishga qaror qilishdi”, deb aytilgan qo‘shma bayonotda.

Temir yo‘l va avtomobil yo‘llarini birlashtirish

Qo‘shma bayonotning yana bir muhim bandlaridan biri joriy yildayoq ikki davlat temir yo‘l va avtomobil yo‘llarini birlashtirish bo‘yicha ishlarni boshlash haqidagi kelishuv bo‘ldi.

Foto: REUTERS / KCNA

Kim Chen Inning Seulga tashrifi 

Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In yaqin orada Seulga tashrif buyurishga va'da bergan. Bu ham qo‘shma bayonotda mustahkamlab qo‘yildi.

Agar bu yuz bersa, bu tashrif Shimoliy Koreya yetakchisining Janubiy Koreyaga ilk tashrifi bo‘ladi.

Ikki yetakchining bayonotini dunyoning ko‘plab siyosatchilari qo‘llab-quvvatlashgan. Jumladan, AQSh prezidenti Donald Tramp Shimoliy Koreyaning Pxenyandagi sammit natijalariga ko‘ra bergan bayonotidan juda ruhlanganini aytgan.

Foto: REUTERS / HANDOUT

Mavzuga oid