O‘zbekiston | 17:08 / 25.09.2018
11071
7 daqiqa o‘qiladi

Sudyalarga pensiyaga doir imtiyozlar berish taklif etildi

Foto: Fotolia

Oliy sud Sudyalarni pensiya bilan ta'minlash shartlari, normalari va tartibi to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqdi. Loyiha qonun hujjatlari ta'sirini baholash tizimi portalida muhokama qilinmoqda.
 
«Fuqarolarning davlat pensiya ta'minoti to‘g‘risida»gi Qonunning 5-moddasida aytilishicha, sudyalarni va ularning oila a'zolarini pensiya bilan ta'minlashning boshqa shartlari, normalari va tartibi nazarda tutilishi mumkin. Amalda yanada imtiyozli qoidalarni qo‘llashga ruxsat beriladi. Bu ularni umumiy tartibda pensiya ta'minotiga bo‘lgan huquqdan mahrum etmaydi, albatta, deb yozadi Norma.
 
Oliy sud ishlab chiqqan loyihaning muhim jihatlariga to‘xtalib o‘tamiz.
 
Pensiyaga chiqish uchun yosh va staj
 
Taklif etilayotgan Nizomga muvofiq sudyalar quyidagi pensiyalarni olishga haqli bo‘ladilar:
 
a) yoshga doir – sudya sifatida kamida 15 yillik ish stajiga ega bo‘lganda erkaklar 60 yoshga va ayollar 55 yoshga to‘lganda (oddiy tartibda erkaklarga 25 yil, ayollarga esa 20 yil staj talab etiladi – tahr.);
 
b) nogironlik – sudya sifatidagi ish stajidan qat'i nazar mehnatda mayiblanish oqibatida I yoki II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar (oddiy tartibda ham staj ahamiyatga ega emas – tahr.);
 
v) umumiy kasallik tufayli nogironlik – nogironlik boshlangan paytga qadar sudya sifatida quyidagi ish stajiga ega I yoki II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar:

g) boquvchisini yo‘qotganlik – vafot etgan boquvchining qaramog‘ida bo‘lgan mehnatga qobiliyatsiz oila a'zolari. Quyidagilar oilaning mehnatga qobiliyatsiz a'zolari hisoblanadilar:
 
• bolalar, aka-ukalar, opa-singillar va nabiralar 16 yoshga to‘lmagan bo‘lsa yoki 16 yoshdan katta bo‘lsa ham 16 yoshga to‘lmasdan nogiron bo‘lib qolgan bo‘lsalar. Bunda aka-ukalar, opa-singillar va nabiralarning mehnatga qobiliyatli ota-onasi bo‘lmasa;
• ota, ona, o‘gay ota, o‘gay ona, xotin, er, basharti, ular pensiya yoshiga to‘lgan (erkaklar – 60 yoshga to‘lganda va ish stajlari kamida 25 yil bo‘lgan taqdirda; ayollar – 55 yoshga to‘lganda va ish stajlari kamida 20 yil bo‘lgan taqdirda) yoki nogiron bo‘lsalar;
• yoshidan va mehnat qobiliyatidan qat'i nazar, ota va onadan biri yoki er (xotin) yoxud buva, buvi, aka-uka yoki opa-singil, agar u vafot etgan boquvchining bolalari, aka-ukalari, opa-singillari yoki nabiralarini, ishlovchilarga bolaga qarash uchun ish haqi saqlanmagan ta'tilda bo‘lish huquqini beradigan yoshga to‘lgunga qadar boqish bilan mashg‘ul bo‘lsa va ishlamasa;
• buva va buvi – agar qonunga muvofiq ularni boqishi shart bo‘lgan kishilar bo‘lmasa.
 
Shuni qayd etib o‘tamizki, quyidagi hollarda sudya lavozimidan boshqa ishga o‘tkazilgan shaxslarning ham yoshi va ish staji yuqorida ko‘rsatilgan tartibdagidek qo‘shib hisoblanadi:
 
• Prezident yoki Hukumat qarorlari bilan;
• sudya Qonunchilik palatasi deputati yoki Oliy Majlis Senati a'zosi etib saylanganda (tayinlanganda);
• O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi a'zosi sifatida tayinlanganda.
 
Sudya sifatida pensiya tayinlash huquqini beruvchi ish stajiga ish haqi saqlanmaydigan ta'tilda bo‘lish davrlari qo‘shib hisoblanmaydi.
 
Pensiyani hisoblash qoidalari
 
Pensiya miqdori har bir aniq holatda uning tayanch miqdori va ustama haqlardan kelib chiqib hisoblanadi. Hisoblash qoidalari jadvalda ko‘rsatilgan:

Loyihada taklif etilgan pensiyalarga ustama haqlarni tayinlash tartibi umumbelgilangan tartibdan jiddiy farq qilmaydi.
 
Sudyalarga pensiya tayinlash va to‘lash uchun kim mas'ul?
 
Nizomga muvofiq quyidagilar pensiya tayinlash bilan shug‘ullanadi:
 
• Konstitutsiyaviy sud – Konstitutsiyaviy sudning sudyasi bo‘lib ishlagan shaxslarga;
• Oliy sud huzuridagi Sudlar faoliyatini ta'minlash departamenti – Oliy sud sudyasi, shuningdek 2017 yil 1 iyungacha Oliy xo‘jalik sudi sudyasi, doimiy asosda faoliyat yurituvchi Sudyalar oliy kengashi a'zolari, shuningdek sudlarda (2017 yil 1 iyungacha umumiy yurisdiksiya va xo‘jalik sudlarida) ishlagan sudyalarga.
 
Keyingi faoliyat turidan qat'i nazar, 15 yil sudya sifatida ishlagan, umumiy asoslarda pensiya tayinlangan shaxslarga Nizomga muvofiq pensiyani qayta hisoblash huquqini berish rejalashtirilmoqda. Bunda oxirgi sudyalik lavozimidan kelib chiqib va Nizom kuchga kirgan kundagi sudyaning tegishli lavozimi bo‘yicha ish haqini hisobga olib, qayta hisob-kitob amalga oshiriladi.
 
Pensiya tayinlash uchun komissiyalar tuziladi. Komissiya pensiya tayinlash to‘g‘risida ariza boshqa zarur hujjatlar bilan birga kelib tushganidan e'tiboran 10 kun muddatda tegishli qaror (pensiya tayinlash, pensiya tayinlashni rad etish, taqdim etilgan hujjatlarning asosliligini tekshirish haqida va b.) qabul qiladi.
 
Ushbu Nizomga va Qonunga muvofiq bir vaqtning o‘zida pensiya olish huquqiga ega bo‘lgan shaxsga uning tanloviga ko‘ra pensiyaning bitta turi tayinlanadi.
 
Pensionerga sudyaning pensiya guvohnomasi beriladi, u rasmiy hujjat hisoblanadi.
 
Hujjat loyihasida quyidagilar ham qayd etilgan:

• pensiyalarni tayinlash uchun taqdim etiladigan hujjatlar;
• pensiyalarni tayinlash uchun ish stajini hisoblab chiqarish va tasdiqlash tartibi;
• pensiyalarni tayinlash tartibi;
• pensiyaning bir turidan boshqa turiga o‘tkazish tartibi;
• pensiyalarni qayta hisoblash tartibi;
• pensiyalarni to‘lash tartibi;
• pensiyalar hisobini yuritish va saqlash tartibi.
 
Loyiha rad etilishi, o‘zgartirilishi yoki unga qo‘shimcha kiritilishi mumkin.

Mavzuga oid