Samarqand viloyat gaz idorasidagi janjal: majlisda nimalar bo‘lgan edi?
Samarqand viloyatining gaz ta'minoti bo‘yicha bosh idorasi — «O‘zbekneftgaz» AJning «O‘ztransgaz» AJ Samarqand viloyati bo‘yicha gaz ta'minoti hududiy filialidan tarqalgan audioyozuv ayrim ommaviy axborot vositalarida e'lon qilindi.
Unda viloyat filiali boshlig‘i o‘rinbosari Akbar Bahriyevning yig‘ilishda ayrim xodimlarni haqoratlagani, unga javoban ham haqoratlar yog‘dirilgani aks etgan.
«Kun.uz» ushbu hodisa yuzasidan jurnalistik surishtiruv o‘tkazdi va mazkur voqeaga asos bo‘lgan vaziyatni o‘rgandi. Mazkur surishtiruvda barcha tomonni eshitishga, ular aytmoqchi bo‘lgan gaplarni olib chiqishga harakat qildik.
O‘zi nima voqea ro‘y bergan edi?
Shu kuni (5 sentabrda) «O‘ztransgaz» AJ Samarqand viloyati bo‘yicha gaz ta'minoti hududiy filialida bo‘lim boshliqlari va xodimlar ishtirokida filial rahbari Shukurullo Mahmudov, uning birinchi o‘rinbosari Akbar Bahriyev va boshqa xodimlar ustidan filialning shartnomalar bo‘limi muhandisi Botir To‘rayev tomonidan prezidentga va boshqa instansiyalarga yo‘llangan shikoyat muhokama qilingan.
Albatta, audioyozuvni bu yerda keltirib bo‘lmaydi. Juda qo‘pol so‘zlar ishlatilgan, mushtlashuvga aylanib ketayozgan janjalni xodimlar bosdi-bosdi qilishgan va alal oqibatda majlisda qaror qabul qilingan. Bu haqida quyida batafsil to‘xtalamiz.
Akbar Bahriyev «Kun.uz» muxbiri bilan suhbatda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan audioyozuvlar montaj qilinganini aytib o‘tdi. Biroq tahririyat ixtiyorida uzluksiz yozilgan, montaj qilinmagan 1 soatu 40 daqiqalik audio ham bor: montaj qilish davomida A.Bahriyevning so‘kinishlari bo‘rttirilgan. Majlisda bo‘lib o‘tgan boshqa neytral gap-so‘zlar va chiqishlar qirqib tashlangan.
Shikoyat xatida nimalar yozilgandi?
Shikoyat xatida filial boshlig‘i Shukurullo Mahmudov muallif tomonidan korrupsiyada ayblanadi. Muqaddam «O‘ztransgaz» AK boshqaruvi raisi bo‘lib ishlagan va 2016 yilning 23 dekabrida lavozimidan ozod etilib, «Markazgazta'minot» UKga direktor etib tayinlangani haqida xabar berilgan edi.
Qayd etib o‘tish kerakki, bunday mazmundagi shikoyat xati birinchi marta yo‘llanayotgani yo‘q. «Kun.uz» xuddi aynan shu mazmundagi shikoyat xatiga imzo qo‘ygan kamida ikki kishi bilan suhbatlashdi va ularning ko‘rsatmasiga asosan bu yoza-yozlarning ortida viloyat gaz ta'minoti korxonasining sobiq direktori turganiga ishonch hosil qildi.
Akbar Bahriyev kim?
Asli kasbi moliyachi bo‘lgan Akbar Bahriyev 2016 yilning 11 aprelida «Markazgazta'minot» unitar korxonasi «Samarqandshahargaz» filiali boshlig‘i vazifasiga tayinlanadi. Ungacha qariyb 7 yil davomida Samarqand shahar «Suvoqova» ishlab-chiqarish davlat korxonasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan.
Shikoyatda A.Bahriyev gaz sohasini tushunmasligi, bu sohaga yot inson ekanligiga urg‘u beriladi va sohaga «Suvoqova»dan o‘ziga tegishli odamlarni ishga qabul qilgani yoziladi.
Tarixga biroz murojaat qilaylik
A.Bahriyev Samarqand shahar gaz korxonasiga rahbar bo‘lib tayinlanguncha ahvol qanaqa edi?
Ungacha to‘qqiz oy mobaynida Samarqanda shahar gaz idorasida uch marta rahbar o‘zgaradi. A.Bahriyev rahbar etib tayinlangach, qat'iyat bilan sohadagi kamchiliklarni bartaraf eta boshlaydi.
A.Bahriyev bizga tayinlanishi haqida shunday hikoya qilib berdi:
«Men «Suvoqova» korxonasida ishlarni joyiga qo‘yib ishlayotgan edim. Bu yerga kelish xayolimda ham bo‘lmagan. O‘sha paytdagi shahar hokimi A.Shukurov chaqirib, shaharda aholini gaz bilan ta'minlash va uning pulini yig‘ish hukumat selektor yig‘ilishida qattiq tanqid ostiga olingani, bu yerda tartib o‘rnatish kerakligini tushuntirdi va bu ishni menga ishonib topshirishini aytdi. Men 2016 yil 31 mart kuni «Suvoqova» rahbarligidan ketish haqida ariza yozdim. 1 aprel kuni kelib «Markazgazta'minot» UKga ariza topshirdim. Lekin o‘sha paytdagi kadrlar bo‘limi boshlig‘i ochiqchasiga bu lavozim falon dollar turishini, usiz ishga qabul qilinmasligimni aytdi. Men 10 kun indamay yurdim. Shahar hokimi aloqaga chiqib nega ishga chiqmayotganligimni so‘radi. Vaziyatni unga tushuntirdim. So‘ng meni shahar hokimi, prokuror va IIB boshlig‘i shaxsan kelib, jamoaga tanishtirib lavozimga tayinlab ketgan».
A.Bahriyev ishni fuqarolar hisobida paydo bo‘layotgan asossiz qarzlarni bartaraf etish va bunga yo‘l qo‘yayotgan korxonadagi nopok xodimlarni aniqlab, ishdan bo‘shatishdan boshlaydi. Boshqa xodimlarga saboq, fuqarolarga ma'lumot bo‘lishi uchun ishdan bo‘shagan, biroq fuqarolardan pul yig‘ishda davom etayotgan xodimlarning suratlari shahar gaz idorasi kirish eshigiga osib qo‘yiladi.
2016 yil 1 apreldan avgust oyiga qadar asossiz hisoblangan qarzdorlik bo‘yicha 1640ta shikoyat arizasi o‘rganib chiqiladi va ularning kvitansiyasi bilan taqqoslab chiqilib, aslida fuqarolar qarzdor emasligi aniqlanib, ularning zimmasidagi to‘lovdan soqit etiladi.
«A.Bahriyev tayinlangunga qadar, hisobotlarga ko‘ra 10 foiz gaz iste'moli yuridik shaxslarga, 90 foizi esa aholi hissasiga to‘g‘ri kelayotgan edi, — degan bosh hisobchi K.Allanazarov. — Aslida esa bu ulush 40 foizga 60 foiz atrofida bo‘lgan».
Ko‘ryapsizmi, aholida debitor qarzning ko‘payishi ildizi qayerda bo‘lgan? Issiqxonalar va g‘isht ishlab chiqaruvchi korxonalar, turli sexlar va oshxonalar yoqayotgan gaz noto‘g‘ri hisoblangan, ular iste'mol qilayotgan gazning puli esa aholiga yozib yuborilavergan.
«Oldingi rahbarlarlar nega uch oy, olti oy ishlab, etagini yig‘ishtirishgan, bilasizmi? Men rahbar bo‘lganimdan so‘ng issiqxonachilar kelib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri pora taklif qilishdi. «Uch oy sezonda bizga indamang, 10 kishi 10 mingdan 100 ming dollar yig‘ib beramiz», deyishdi ochiqchasiga. Bunday korxonalarning barchasining ishi prokuraturaga oshirildi», — dedi A.Bahriyev.
«Korruptsion sxema qanday ishlagan, bilasizmi? Ishlab chiqaruvchi va umumiy ovqatlanish korxonalaridan gaz iste'moli uchun to‘lov cho‘ntakka urilgan. Siz kelasiz — xonadoningizda yoqqan gazingiz uchun bo‘yningizda 2 million so‘m qarz bor. Kimningdir oyligidan yo korxonasidan o‘tgan puli hisobiga tushmasdan osilib turibdi. Sizga 500 ming so‘m evaziga qarzni to‘liq yopishni taklif etishadi. Siz, albatta, rozi bo‘lasiz. Boyagi, osilib turgan pullar ko‘z o‘ngingizda sizga yoziladi. Keyinroq boyagi tushirilgan pulning egalari kelishadi. Sizning hisobingizdan olib, pulni egalariga qaytarishadi. Siz 500 ming so‘m bergansiz, biroq davlatga 1 so‘m ham o‘tmagan va 2 million so‘m qarzligingizcha qolaverasiz», — deb tushuntirdi A.Bahriyev.
Viloyat gaz idorasida aholining suyultirilgan gaz to‘ldirilgan ballonlar bilan ta'minlanishi uchun A.Bahriyev javobgar sanaladi.
«Kun.uz» Ishtixon tuman gaz idorasida bo‘lib, ishlar qanday yo‘lga qo‘yilgani bilan qiziqdi. Qayd etish kerak, aholiga gaz balloni 16 ming so‘mdan o‘z vaqtida yetkazib berilishi yo‘lga qo‘yilgan.
«Ilgari aholi uchun mo‘ljallangan gaz ballonlar oshxonalar va boshqa joylarga ham sotib yuborilavergan. Tumanlardan kelgan xodimlarga bitta faktura imzolatish uchun 100 ming so‘m «stavka» qo‘yilgan. Biz, ayniqsa, uzoq tumandan keluvchi xodimlar bekorga har kuni sarson bo‘lmasligi, aholiga gazni tezroq yetkazib berishni tashkil qilish uchun fakturalarni haftalik chiqarib berayapmiz. Har bir gaz tashuvchi mashina haydovchisining 10ta gaz ballon «dolya»si bo‘lgan. Bitta yangi «Isuzu» yuk mashinasi haydovchisi bo‘lishning «narxi» 2000 dollar bo‘lgan. Bu narsalarning barchasiga barham berdik. Uzoq yillar shu idorada vijdonan, halol mehnat qilib kelayotgan haydovchilarga yangi mashinalar berdik», — dedi A.Bahriyev.
«Nega majlisda «pulim ko‘p «lyuboy» sudni sotib olaman», deb aytdingiz?», — deya savol berdik A.Bahriyevga.
«Biz olib borayotgan o‘zgarishlar, albatta, shu yerdagi ayrim odamlarga yoqmayotgani tayin. Ular avval ham ikki marta yozib, ustimdan ish qo‘zg‘alishiga sababchi bo‘lishdi. Birinchi marta shikoyat yozilganida prokuratura tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari o‘tkazilib, faktlar tasdiqlanmadi va jinoyat ishi qo‘zg‘atish rad etildi. Ikkinchi marta ish sudgacha bordi va sud zalidan oqlanib chiqdik. Bizni esa prokuratura va sud organlarini «og‘zini pul bilan yopganlik»da ayblab gap-so‘z tarqatib yurishibdi. O‘sha kuni majlisda ustimizdan shikoyat qilayotgan guruhga aloqador shaxslar ham o‘tirgan edi. «Ha, mani pulim ko‘p, lyuboy sudni sotib olaman kerak bo‘lsa?» deb kinoya va zaharxanda ohangida gapirgan joyimni montaj qilib, ikki marta ketma-ket yozib tarqatib yuborishgan».
«Men direktor o‘rinbosari lavozimiga shu yil iyul oyida tayinlangan bo‘lsam, arizachi B.To‘rayev unga qadar ikki bor intizomiy chora olishga ulgurgan. 6 aprelda unga «hayfsan» berilgan va 15 mayda o‘rtacha oylik maoshidan 30 foizlik jarima qo‘llanilgan. Barchasiga sabab o‘ziga biriktirilgan vazifaga panja orasidan qarashidir», — dedi A.Bahriyev.
Biz mazkur masala yuzasidan B.To‘rayevning arizasida «jinoiy guruh a'zolari» sifatida ko‘rsatib o‘tilgan filialda ishlovchi Muhiddin Jo‘rayev, Furqat Qayumov va Dilshod Jo‘rayev bilan ham suhbatlashdik.
Ular ham majlisda bo‘lishganini, o‘zlarining arizaga nega qo‘shilgani haqida B.To‘rayevga bergan savollariga undan tayinli javob olisholmaganini aytishdi.
Arizachi bilan suhbat
Biz shikoyat arizasi muallifi, majlisda A.Bahriyev tomonidan haqorat qilingan «O‘ztransgaz» AJ Samarqand viloyati bo‘yicha gaz ta'minoti hududiy filiali shartnomalar bo‘limi muhandisi Botir To‘rayev bilan suhbatlashdik.
50 yoshni qoralagan mutaxassis majlisda sabab-besabab haqorat qilinganidan juda xafa, audio bilan huquq tartibot organlariga, albatta, murojaat qilishini ta'kidlab o‘tdi.
«Men majlisda yo‘q edim boshida, lekin idorada edim, pastda eshitib o‘tirib, orqamdan haqorat qilinayotganini sezib yuqoriga chiqdim. 50 nafarga yaqin odam ichida direktor o‘rinbosari haqorat qila ketdi. Barcha guvoh. Mening aybim — yuz berayotgan haqsizliklarga chiday olmasdan, haqiqat talab qilib, shikoyat arizasi yozganim. Shu sohada suyagi qotgan ko‘plab mutaxassislar turli vajlar bilan ishdan bo‘shatib yuborildi. Ularning o‘rniga sohadan mutlaqo bexabar yangi xodimlar olindi», — dedi B.To‘rayev.
«Shikoyat arizangizda keltirib o‘tilgan vajlarni ilgari prokuratura ham o‘rganib chiqqan ekan-ku?» deganimizda, B.To‘rayev huquq-tartibot organlari bu vajlarni yetarli tekshirmaganini ta'kidlab o‘tdi.
«Aynan siz yozgan shu mazmundagi arizalar avval ham uyushtirilgani, biroq topshirilmaganini qanday izohlaysiz?», deganimizda «Ularning jur'ati yetmagan, men esa ulardan qo‘rqmayman, oxirigacha kurashaman», dedi B.To‘rayev.
«Nega intizomiy jazo olgansiz?», degan savolga ham B.To‘rayev birinchisidan xabari borligini, biroq ikkinchi — jarima intizomiy jazosi uning mehnat ta'tili chog‘ida berilgani, nima sababdan qo‘llanilganidan bexabarligini ma'lum qildi.
So‘zi so‘ngida B.To‘rayev Sh.Mahmudov va A.Bahriyev viloyat gaz ta'minoti idorasi keng qamrovli korrupsiya va tanish-bilishchilikka yo‘l qo‘yayotganini ta'kidlab o‘tdi. Gaz idorasida ko‘p yillar samarali mehnat qilgan xodimlar sabab-besabab ishdan bo‘shatib yuborilganini ta'kidladi.
Rahbarlar nima deydi?
«O‘ztransgaz» AJ Samarqand viloyati bo‘yicha gaz ta'minoti hududiy filiali direktori Shukurullo Mahmudov bo‘lib o‘tayotgan hodisalar yuzasidan o‘z fikrini qo‘yidagicha ifodaladi:
— Bir-ikki kishining fikri kollektivning fikri bo‘la olmaydi. Kollektivimizdagi aksariyat insonlar Samarqand viloyat gaz ta'minoti idorasida halol mehnat qilishni, korxonamizning respublikada o‘z o‘rni bo‘lishini sidqidildan xohlashadi. Men Samarqand viloyatiga nima maqsadda kelganimni bilaman — viloyatda xalqni gaz bilan uzluksiz ta'minlash borasida qanday yordamim tegadigan bo‘lsa, shu ishimda davom etaveraman. Men o‘z ishim bilan ortimdan Samarqandda yaxshi xotiralar qoldirishni istayman. Kollektivda esa kelgusida bunday so‘kishishlar, yoza-yozlarga chek qo‘yamiz, barcha bilan gaplashib chiqdim. Barchasiga ishimiz bilan, ko‘rsatkich bilan, fuqarolarimizning roziligi bilan javob beramiz.
«Kun.uz» Samarqand shahrida gaz ta'minotining so‘nggi oylardagi ahvoli borasida shahar hokimi Furqat Rahimovdan ham fikr oldi:
— Shahrimizda gaz bilan ta'minlash muammosi deyarli hal bo‘lgan. Gazlashtirish darajasini oshirish yuzasidan so‘nggi ikki yilda katta ishlar amalga oshirildi. Birgina 2017 yil davomida 44ta mahallaga yangi gaz quvuri tortib borilib, 15 mingdan ziyod xonadonning bu boradagi muammosi hal etildi. Tabiiy gaz hajmini aniq hisoblash maqsadida 191ta mahalladagi gaz tarmoqlari berk tizimga o‘tkazildi va hisoblagichlar o‘rnatildi. Ayni paytda barcha joylarda gaz quvurlari rekonstruksiya qilinib, o‘tkazish quvvati tartibga solinib, bo‘yab chiqilmoqda.
«Nuroniy» jamg‘armasi viloyat bo‘limi kengashi raisi Hasan Normurodov ham viloyatdagi gaz ta'minoti borasida so‘nggi ikki yilda amalga oshirilgan ishlar haqida fikrini bildirib o‘tdi:
— Gaz ta'minoti sohasida ishlar samarali olib borilayotganini shu holat ham isbotlab turibdiki, bu borada shikoyatlar keskin kamaydi. Bizga ham qariyalar bot-bot murojaat qilib turishardi. Bu masalada Shukurullo Mahmudov bilan ko‘p gaplashganman, joylarga birga chiqib vaziyatni o‘rgangan paytlarimiz ham bo‘lgan. Samarqand shahridagi 25 yillab gaz ko‘rmagan mahallalarga gaz o‘tkazildi. Bularning barchasi viloyat va shaharda shu sohada vijdonan mehnat qilayotgan rahbar va xodimlarning mehnati evaziga ro‘y berdi, albatta.
Biroq kimningdir huquqiga daxl etildimi, haqorat yoki tuhmat uyushtirildimi, bunga albatta qonuniy chora ko‘rilishi shart. Jamoani yagona maqsad yo‘lida birlashtirish, sohada o‘g‘rilik va korrupsiya palak yoyishi, xalq xaqiga xiyonat etilishini bartaraf etish esa har qanday vijdonli, sofdil rahbarning birinchi galdagi vazifasi bo‘lmog‘i kerak.
PS: Bizga yetkazilgan ma'lumotlarga ko‘ra, «O‘ztransgaz» rahbariyati qarori bilan Akbar Bahriyev ishdan olingan.
Shuhrat Shokirjonov,
Kun.uz muxbiri
Mavzuga oid
13:49 / 14.11.2024
Samarqandda o‘quvchi avtobus urib yuborishi oqibatida halok bo‘ldi
09:28 / 08.11.2024
Samarqandga 100 ta elektrobus olib kelinadi
10:53 / 07.11.2024
Misr Samarqand viloyati tuman va shaharlarida suv ta’minoti tizimini modernizatsiya qilishi mumkin
21:44 / 01.11.2024