Nega sirtqi va kechki ta'lim kontraktlari buncha qimmat?
Kontraktlar narxining balandligi haqida gap ketganda, vazirlikning bergan rasmiy tushuntirishi yodimizga tushadi, deb yozadi Xushnudbek Xudoyberdiyev.
Unda aytilganidek, talabalar to‘laydigan kontraktlarning katta qismi, ya'ni 45-80 foizi talabaning o‘ziga stipendiya tariqasida qaytariladi. Masalan, - deydi vazirlik, - talaba “a'lo” bahoga o‘zlashtirsa jami 7,5 mln.so‘m stipendiya oladi.
Yaxshi, tushundik.
Lekin boshqa savol: unda nima uchun sirtqi va kechki ta'limda o‘qiydigan talabalarga stipendiya to‘lanmaydiyu, lekin baribir kontrakt narxi kunduzginiki bilan bir xil?
2004 yil 10 mart kuni tasdiqlangan Oliy ta'lim muassasalari talabalariga stipendiyalar tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomada stipendiyalar faqat kunduzgi shaklda tahsil olayotgan talabalarga to‘lanishi belgilangan. Aytgancha, mavzudan tashqari bo‘lsa ham aytay, stipendiya to‘lash haqidagi yo‘riqnomaning 14 yildan buyon faqat rus tilidagi matni mavjud, o‘zbek tilidagisi yo‘q. Shunchaki sharmandalik deyman, bunaqa holatlarni. Mayli, «revenons a nos moutons» (fr.), boshqacha aytganda «qo‘y mavzusiga qaytamiz».
Demak, sirtqi va kechki ta'limda o‘qiyotgan talabalarga qoida bo‘yicha stipendiya to‘lanmasligi oydinlashdi. Lekin kontrakt narxlari ular uchun ham eng arzoni 8 mln 293 ming so‘m, eng qimmati 11 mln 58 ming so‘m etib belgilangan.
Nima uchun kunduzgi shaklda tahsil olayotganlar xuddi shuncha to‘lab stipendiya oladi-yu, sirtqi va kechki ta'limdagilar olmaydi? Qani mantiq? Qani ijtimoiy adolat?
Boz ustiga sirtqi ta'limdagilar doim ham o‘qishga kelishmaydi, ya'ni ularga kamroq xarajat ham ketadi. Ammo kontrakti otni kallasiday.
Biz ushbu jumboqli masalaga Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligidan yana bir marta asoslantirilgan izoh kutib qolamiz, deb yozadi Xushnudbek Xudoyberdiyev.
Mavzuga oid
20:17 / 05.11.2024
Ma’rifiy faoliyat bilan ruxsatsiz shug‘ullanganlik uchun javobgarlik belgilandi
17:18 / 05.11.2024
Raqobat kuchli: Xitoydagi ta’lim tizimi yoshlar orasida ruhiy tushkunlikka sabab bo‘lmoqda
16:29 / 21.10.2024
Kadrlar tayyorlaydigan yagona texnikumlar tarmog‘i tashkil etiladi
18:35 / 03.10.2024