Jahon | 00:19 / 16.10.2018
10381
1 daqiqa o‘qiladi

AQShdagi dafn byurosida 11 bola jasadi topildi

Foto: CNN

AQShning Deytroyt shahridagi qarovsiz qolgan dafn byurosida 11 bola jasadi topildi. CNN telekanalining ma'lum qilishicha, jasadlar quruvchilar tomonidan shiftda aniqlangan. 

Quruvchilar voqea joyiga huquq-tartibot idoralari vakillarini chaqirtirishgan. Politsiyaning ma'lum qilishicha, 9 jasad karton qutida, 2 nafari tobutda bo‘lgan. Qidiruv ishlariga maxsus itlar jalb qilingan, biroq boshqa jasadlar aniqlanmagan.

Cantrell Funeral Home dafn byurosi aprelda ko‘plab qonunbuzarliklar, jumladan antisanitariya, jasadlarni nomaqbul usulda saqlash, firibgarlik uchun yopilgan bo‘lgan.

Politsiyada jasadlar bino konstruksiyasida qancha vaqt saqlangani va bolalar necha yoshda bo‘lganlari aytilmagan. 

“Ko‘rinishicha, bu ishni shu byuro xodimi yoki binoning tuzilishidan xabardor kishi qilgan. U jasadlarni noma'lum sabablarga ko‘ra o‘sha yerga yashirgan”, deb aytilgan politsiyada. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid