Jamiyat | 16:30 / 18.10.2018
8908
3 daqiqa o‘qiladi

Talabalar teatr studiyalari ko‘rik-tanlovi final bosqichi boshlandi

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi hamkorligida 2018 yil 18 oktabr kuni “Muqimiy” nomidagi O‘zbekiston musiqali drama teatrida “Yoshlar — kelajak bunyodkori!” shiori ostida o‘tkazilib kelinayotgan Yoshlar festivallarining Talabalar teatr studiyalari ko‘rik-tanlovi final bosqichining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Milliy universitetining “Humo”, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining “Diplomat”, Qarshi davlat universitetining “Ziyo”, Buxoro davlat universitetining “Fitrat”, Qoraqalpoq davlat universitetining “Jayxun” hamda Toshkent tibbiyot akademiyasi Farg‘ona filialining “Nastarin” talabalar teatr studiyalari jamoalari yakuniy final bosqichida ishtirok etib, mutlaq g‘oliblik uchun kurashishmoqda. 

3 kun davomida yoshlar teatr jamoalarining sahna chiqishlari namoyish etiladi. Hakamlar hay'ati sifatida O‘zbekiston xalq artisti, hakamlar hay'ati raisi – Elyor Nosirov, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist – Jumadilla Rametov, Oliy va O‘rta maxsus ta'lim vazirligi mas'ul xodimi – Baxtiyor Egamberdiyev, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a'zosi – Umida Abduazimova hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi  bosh mutaxassisi Mansur Boysariyevlar festivalning 2018 yilgi g‘olib jamoasini aniqlash maqsadida yoshlar teatr jamoalarining sahna chiqishlarini xolisona baholab borishadi. 

Ilk namoyishni O‘zbekiston Milliy universitetining “Humo” talabalar teatr jamoasi Nikolay Gogol qalamiga mansub “Revizor” asari asosida sahnalashtirilgan spektakl bilan boshlashdi. 

Festival yakunlari bo‘yicha tantanali taqdirlash marosimi 20 oktabr kuni “Yoshlik” talabalar shaharchasida joylashgan “Respublika yoshlar markazi”da bo‘lib o‘tadi.

Respublika bosqichi ishtirokchilari O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashining qimmatbaho sovg‘alari hamda diplom va sertifikatlari bilan taqdirlanadi.

Mavzuga oid