Jamiyat | 17:06 / 19.10.2018
6337
2 daqiqa o‘qiladi

Respublika fond birjasi aksiyalariga oid petitsiya paydo bo‘ldi

Foto: TASS

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida respublika fond birjasi aksiyalarining sotuvga chiqarish jarayonini takomillashtirish haqida petitsiya paydo bo‘ldi.

Qayd etilishicha, fond birjasida qimmatli qog‘ozlarning tezkor savdo tizimi qo‘llanib kelinmoqda. Bu tizimda savdoga qo‘yiladigan qimmatli qog‘ozlar, ular haqida ma'lumotga ega broker tomonidan sotuvga chiqarilishi bilanoq savdo amalga oshiriladi.

“Taklifim shundan iboratki, Fond birjasida savdolar quyidagi tartibda bo‘lishi lozim: soat 09:30 dan 10:50ga qadar sotuvga qo‘yish bo‘yicha arizalarni kiritish, 11:00dan 15:00 ga qadar sotib olish amalga oshirilishi lozim. Bunda soat 15:00 ga qadar aksiyalarni eng yuqori narx taklif qilgan shaxsga sotish amaliyotini qo‘llash lozim. Bunday tizim O‘zbekiston Respublikasi Tovar xom-ashyo birjasida qo‘llanilmoqda va yaxshi natija bermoqda. Birjada barcha ishtirokchilarga teng imkoniyat yaratish kerak. Hozirgi savdo tizimida esa aksiyalar savdoga chiqishini oldindan bilgan brokerning aksiyalarni sotib olishdagi imkoniyati ko‘proq bo‘lmoqda. Ushbu amaliyotni qo‘llash aksiyalarni aniq bozor qiymatidan kelib chiqqan holda halol va haqqoniy xarid qiluvchi ixtiyoriga o‘tishiga, aksiyalar qimmatroq narxda sotilishiga sabab bo‘ladi. Shuningdek, qimmatli qog‘ozlar egalarining birjadan tashqari kelishib olib savdo o‘tkazishining ham oldi olinadi”, - deb yozadi petitsiya muallifi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ko‘p yillik daraxtlarni ko‘chmas mulk deb hisoblash taklif qilinayotgani xabar berilgandi.

Mavzuga oid