Jamiyat | 18:41 / 25.10.2018
73587
12 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbek» va «paxta» degan tushunchalar nega chambarchas bog‘lanib qolgan?

Paxta O‘zbekiston hududida asosiy ekin maqomini egallaganiga bir asrdan oshdi. Daromadi va strategik ahamiyati jihatdan hech bir ekin paxtaga yeta olmagani bois sobiq ittifoq davrida uni yetishtirish uzoq yillar davlat siyosati, milliy mafkura darajasiga ko‘tarildi. Hozir-chi, vaziyat o‘zgarganmi?

O‘zbekiston hududida azaldan paxta yetishtirib kelingan. Faqat unga tijorat va daromad imkonini beruvchi ekin sifatida qaralgan. Badavlat insonlar bozor tamoyillari asosida yerlarni xarid qilganlar yoki ijaraga olganlar, o‘zlari mablag‘ tikib ishchi yollaganlar va hosilni ham o‘z istaklariga ko‘ra tasarruf etganlar. Davlat bu o‘rinda asosan yerdan yoki hosildan soliq oluvchi maqomida bo‘lgan. Buxoro amirligi, Qo‘qon xonligi xorijga, xususan Rossiyaga katta miqdorda paxta eksport qilgan va hudud paxtasi vositachilar orqali Yevropa manufakturasida ishlatilgan. O‘sha yillardayoq O‘zbekiston paxtasi tola sifati jihatdan yetakchilardan bo‘lgan.

Hozirgi hududiy shaklda sobiq ittifoq tarkibida bo‘lgan O‘zbekistonda 1933 yildan boshlab paxta rasman respublikaning asosiy ekini darajasiga ko‘tarilgandi. Bu ekinni yetishtirish tartibi, hosil miqdori, narxi va boshqa muhim jihatlari markazdan aniq ko‘rsatmalar hamda rejalar asosida belgilab berildi.  

Ikkinchi jahon urushi yillarida paxtaning strategik ahamiyati keskin ortdi. Undan xalq xo‘jaligi va mudofaa maqsadlarida ellikdan ortiq mahsulot olinardi. Urushdan keyingi yillarda ham paxtaning ahamiyati kamaymadi, aksincha yil sayin orta bordi.

Respublikaning butun salohiyati ulkan xirmon yaratishga safarbar qilindi, odamlar ongiga bu ekin muqaddas ekani to‘g‘risidagi mafkura singdirildi, xalqning butun mehnati, deyarli barcha sohalar hosildorlikni oshirishga xizmat qildi. Dunyoda o‘xshashi bo‘lmagan paxtachilik institutlari, ilmiy-tadqiqot markazlari ish boshladi, adabiyot, san'atda paxta ulug‘landi, butun jamiyat yagona maqsad bilan harakat qildi. Respublika madhiyasi va gerbida paxta alohida bandni egallagani bejiz emasdi.

Bu harakatlar besamar ketmadi albatta. O‘zbekistonda paxta yetishtirish ulkan mashaqqat evaziga san'at darajasiga ko‘tarildi va paxtakorlar (garchi aksariyati o‘rtamiyona kun kechirsa-da) eng sharafli kasb egalariga aylanishdi. O‘zbekiston tajribasi xorijning qator davlatlarida qo‘llanila boshlandi. O‘zbek paxtasi umumiy hosil miqdori jihatdan AQSh, Hindiston kabi yirik davlatlar bilan, tola sifati jihatdan yetakchi bo‘lgan Misr paxtasi bilan bellashishga kirishdi. Hosildorlik yildan-yilga ortib borib, oxir-oqibat 6 mln tonnalik marra ko‘zlana boshlandi.

Shu bilan birga, paxta siyosati aholining turmush darajasiga, respublika resurslariga salbiy ta'sirini o‘tkazmay qolmadi. Ertayu-kech og‘ir mehnat xalqni ezib qo‘ydi, paxtaga qarshi fikr aytish ham mumkin bo‘lmay qoldi, yetishtirish jarayoniga xalal beruvchi har qanday inson shafqatsizlarcha jazolandi.

Ayniqsa hosilni yig‘ib olish yoki «paxta» mavsumida tirik jon borki, hamma safarbar qilinardi. O‘sha murakkab yillarda janozalardan haydab ketilgan, yoki tobut ko‘tarib borayotganlar odamlar to‘xtatilib, aksariyati paxta terishga olib ketilgani haqida ma'lumotlar bor. Paxta terish mavsumining dekabr oyi o‘rtalariga qadar davom etishi oddiy holga aylanadi. Ba'zan ayrim hududlarda dalaga chiqib, paxta izlash ishlari yangi yil bayramigacha cho‘zilgani qayd etilgan.

Yerning uzluksiz kimyoviy o‘g‘itlanishi, yetarli darajada ishlov berilmasdan zo‘riqtirib ishlatilishi asta-sekin o‘z ta'sirini ko‘rsata boshladi. Suv resurslaridan oqilona foydalanmaslik va asosan bitta yo‘nalishga safarbar qilish chorvachilik, boshqa ekinlar sohalariga salbiy ta'sir qildi, paxta uchun hech narsani ayamaslik ortidan Orol muammosi bo‘y ko‘rsatdi.

O‘zbekiston ahli «muqaddas ekin» uchun ertayu-kech tinim bilmasa-da, turmush darajasi boshqa respublikalarga nisbatan ancha past edi. Ammo markaz tobora ko‘proq hosil talab qilar, bajarmaslik og‘ir oqibatlarga olib kelardi. Bu yangi muammoni – qo‘shib yozishni keltirib chiqardi. O‘n yillar davomida bu holat davom etib, to‘satdan dahshatli yakun topdi va «O‘zbeklar ishi», «Paxta ishi» boshlandi. Respublika bo‘ylab olib borilgan tergovlar natijasida 70 mingdan ortiq kishi so‘roq qilindi, 22 mingdan ortiq odam hibsga tortildi. Ularning mutlaq ko‘pchiligi paxta uchun jonfido qilgan malakali mutaxassislar edi.

Mustaqillik yillarida

Istiqlolga erishgan O‘zbekiston jiddiy muammoga duch keldi. Hali yangi iqtisodiy sharoitlarga ko‘nikmagan, bozor tamoyillarini anglab yetmagan aholi non muammosiga duch keldi. Davlat zaxiralari tugab bitdi. Shunday paytda bir qarashda inqilobiy islohot o‘tkazildi – paxta maydonlari keskin qisqartirilib, g‘alla yetishtirish boshlandi. Bir necha yillardagina g‘alla mustaqilligiga erishildi va non muammosi bartaraf etildi.

Ammo shunda ham paxtaning o‘rni juda muhimligicha qoldi. Garchi dehqon-fermer xo‘jaliklari tuzilgan, yer ma'lum ma'noda egali bo‘lsada, davlat hosilning asosiy buyurtmachisi hamda butun jarayon boshqaruvchisi sifatidagi maqomini saqlab qoldi.

«Paxta» mavsumidagi ommaviy safarbarliklar sobiq ittifoq davridagidek qattiq bo‘lmasada, baribir byudjyet tashkilotlari, talabalar va hatto maktab o‘quvchilari bu jarayonga yoppasiga jalb qilinishi davom etdi.

Sobiq ittifoq davrida muhim ahamiyat kasb etgan terim mashinalari asta-sekin safdan chiqib ketdi, hosil asosan qo‘l mehnati evaziga yig‘ib olina boshlandi. Oldinroqqa ketib aytish mumkinki, terim mashinalarini qayta tiklash yo‘lidagi bir necha loyiha baribir hayotga tatbiq etilmay qoldi va bu boradagi har qanday yangilik qisqa muddatlardan keyin unutildi.

Paxta siyosatining susayishi, qator xalqaro tashkilotlarning tanqidi, paxta xaridi bo‘yicha boykotlar asta-sekin o‘z samarasini bera boshladi va dastlab bolalar mehnatidan voz kechildi.

So‘nggi uch yil

2016 yil

Birinchi prezident Islom Karimovning o‘limidan so‘ng Shavkat Mirziyoyev dastlab prezident vazifasini bajaruvchi, so‘ngra umumxalq saylovlari natijalariga ko‘ra prezident etib saylandi.

Shavkat Mirziyoyev davlat rahbari sifatida dastlab ish boshlagan paytlari aynan paxta yig‘im-terimi mavsumiga to‘g‘ri keldi. Mavsum safarbarligi odatga ko‘ra davom etar, byudjyet tashkilotlari xodimlari navbati bilan, kollej va OTM talabalari (poytaxtdan tashqari) yoppasiga «paxtaga haydalgandi». Ommaviy safarbarlik 60 kundan ortiqroq davom etdi. Tegishli taqiqlarga qaramasdan ayrim hududlarda maktab o‘quvchilari ham paxtaga jalb qilingani to‘g‘risida ma'lumotlar tarqaldi, ammo tabiiyki bular rasman tasdiqlanmadi.

Shu bilan birga, san'at olami vakillari, mashhur insonlarning paxta terimi jarayonida qatnashayotgandek ko‘rsatiladigan suratlari va selfilari ko‘paya boshladi.

Terilgan paxtaning har bir kilogrammi uchun o‘rtacha 250-300 so‘mdan haq to‘landi. 

2017 yil

Bu yilning paxta mavsumi bolalar mehnatidan butunlay voz kechilgani, agar kimdir bunga yo‘l qo‘ysa qat'iy choralar ko‘rilishini ta'kidlash bilan boshlandi. Haqiqatdan ham bolalar terim jarayoniga jalb qilinmadi.

Ammo byudjyetga qaram bo‘lgan o‘qituvchilarning ko‘p qismi dalaga chiqishda davom etdi. Bu hol o‘quv jarayoniga ta'sir etmay qolmadi. Sog‘liqni saqlash tizimi va boshqa byudjyet tashkilotlar odatdagidek hasharga qatnasha boshladi. Shuningdek, tadbirkorlarni terimchi topib berishga majburlash amaliyoti davom etdi.  

Aholi zich va paxta maydoni kam bo‘lgan hududlardan, xususan Farg‘ona vodiysi viloyatlaridan minglab terimchilar poyezdlarda Jizzax, Sirdaryo, Toshkent kabi viloyatlarga olib kelindi. Ko‘plab viloyatlarda talabalar odatdagidek maxsus belgilangan reja bo‘yicha paxta dalalariga yo‘l oldilar, hali safarbar qilinmagan OTMlar ham bu jarayonga tayyorgarlik ko‘ra boshladi.

Ana shunday kunlarda tarixiy voqea yuz berdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev shu yilning 19 sentabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida nutq so‘zladi va hududning jiddiy muammosi – Orol dengizi qurib borishiga dunyo hamjamiyati e'tiborini qaratdi.

Bu voqeaning mavzuga aloqador qismi prezident qaytishi bilan ma'lum bo‘ldi. 21-22 sentabr kunlari barcha talabalar to‘satdan va hech bir izohlarsiz paxtadan qaytarildi.

Terilgan paxtaning har bir kilogrammi uchun o‘rtacha 450-500 so‘mdan haq to‘landi. Ayrim viloyatlarda boshqalarga nisbatan ko‘proq haq to‘lash tajribasi qo‘llana boshlandi.

2018 yil

Prezident endilikda paxta yetishtirishda klaster usuli qo‘llanilishini ma'lum qildi. Bu yerlarni tayyorlashdan boshlab ekinni yetishtirish, hosilni yig‘ib olish, saqlash va qayta ishlashdan tortib tayyor mahsulotni sotishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarni bitta boshqaruv tizimi holida ishlashdan iboratdir.  

Joriy yilda hali paxta mavsumi boshlanmasidanoq majburiy mehnatning har qanday turiga keskin choralar ko‘rilishi haqida rasman – prezident va hukumat darajasida e'lon qilindi. Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyev bunday holatlar alohida nazoratga olinishi va paxta yig‘im-terimi mavsumida majburiy mehnatga oid har bir shikoyat o‘rganilib, tegishli choralar ko‘rilishini bildirdi. Shuningdek, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi kabi tashkilotlar ham bunday holatlarga qarshi kurashishi bo‘yicha bayonotlar berishdi.

Shu bilan birga ko‘ngillarni paxta maydonlariga jalb etish bo‘yicha keng qamrovli ishlar amalga oshirildi. Eng birinchi navbatda iqtisodiy rag‘batlantirish usuli qo‘llanilib, birinchi terimdanoq 650 so‘mdan 1000 so‘mgacha haq to‘lana boshlandi. Ayrim fermer xo‘jaliklari ko‘proq terimchi jalb qilish uchun yanada ko‘proq haq to‘ladilar. Oldingidek besh kunlikda emas, zaruratga ko‘ra har kuni terim pullarini tarqatish tizimi ishga tushdi. Terimchilarga sharoit yaratish, yegulik bilan ta'minlash yo‘lga qo‘yildi. Mahallalarda ishsiz yurganlarni mavsumiy ishga jalb etish bo‘yicha maxsus otryadlar tuzildi.

Sirdaryo, Andijon kabi viloyatlar hokimlari shaxsan o‘zlari ham paxta terishda ishtirok etishdi.

Paxta tayyorlash rejasini birinchilardan bo‘lib bajarga tumanlar rahbarlari pul mukofotlariga ega bo‘ldilar, sustkashlikka yo‘l qo‘ygan o‘nlab hokimlar va amaldorlar mansab kursilaridan ayrilishdi.

Prezident faqat paxtaga bog‘lanib qolmay, qaysi ekin turi ko‘proq daromadli bo‘lsa, shu yetishtirilishini bildirdi va shu tarzda «paxtaning mutlaq gegemoniyasi» degan tushunchaga chek qo‘yildi. Garchi onda-sonda paxta terimiga asossiz jalb qilish to‘g‘risida ma'lumotlar tarqalib turgan bo‘lsada, aynan 2018 yil bu boradagi majburiy mehnat ham uzil-kesil yakuniga yetgan yil sifatida tarixga kirdi.

Abror Zohidov

Mavzuga oid