Jahon | 10:43 / 26.10.2018
45959
2 daqiqa o‘qiladi

Gorbachyov yangi qurollanish poygasi boshlangani haqida ma'lum qildi

Foto: RIA Novosti

SSSR sobiq prezidenti Mixail Gorbachyovning ma'lum qilishicha, Amerika Qo‘shma Shtatlarining O‘rta va kichik masofadagi raketalarni yo‘q qilish to‘g‘risidagi bitimdan chiqish haqidagi qarori yangi qurollanish poygasini boshlaydi. Bu haqda u The New York Times gazetasi sahifalarida yozadi.

20 oktabr kuni AQSh prezidenti Donald Tramp mamlakatni O‘rta va kichik masofadagi raketalarni yo‘q qilish to‘g‘risidagi bitimdan olib chiqish niyatida ekanini ma'lum qildi.

Gorbachyovning o‘z maqolasida eslatishicha, 30 yil oldin aynan u va Ronald Reygan bitimni imzolagan, buning oqibatida davlatlar yadro qurollarining ikki toifasidan voz kechdi. Shu bilan birga, SSSR sobiq prezidenti ta'kidlashicha, AQShning bitimdan bosh tortish bo‘yicha qarori uning shaxsiy his-tuyg‘ulariga daxldor emas, sababi o‘rtada ancha jiddiy muammolar turibdi.

«Yangi qurollanish poygasi e'lon qilinishi mumkin», - deya qayd etib o‘tdi Gorbachyov.

Shu bilan birga, uning ko‘rsatishicha, Qo‘shma Shtatlar bunday bitimlardan izchil ravishda chiqib ketmoqda. So‘nggi misol sifatida u mamlakatning Eron bilan yadroviy bitimdan chiqishini ko‘rsatdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kreml Putinning yadro zarbasidan keyingi «jannat» haqidagi so‘zlariga izoh bergandi.

 

Mavzuga oid