O‘zbekiston | 11:18 / 29.10.2018
103047
2 daqiqa o‘qiladi

Tojikistonlik general O‘zbekistonda katta miqdordagi giyohvand moddalar partiyasi bilan ushlangan

Yozda qo‘lga olingan Tojikiston Ichki ishlar vazirligi giyohvandlikka qarshi kurash boshqarmasi sobiq rahbarini ushlash bo‘yicha reja ko‘p yillar davomida ishlab chiqilgan.

Asia-Plus ma'lumotlariga ko‘ra, Tojikiston Oliy sudi tomonidan 28 yilga ozodlikdan mahrum etilgan, respublika IIVning giyohvand moddalar noqonuniy aylanmasi bilan kurash boshqarmasi sobiq rahbari Fayzullo Gadoyev shu yilning yoz oylari boshida O‘zbekistonda katta miqdordagi giyohvand moddalar partiyasi bilan qo‘lga olingan.

Gadoyev Tojikiston hududi orqali afg‘on giyohvand moddalarini O‘zbekistonga olib o‘tuvchi sifatida ko‘rilgan hamda uni qo‘lga olish rejasi ikki qo‘shni davlatning huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan birgalikda ishlab chiqilgan.

«Qo‘lga olish chog‘ida uning yonidan juda ko‘p miqdordagi giyohvand moddalar partiyasi, katta miqdordagi naqd pullar topildi va musodara qilindi», - deya xabar bergan nashr manbasi.

Qo‘lga olinganidan O‘zbekiston maxsus xizmatlari Fayzullo Gadoyevni Tojikistonga topshirishdi.

Fayzullo Gadoyev Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida tug‘ilgan.

U Tojikiston IIV Giyohvand moddalar noqonuniy aylanmasi bilan kurash boshqarmasi boshlig‘i lavozimidan bo‘shatilgandan so‘ng, 2007 yilda respublika ichki ishlar organlari pensioneri hisoblangan.

Fayzullo Gadoyev 15 oktabr kuni 28 yilga ozodlikdan mahrum etildi. U giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullangani aytiladi.

Gadoyev «militsiya general-mayori» maxsus unvonidan ham mahrum etildi. Unga ilgari topshirilgan barcha ko‘krak nishonlari va medallar bekor qilindi.

Mavzuga oid