Jamiyat | 15:00 / 01.11.2018
50442
14 daqiqa o‘qiladi

Migrantlar hamon sarson. Kim kimni aldayapti?

«Kun.uz» saytida Rossiyaga Samarqand shahrida joylashgan «Rossiya Federatsiyasiga mehnat migrantlarini ketishdan oldin tayyorlash va jo‘natish markazi» orqali qonuniy yo‘l bilan ketgan 23 nafar mehnat migrantlarining sargardonligi haqida shu yilning 17 sentabr kuni maqola e'lon qilingan edi. Mazkur maqolada Rossiyada turli ovoragarchiliklarni boshdan kechirib, yurtimizga qaytib kelgan muhojirlar murojaati asosida tahririyat tomonidan olib borilgan o‘rganishlar natijasi haqida batafsil ma'lumot berilgan edi.

18 sentabr kuni Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi saytida ushbu maqola bo‘yicha tekshiruv o‘tkazilayotgani e'lon qilindi.

Saytimizda ushbu ma'lumotga nisbatan tahririyat munosabat ham bildirildi.

Vazirlik ma'lumotida «qanday sababga ko‘ra bo‘lmasin, davlat tomonidan xorijga ishga yuborilgan fuqarolarning huquq va manfaatlari har doim nazoratga olinadi, xususan, Samarqand shahridagi «Rossiya Federatsiyasiga mehnat migrantlarini ketishdan oldin tayyorlash va jo‘natish markazi» tomonidan Rossiyaga ishlash uchun borib, mehnat shartnomasi tugamasidan yurtimizga qaytgan fuqarolar – Abbos Ibodullayev va G‘anijon Ikromovga barcha ko‘rgan moddiy zararlari to‘lab beriladi, ya'ni ularning ishga ketish uchun sarflagan xarajatlari qaytariladi. Bu haqida Agentlikka Markaz direktori R.Gusev shaxsan xabar qildi. Shuningdek, ish joyini tashlab, noma'lum manzil bo‘yicha Rossiyada yurgan guruhdagi 7 nafar fuqaroni hozirda izlab topish ishlari olib borilyapti, ularning qayerdaligi aniqlangach, ular jismoniy jihatdan yengilroq ishlarga joylashtiriladi», – deya va'da berilgan.

Youtube'da ko‘rish

Mover'da ko‘rish

Lekin hanuzgacha ushbu va'da bajarilmagan. Yurtimizga sargardonliklardan keyin qaytib kelgan mehnat muhojirlarining qayta murojaati, Rossiyada qolayotgan muhojirlar audio va video murojaatlari, ularning ota-onalari fikrlari asosida ushbu mavzuga yana qaytdik.

Ularga ko‘mak berilmayati

– Men Rossiyadan yaqinda qaytdim, – deydi urgutlik Ubaydulla Axtamqulov. – Boshimdan qanday og‘ir kunlar o‘tgani o‘zimga ayon. Bizni aldashdi. Tanishlardan yo‘lkira uchun qarz olib, qancha ovoragarchiliklar bilan keldim. Qonuniy yo‘l bilan ishlash uchun ketamiz, deb juda ko‘p pul sarfladik. Yakunda barchasiga kuydik. «Samarqand shahrida joylashgan «Rossiya Federatsiyasiga mehnat migrantlarini ketishdan oldin tayyorlash va jo‘natish markazi»ga murojaat qildim. Ammo hech qanday natija yo‘q.

Avvalgi maqolalarda ismi keltirilgan urgutlik Abbos Ubaydullayev ham mutasaddilar tomonidan berilgan va'dalar bajarilmayotganini bidirdi.

– Rossiyaga qonuniy yo‘l bilan ishlashga borish uchun «Ipotekabank» viloyat filialidan 900 AQSh dollari miqdorida kredit olgan edim, – deydi u biz bilan suhbatda. – Ammo sarson bo‘lib, bir tiyinsiz, qarzga botib, qaytib keldik. Bankdan esa kreditni uzib borish kerak. Hozir bunga imkoniyatim yo‘q. Qonuniy yo‘l bilan ketamiz, deb shuncha baloga giriftor bo‘ldik. Dardimizni eshitadigan, muammomizni ijobiy hal qiladigan na bir tashkilot, na bir idora bor. Hammasi quruq gap bilan qutulmoqda. Nima qilishga ham hayronmiz.

Biz bu masalada ayni vaqtda Rossiyada qolayotgan migrantlarning yaqinlari bilan ham suhbatlashdik.

– O‘g‘lim Jonrid Xudoyqulov Samarqand shahridagi «Rossiya Federatsiyasiga mehnat migrantlarini ketishdan oldin tayyorlash va jo‘natish markazi» tomonidan Rossiyaga ishga ketgan edi, – deydi payariqlik Avaz Xudoyberdiyev. – O‘zim unga «Bolam, noqonuniy yo‘l bilan ketma, qonuniy yo‘l bilan ishga bor. Xotirjam ishlaysan», deya maslahat bergandim. Shuncha xarajat, shuncha ovoragarchiliklar-u qiyinchiliklarga duchor bo‘lishini bilmabman.

– Turmush o‘rtog‘im Bobur Eshpo‘latov Rossiyada turli qiyinchiliklarni boshidan kechirmoqda, – deydi jomboylik Gulbahor Husaynova. – «Rossiya Federatsiyasiga mehnat migrantlarini ketishdan oldin tayyorlash va jo‘natish markazi»ga bir necha bor bordik. Ammo foydasi yo‘q. Bizga bu masalada yordam bering.

Ayni vaqtda Rossiyada qolayotgan jomboylik Bobur Eshpo‘latov bizga o‘z holati bo‘yicha video orqali ma'lumot berdi va markazda berilgan va'dalar hammasi yolg‘on bo‘lib chiqqanini aytdi.

Shuningdek, Rossiyada qolayotgan Kattaqo‘rg‘on shahridan bo‘lgan Davron Eshnayev va narpaylik Ahror Tojiyev ham bo‘lib o‘tgan voqealarni audio xabar orqali aytib berdi.

Kim kimni aldayapti?

Shu o‘rinda bir holatga e'tibor beraylik.  Mehnat.uz  sayti orqali vazirlik bergan ma'lumotida «Mazkur holatni atroflicha o‘rganish hamda vaziyatni xolis baholash maqsadida Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentgili bu ishga taalluqli yuridik va jismoniy shaxslar bilan suhbatlashib, vaziyatga oydinlik kiritdi. Avvalo, Moskva shahriga ishlash uchun yuborilgan 23 nafar fuqarodan iborat guruhga boshliq etib tayinlangan Bagirov Botir Mamasharifovich bergan ma'lumotlarga e'tiboringizni qaratsak…. B.Bagirov tomonidan aytilgan bu ma'lumotlar uning shaxsiy imzosi bilan ham yozma tasdiqlangan. «Yevroosiyo Mehnat resurslari» MChJning  O‘zbekiston Respublikasi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligiga yuborgan rasmiy xatida ham B.Bagirovning ruxsatnoma olishdagi kechikish sabablari, ishga borgan fuqarolarning jismoniy jihatdan chiniqmagani va ishlashdan bosh tortishlari bilan bog‘liq ma'lumotlari yanada aniqroq qilib bayon etilgan», deya keltirilgan.

Shu va «Rossiya Federatsiyasiga mehnat migrantlarini ketishdan oldin tayyorlash va jo‘natish markazi» direktori R.Gusev bilan olib borilgan suhbat asosida vazirlik mehnat migrantlarining o‘zlarini aybdor qilib ko‘rsatgan hamda quyidagi vajlarni ko‘rsatgan:

- Rossiya Federatsiyasida ishlash huquqini beruvchi ruxsatnoma olishning kechikishi, maqolada ta'kidlanganidek, noma'lum sabablar bilan emas, balki ayrim fuqarolarning to‘lov pulini vaqtida bermagani bois yuzaga kelgan;

- ishga borgan fuqarolardan ba'zilarining belgilangan joydan boshqa yerda tunaganligi aks etgan suratlar esa ularning sarson-sargardonligidan emas, balki boshqalarni ham ish tashlashga undagani sabab, ish beruvchilar bilan kelishmovchilikka borgani oqibati ekanini aytib o‘tish joiz. Vaholanki, ular bilan bir vaqtda ketgan boshqa fuqarolar o‘z ishlarini sidqidildan bajargani va ish beruvchilar talablariga to‘la javob berganliklari uchun bunday vaziyatga tushishmagan;

- Moskva shahridagi «Yevroosiyo Mehnat resurslari» MChJ – «Ish beruvchi» nomidan Samarqand shahridagi «Rossiya Federatsiyasiga mehnat migrantlarini ketishdan oldin tayyorlash va jo‘natish markazi» direktori R.Gusev hamda mehnat migrantlari o‘rtasida tuzilgan mehnat shartnomasida chindan kunduz 8 soatdan 3 kun, kechga 8 soatdan 3 kun ish va 3 kun dam olish kuni ekanligi ko‘rsatilgan. Biroq ushbu hujjatning  «dastlabki mehnat shartnomasi» (maqolada havola etilgan mazkur shartnoma nomida ham bu yozib qo‘yilgan) ekanligi va unda keyinchalik fuqaro bilan ish beruvchi o‘rtasida asosiy shartnoma tuzilishi va u shartnomada ish beruvchining talablariga muvofiq, dastlabki mehnat shartnomasidan farqlanuvchi o‘zgartirishlar kiritilishi qayd etilgani inobatga olinsa, O‘zbekistondan mehnat migratsiyasiga yuborayotgan tashkilotning fuqarolar bilan yetarlicha tushuntirish ishlarini olib bormagani, qolaversa, shartnomada ko‘rsatilgan yuk ortuvchi va tushiruvchi (gruzchik) ishiga jismoniy jihatdan tayyor bo‘lmagan fuqarolarni jalb etgani oydinlashadi.

Bu vajlar qanchalik to‘g‘ri? Masalaga oydinlik kiritish uchun nega yurtimizga qaytib kelgan migrantlar fikri, dardi tinglab ko‘rilmadi? Bu bir tomonlama o‘rganish emasmi?

Qolaversa, yuqorida nomi keltirilgan va ayni vaqtda Rossiyada bo‘lgan Botir Bagirov video orqali vazirlikning bu vajlarni rad etdi.

– Samarqandda berilgan va'dalar bajarilmadi, – deydi u o‘z so‘zida. – Tushuntirish xatiga kelsak, uni sizlarga yaxshi bo‘ladi, deb yozdirib olgan edi. Ammo hech narsa o‘zgargani yo‘q.

Yana shu savol: Kim kimni aldayapti?

Qolaversa, Mehnat.uz sayti orqali vazirlik bergan ma'lumotida «Mazkur holatni atroflicha o‘rganish hamda vaziyatni xolis baholash maqsadida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bu ishga taalluqli tashkilotlar va fuqarolar bilan suhbatlashib, vaziyatga oydinlik kiritgan»i aytiladi. Ammo Rossiyada qolayotgan mehnat migrantlari bu masalada ularga hech kim yordam bermayotgani, vazirlikdan hech kim kelmagani, ularning muammosi bilan hech kim qiziqmayotganini bildirishmoqda.

Yana doimiy va'dalar

Yuqoridagi holatlar yuzasidan Samarqand shahrida joylashgan «Rossiya Federatsiyasiga mehnat migrantlarini ketishdan oldin tayyorlash va jo‘natish markazi» direktori o‘rinbosari Sergey Kratkov bilan uchrashdik. Afsuski, bu borada undan tayinli izoh ololmadik.

Shundan keyin ushbu holatlarga izoh olish uchun Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Tashqi mehnat migratsiya agentligi rahbari Ravshan Ibragimov bilan uchrashdik. Uchrashuvda agentlikning Samarqand filiali direktori Aziz Hafizov ham ishtirok etdi.

Ibragimovning ta'kidlashicha, «Kun.uz» saytida bu masalada maqola e'lon qilingandan keyin vazirlikda tezkor yig‘ilish tashkil etilgan. Yig‘ilishga Samarqand shahridagi «Rossiya Federatsiyasiga mehnat migrantlarini ketishdan oldin tayyorlash va jo‘natish markazi» direktori R.Gusev va Rossiyadagi «Mehnat resurslari markazi» direktor o‘rinsbosari A.Naumov taklif etilgan. Ushbu tashkilotlarga joriy yilning 1 oktabriga qadar bu masalaga oydinlik kiritish, qaytib kelgan migrantlarga xarajatlarini qoplab berish, Rossiyada sarsonlikda qolayotgan qolgan migrantlarga amaliy yordam berish bo‘yicha muddat berilgan. Ammo bugungi kunga qadar bu shartlar bajarilmagan.

Shundan keyin agentlik tomonidan «Rossiya Federatsiyasiga mehnat migrantlarini ketishdan oldin tayyorlash va jo‘natish markazi» ta'sischiligidan chiqish haqida ushbu tashkilotlarga xat va ariza yuborilgan.

Xo‘sh, bunday holatda migrantlarga yetkazilgan zarar qanday qoplanadi? Rossiyaga qonuniy yo‘l bilan ishga ketib, ayni vaqtda sarsonlikda qolayotgan migrantlarga qanday amaliy ko‘mak beriladi?

Bu savollarimizga R.Ibragimovning javob berishicha, ta'sischi sifatida foydadan ulush olinadi va shuning hisobidan yuqoridagi xarajatlar qoplab beriladi.

Ammo ma'lum bo‘lishicha, agentlik hech qanday pul mablag‘i yoki mulk bilan ta'sischi sifatida kirmagan. Shuning uchun ham hech qanda ulushi ham yo‘q.

R.Ibragimov tez orada ushbu muammolar yechim topishini va barcha zarur chora-tadbirlar olib borilishini bildirdi.

«Kun.uz» sayti orqali bu muammo ko‘tarilganidan buyon ancha vaqt o‘tdi. Faqat shu kabi va'dalar bilan cheklanilyapti, xolos. Amalda esa, hech qanday o‘zgarish yo‘q.

Masala qachon yechim topadi?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 iyuldagi «O‘zbekiston Respublikasining tashqi mehnat migratsiya tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga asosan vazirlik tomonidan qator chora-tadbirlar olib borilayotganligiga guvoh bo‘lyapmiz. Xususan, xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi tashkil etildi.

Xorijda qiyin ahvolda qolgan fuqarolarimizni O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha ishlarni boshlandi. Unga ko‘ra, yurtdoshlarimizning 71 kishidan iborat birinchi guruhi Moskvadan Toshkentga 12 oktabr kuni olib kelindi. 22 oktabr kuni yana 42 nafari yurtimizga qaytarildi.

Bu xayrli ishlar yaxshi, albatta. Ular noqonuniy yo‘l bilan xorijga ketib, og‘ir ahvolda qolgan va ularga amaliy yordamlar ko‘rsatilyapti.

Ammo nega vazirlik mutasaddilari qonuniy yo‘l bilan Rossiyaga ketib, sarsonlikda qolayotgan va yurtimizga qaytib kelib, qarzga botgan migrantlar masalasini hal etishni paysalga solmoqda.

Bu masala ham tez orada ijobiy yechim topishiga umid qilamiz va yana bu mavzuga qaytamiz.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,
«Kun.uz» muxbiri

Mavzuga oid