Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Intervyu: Mavjud ko‘mirning faqat 2-3 foizigina birja orqali sotiladi
Yaqinda «Kun.uz» saytida «Bu yil ko‘mir necha pul bo‘ladi?» sarlavhali maqola e'lon qilingandi. Ko‘mir ta'minoti va narxlari bo‘yicha so‘z borgan maqoladan so‘ng tahririyatimizga ko‘mirni birja orqali xarid qilish shartlari, bu mahsulot bahosi bo‘yicha ko‘plab savollar kelib tushdi. Ularga javob olish maqsadida «O‘zbekiston respublikasi tovar xom-ashyo birjasi» («O‘zRTXB») AJ boshqaruv raisi v.v.b Faroxidin Ibragimov bilan suhbatlashdik.
– Faroxidin aka, aytingchi, nega ko‘mir birja savdolari orqali sotiladi va uni xarid qilish shartlari qanaqa?
– Davlatimiz iqtisodiyotining bozor tamoyillari asosida, teng raqobat muhitida rivojlanishining asosiy shartlaridan biri erkin savdolar uyushtirish, tovar xom-ashyo resurslariga shaffof mexanizmlar orqali egalik qilishdir.
Ana shunday usullardan biri va asosiysi mahsulotlarning, xususan toshko‘mirning birja savdolari orqali sotilishi hisoblanadi. Aynan mana shu savdolarda xarid qilish uchun hammaga teng imkoniyat beriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 14 noyabridagi № PQ-3386 raqamli qaroriga ko‘ra, davlatimiz tovar xom-ashyo birjasi faoliyati yangi bosqichga kirdi. 2018 yil 1 yanvardan boshlab esa yuqori likvidli 27 turdagi mahsulot, jumladan ko‘mir ham ochiq birja savdolari orqali sotilishi yo‘lga qo‘yildi.
Qarorga muvofiq, Vazirlar Mahkamasining 2004 yil 5 fevraldagi 57-sonli Qaroriga ko‘ra birjadan xarid qilingan ko‘mirning qayta sotilishi mumkin emasligiga oid tartib to‘xtatilgan. Shuningdek, 2018 yil 1 yanvardan boshlab bunday mahsulotlarning eng yuqori narxlari belgilanishi, sotilish hajmlari va dislokatsiyasi bo‘yicha cheklovlar ham bekor qilingan.
Hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 17 yanvaridagi № PQ-3479 raqamli qaroriga muvofiq, ko‘mir birja savdolaridan tashqari to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar orqali byudjyet tashkilotlari, aholi va «O‘zbekenergo» AJga belgilangan narxda sotilishi mumkin.
- Mahalliy ko‘mirning qancha miqdori «O‘zRTXB» AJ birja savdolari orqali sotiladi?
- 2018 yil boshidan buyon «O‘zRTXB» AJ birja savdolari orqali 85,9 ming tonna mahalliy ko‘mir savdoga qo‘yildi va ulardan 82,1 ming tonnasi realizatsiya qilindi. Sotuvchilar sifatida «Sharg‘unko‘mir» va «O‘zbekko‘mir» AJlar bo‘lishdi va ularning birjaning umumiy ko‘mir savdolaridagi hissasi 23 foizni tashkil qildi.
Xarid qilingan ko‘mir markalari asosan elektroenergiya va qurilish materiallari ishlab chiqarishga mo‘ljallangan.
- Demak, «O‘zRTXB» AJ birja savdolari orqali umumiy ko‘mir hajmining faqat 2-3 foizigina sotilarkanda?
- Ha, 2018 yilda ko‘mir qazib olish hajmi 4 million tonnadan ortishi mumkinligini hisobga olsak, shunday. Yil oxiriga qadar birja savdolari orqali 122 ming tonna mahalliy ko‘mir sotilishi mo‘ljallangan.
- Kim birja savdolarining asosiy xaridorlari hisoblanadi? Aholi bevosita bu savdolarda ishtirok etishi mumkinmi?
- Birja savdolarining asosiy xaridorlari ishlab chiqarish korxonalari hisoblanadi. Bular g‘isht, ohak zavodlari, sopol buyumlar ishlab chiqaruvchilar va issiqxonalar, umumiy ovqatlanish tarmoqlari egalaridir.
Jismoniy shaxslar savdolarda bevosita ishtirok eta olmaydi. Sababi, birja ulgurji savdolar maydoni bo‘lib, undagi minimal lot hajmi bir tonnadan kam bo‘lmasligi shart. Shuningdek, savdolarda yuridik shaxslarning hisob-kliring palatasidagi hisob raqamlari ishtirok etadi.
– Xarid qilingan mahsulot qanday olib ketiladi?
– Xarid qilinganlik bo‘yicha barcha hujjatlar rasmiylashtirilgach, sotuvchi omboridan xaridor tomonidan olib ketiladi. Bu o‘rinda savdolarda birjada tuzilgan bitimning ijrosini kafolatlash maqsadida bo‘nak mablag‘ kiritilishi shartligini eslatib o‘tish lozim. Mahalliy ko‘mir xarid qilish uchun mo‘ljaldagi xaridning 10 foizi miqdorida, import mahsulot uchun 2 foizi miqdorida bo‘nak to‘lanishi lozim.
Tomonlardan biri o‘z burchini bajarmasa, bo‘nak summasi miqdorida jarima sanksiyalari qo‘llaniladi. Bu birja savdolarida shartnoma intizomi yuqoriligini ta'minlaydi.
– Narxlar to‘g‘risida ham to‘xtalsangiz.
– Birja savdolarining asosiy qoidasi narxlarning talab va taklifga ko‘ra shakllanishidir. Yil boshidan buyon mahalliy ko‘mirning barcha markalari bo‘yicha o‘rtacha narxi tonnasiga 260,7 ming so‘mni tashkil qildi. O‘tgan davr davomida narxlar 187,8 ming so‘mdan 345,8 ming so‘mgacha o‘zgarib bordi va o‘sish 84 foizni tashkil qildi. Narxlar oshishi asosan avgust-oktabr oylarida kuzatildi va bu davrda talabning ko‘tarilishi qishki mavsum boshlanishidan avvalgi odatiy holat hisoblanadi. Shu bilan birga, narxlar oshish ko‘rsatkichi o‘tgan yilgiga nisbatan past bo‘ldi. O‘tgan yilning shu davrida narxlar ikki barobardan ortiqroq o‘sgandi. Bunga birja tomonidan narxlarning keskin o‘zgarishiga qarshi qo‘llangan bozor iqtisodiyotiga xos choralar, shu jumladan ko‘miring birja orqali import qilinishi yordam berdi, deb aytish mumkin. Birja orqali import qilingan ko‘mirni inobatga olganda ko‘mirning barcha markalari bo‘yicha o‘rtacha kotirovkalar joriy yilning boshlaridan beri 14 foizga o‘sdi.
– Birjada narx keskin o‘sishi oldini olish bo‘yicha choralar ko‘rilishiga to‘xtaldingiz. Lekin shu bilan birga ayrim savollar ochiq qolmoqda. Masalan, ba'zi xaridorlar mahsulotni xarid qilib rasmiylashtirganlaridan so‘ng, omborning o‘zida balandroq narxda pullab yuborishlari, sizlarning jargoningizda «tiket»larini sotishlari mumkinmi?
– Bunday qilish iqtisodiy jihatdan o‘zini oqlamaydi. Axir shu mahsulot birjada ochiq savdolarda, shaffof tarzda sotilmoqdaku? Vositachi yoki olibsotarga ortiqcha xarajat qilish maqsadga muvofiq emas. Ko‘mirning, jumladan import ko‘mirning birja savdolari ochiq va cheklovlarsiz bo‘lib o‘tmoqda. Kelgusida birja orqali xarid qilingan tovarlarni yuklash bo‘yicha ham qo‘shimcha qulayliklar yaratilishi amalga oshiriladi.
– «O‘zRTXB» AJ bu yo‘nalishda kelajakda qanday yangi rejalarni amalga oshirishni mo‘ljallamoqda?
– Joriy yilda «O‘zRTXB» AJ xorij hamkorlari bilan o‘rnatilgan aloqalarni ko‘lami sezilarli darajada oshdi. Buning ortidan O‘zbekistonda umuman yoki yetarli miqdorda ishlab chiqarilmaydigan mahsulotlarni birja savdolari orqali import qilish maqsadida bevosita ishlab chiqaruvchilar jalb etila boshladi. Oldin ko‘mirning birja savdolari orqali import qilish bilan faqat O‘zbekiston rezidentlari shug‘ullanib kelgan bo‘lsa, endi xorijiy korxonalar o‘z brokerlarini akkreditatsiyadan o‘tkazib, mahsulotlarini taklif etishlari mumkin. Bundan oldin sement savdosida kuzatdik, birja savdolari orqali bevosita ishlab chiqaruvchi tomonidan sotilgan xorijiy sementning bahosi rezidentlar tomonidan olib kirilgan import sementning narxiga nisbatan sezilarli darajada past bo‘ldi.
Shu bois hozir «O‘zRTXB» AJ tomonidan «Qirg‘iz fond birjasi» YoAJ, Qozog‘istonning «Yevroosiyo Savdo tizimi» tovar birjasi, «Kaspiy» tovar birjasi birjalari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazildi. Shuningdek Xitoy davlati ishlab chiqaruvchilari ham mamlakatimizga birja orqali ko‘mir import qilishga qiziqish bildirmoqdalar.
Hamkorlikdan maqsad faqat importni kengaytirish emas, O‘zbekiston mahsulotlarining eksporti hajmini ham oshirishdir.
Abror Zohidov suhbatlashdi
Mavzuga oid
20:20 / 05.02.2025
O‘zbekiston Afg‘onistondan ko‘mir import qilishni boshlaydi
12:43 / 05.02.2025
OAV: Yanukovichning o‘g‘li bosib olingan yerlardan olingan ko‘mir savdosi bilan shug‘ullanyapti
07:37 / 24.12.2024
Aholini ko‘mir bilan ta’minlash uchun ajratilgan mablag‘ni talon-toroj qilgan shaxs ushlandi
21:54 / 23.12.2024