Jahon | 08:17 / 02.11.2018
4412
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp AQShda boshpana berish tartibini o‘zgartirishni taklif qildi

Foto: P Photo / Andrew Harnik

AQShda muhojirlarga boshpana berish bo‘yicha yangi reja keyingi haftada qabul qilinishi mumkin. Bu haqda AQSh prezidenti Donald Tramp ma'lum qildi. 

“Bu rejaga muvofiq, xorijliklar boshpana izlashda asossiz arizalar topshirib, mamlakatga noqonuniy yo‘l bilan boshqa erkin kira olmaydilar”, deb ma'lum qilgan Tramp jurnalistlarga. Uning tushuntirishicha, endi boshpana taqdim qilish haqidagi arizani AQShga kirish joylaridagina berish mumkin bo‘ladi.

AQShning 1965 yilda qabul qilingan immigratsiya va fuqarolik haqidagi qonunida AQShdagi istalgan muhojir mamlakatga qanday yo‘l bilan kirganidan qat'iy nazar, boshpana olish uchun ariza bera olishi aytilgan.

Trampning aytishicha, uning rejasi “to‘liq qonunga mos” bo‘ladi. Uning ma'lum qilishicha, chegarani noqonuniy kesib o‘tish vaqtida ushlangan boshpana so‘rovchilar maxsus chodirlarda ushlanib, sud jarayonigacha ozod qilinmaydilar.  
 
“Biz ko‘plab chodirlar qurmoqdamiz va ularni bu chodirlarda ushlab turamiz”, deb aytgan AQSh prezidenti. 

Tramp boshpana izlovchilarga mamlakatga istalgan joyda kirish imkonini beruvchi qonunni noqonuniy migratsiya uchun “o‘ziga tortuvchi ohangrabo” deb atagan. 

Ma'lum qilinishicha, Tramp bu haqda Markaziy Amerikadan AQShga yo‘l olayotgan muhojirlar karvoniga tegishtirib gapirgan. Tramp bu karvonni mamlakat xavfsizligiga xavf soluvchi “bostirib kirish” deb atagan.

Mavzuga oid