Xonqa dehqon bozoridagi ahvol abgor – vaziyat qachon o‘nglanishi noma'lum
«Kun.uz» tahririyatiga Xorazm viloyati, Xonqa tumanida istiqomat qiluvchi hamyurtlarimizdan murojaat tushdi. Unda Markaziy Dehqon bozori abgor ahvolda ekani, sotuvchi va xaridorlar uchun sharoit yo‘qligi, natijada bu barchaga noqulayliklar keltirib chiqarayotgani yozilgan edi. Vaziyatni o‘rganish uchun Xonqa tumani markazidagi dehqon bozoriga bordik.
Xonqa dehqon bozori tuman markazida joylashgan bo‘lib, 470ta o‘ringa mo‘ljallangan. «Xonqa dehqon bozori» MChJ rahbari o‘rinbosari Davlatboy Yusupovning ma'lumotiga ko‘ra, bozor asosan yakshanba kuni faoliyat ko‘rsatadi.
Bozorga kiraverishda, darvoza oldidagi joyni duradgorlar va mebelsozlar egallab olgan. Ular mebel, oyna va eshiklarini nafaqat piyodalar yo‘lagida, balki maysa ekilgan joyda ham sotmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi bozorlarida savdo faoliyatini tashkil etish Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 28 avgustdagi 253-son qaroriga asosan tartibga solinadi. Uning 13-bandida bozor hududida obektlarni joylashtirishning tasdiqlangan sxemasidan tashqari qo‘shimcha savdo o‘rinlarini tashkil etish taqiqlanishi ko‘rsatilgan.
Bozor 470 sotuvchi uchun mo‘ljallangan. Uning ba'zi rastalari bo‘shligini ko‘rish mumkin.
Yem-xashak va don sotuvchilar hamma narsasini yerga to‘shab, istalgan joyda savdo qilishmoqda. 253-sonli qarorning 25-bandida bozor ma'muriyati sotuvchilarni qat'iy ajratilgan savdo o‘rinlari bo‘yicha joylashtirishi shartligi belgilangan.
Rastalarda joy bo‘lsa-da, don va dukkakli don mahsulotlarini sotuvchilar yerda o‘tirgan holda savdo bilan mashg‘ul. Bu ham yuqoridagi qarorning 25-bandiga zid.
Bozor hududida rastalar mavjud bo‘lishiga qaramay, tovarlar yerga qo‘yilgan holda sotilmoqda.
Dehqon bozori hududida ba'zi shart-sharoitlar bor. Ammo orqa tomoni juda ham abgor ahvolda. U yerda dehqonlar bozor hududiga kirmasdan, yerda o‘tirgan holda savdo qilishmoqda. 253-sonli qarorning 23-bandida sotuvchilar faqat bozor ma'muriyati tomonidan belgilangan joylardagina savdo qilishga majburligi ko‘rsatilgan.
Bunday sharoitda, yozning issig‘ida chang-to‘zonda, qish sovug‘ida qor-yomg‘irning loyida qanday savdo-sotiq qilinishini tasavvur qilavering.
Bozorning chiqindi to‘plash shoxobchasi yonida savdo qilinmoqda. Uning darvozasi qulflangan. 253-sonli qarorning 25-bandida bozor ma'muriyati bozor ishlarini va bozor faoliyati bilan bog‘liq jarayonlarni savdo faoliyatini amalga oshirish tartibini belgilovchi va atrof muhitni muhofaza qilishni, bozor joylashgan hududdagi epidemiologik, epizootik va ekologik xavfsizlikni ta'minlovchi veterinariya-sanitariya qoidalari va normalariga qat'iy muvofiq holda tashkil etishi shartligi belgilab qo‘yilgan.
Bozor hojatxonasi oldida meva-chevalar, sabzavotlar bilan savdo qilinmoqda.
«Xonqa dehqon bozori» MChJ rahbari o‘rinbosari Davlatboy Yusupovning so‘zlariga ko‘ra, tez orada barcha qulayliklarga ega gipermarket qurilishi boshlanadi. Poydevor uchun katta chuqur qazilib, unga shag‘al to‘kib qo‘yilgan. Gipermarket qachon qurilib, bitkazilishi va qachon ochilishi ma'lum emas.
Chuqur yonida, xavfli hududda esa savdo-sotiq ishlari avjida.
Bozor hududidagi avtomobil saqlash joyi. 200-300 mashinaga mo‘ljallangan. Tig‘iz paytda joy yetishmaydi, natijada, bozor atrofidagi yo‘llarda tirbandlik vujudga keladi.
Bozorda qandolat va go‘sht mahsulotlari sotish uchun saroylar bor.
Qovun, tarvuz sotish uchun mo‘ljallangan pavilon. Unda sotuvchilar kam.
Biroq, pavilondan tashqarida qovun va tarvuz savdosi qizg‘in.
«Xonqa dehqon bozori» MChJ rahbari o‘rinbosari Davlatboy Yusupovning so‘zlariga ko‘ra, bozor hududi 470 nafar sotuvchi uchun mo‘ljallangan. Shuning uchun ham o‘z mahsulotini sotishga kelgan dehqonlar uchun joy yetishmaydi. Yaqinda yangi gipermarket qurilishi boshlanadi. Bundan tashqari, katta pavilon ham quriladi. Shunda savdo rastalari ko‘payadi va bunday muammolar hal bo‘lishi kutilmoqda.
Xulosa qiladigan bo‘lsak, Xonqa tumani markazidagi dehqon bozori faoliyatini o‘rganish jarayonida O‘zbekiston Respublikasi bozorlarida savdo faoliyatini tashkil etish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 28 avgustdagi 253-son qarorida belgilangan qoidalarga amal qilinmayotgani ma'lum bo‘ldi. Xonqaliklarning e'tirozi o‘rinli ekani ko‘rinib turibdi. Bu muammolarning hal qilish yo‘llari yangi gipermarket qurilishiga bog‘lanmoqda. Afsuski, unga hali poydevor ham qo‘yilmagan...
Nurmuhammad Said
Mavzuga oid
12:10 / 13.11.2024
O‘zbekiston uy-joy bozorida faollik darajasi pasaydi
17:13 / 01.11.2024
Prezident bozorlarda narxlarni barqarorlashtirish bo‘yicha tezkor choralar ko‘rishni buyurdi
08:00 / 07.10.2024
Toshkentdagi Ibn Sino bozori binosi sotuvga qo‘yildi
17:25 / 24.08.2024