O‘zbekiston | 18:50 / 06.11.2018
126036
9 daqiqa o‘qiladi

Toshkentlik 3 opa-singil o‘limida ayblangan shifokorlarga sud hukmi o‘qildi

2017 yilning kuzida Toshkent shahri Olmazor tumani Beshqo‘rg‘on MFYda (Tansiqboyev-3) istiqomat qiluvchi oilaning 3 nafar voyaga yetmagan farzandi ketma-ket vafot etgani haqidagi xabarlar ijtimoiy tarmoqlarni larzaga solgandi.

7 yashar Munisa, 6 yashar Muxlisa va 4 yashar Mohira 8 noyabr kechasi va 9 noyabr kuni ertalab bir necha soatning oralig‘ida ketma-ket vafot etgan edi.

Shifokorlar bir kunda vafot etgan uch qizning hech biriga aniq tashxis qo‘ya olmagan. Sud-tibbiyot ekspertizasi mutaxassislari ham o‘lim sababini aniqlay olmagan. 

O‘sha vaqtda Toshkent shahar prokurori Sherzod Obloqulov «ushbu jinoyat ishi bo‘yicha tergov jarayoni tugagani va sudga oshirilgani, ishni sud ko‘rib chiqayotgani» haqida ma'lumot bergandi.

Marhum qizlarning ota-onasi KUN.UZ tahririyatiga murojaat qilib, tayinlangan ekspertizalar to‘liq, qonunan o‘tkazilishi va sud adolat o‘rnatib, ishning xolis ko‘rilishi jarayonlarini to‘liq yoritib berilishini iltimos qilishgandi. Saytda mazkur jarayon batafsil yoritib borilgandi.

Aniqlangan kamchiliklar sabab jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudi bir necha bor kompleks sud-tibbiy ekspertizasini tayinlagandi.

Hatto O‘zR STE Bosh byuro boshlig‘i A.I.Iskandarov 25 aprel kuni ekspertlar tarkibini o‘zgartirishni so‘rab sudga murojaat qilgandi. Bunga sabab sifatida ekspertizani mukammal o‘rganish uchun sohaning professional xodimlari kerakligini asos qilgandi.

26 aprel kuni esa qo‘shimcha ajrim bilan ekspertlar tarkibiga o‘zgartirish kiritildi. Byuro boshlig‘i A.I.Iskandarov esa sud majlisida vijdoni oldida ekspertizani to‘liq va xolisona o‘tkazishga nomi va sharafini o‘rtaga qo‘yib va'da bergandi.

Sud quyidagilarni aniqladi. Toshkent shahar Olmazor tumanidagi 21-sonli oilaviy poliklinikasining «Umumiy amaliyot shifokori» lavozimida ishlab kelgan G.A. 2017 yilning 8 noyabr kuni taxminan soat 10larda uch qizni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishni boshlagan. Ularning uchovida ham birin-ketin qusish qayd etilgani, ich ketishi bir necha bor takrorlanishiga qaramay holatga to‘liq baho berilmagan. G.A o‘z kasbiga beparvolik va insofsizlarcha munosabatda bo‘lgan, vazifalarini lozim darajada bajarmagan.

Qizlarning oshqozonini yuvish, ularning gemodinamik ko‘rsatkichlarini (qon bosimi va pulsini) o‘lchash yoki ularni zudlik bilan yaqin masofada joylashgan maxsuslashtirilgan klinikalarning biriga yuborishni o‘ylamagan. Yoki virusolog, toksikolog, infeksionist va boshqa tor doiradagi mutaxassislarni chaqirib, yoxud ushbu mutaxassislar ko‘rigidan o‘tish uchun yo‘llanma berish, malakali birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish choralarini ko‘rmagan.

To‘liq hajmda va malakali diagnostika tadbirlarini o‘tkazmasdan, qizlar bilan oziq-ovqat mahsulotlarini ularning qarindoshlari iste'mol qilgani, qarindoshlarida hech qanday oshqozon buzilishi holatlari kuzatilmaganini bila turib, ilmiy va amaliy jihatdan asoslantirilmagan qizlarga «Disfunksiya jyeludochno-kishechnogo trakta» (Oshqozon-ichak trakti funksiyasi buzilishi) degan noto‘g‘ri, asoslantirilmagan tibbiy tashxisni qo‘ygan.

U qizlarga «Smekta», «Tserukal», «Kreon» va «Imudon» dori vositalarini iste'mol qilishlarini tavsiya qilgan. Qizlarning onasi D.Mo‘minovani ishontirib, hech qanday tibbiy hujjatlarni rasmiylashtirmasdan, uy sharoitida davolanish uchun qaytarib yuborgan.

Natijada qizlarning hayotini saqlab qolish uchun yetarli bo‘lgan vaqt boy berilgan. Shu kuni kechasi qizlar birin-ketin vafot etishgan.

Shuningdek, G.A qizlarni ko‘rikdan o‘tkazishda ambulator kartalarga ko‘rik natijalari to‘g‘risida yozuvlarni kiritmagan. U qizlar vafotidan xabar topgach, harakatlarini lozim darajada bajarmaganini yashirishni va javobgarlikdan qochishni rejalashtirgan.

2017 yil 9 noyabr kuni ertalab soat 07:30larda qizlarning uyidan ambulator kartalari olib keltirilishiga erishgan. Ushbu kartalarga go‘yoki qizlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazgani, qizlarga «Disfunksiya jyeludochno-kishechnogo trakta» (Oshqozon-ichak trakti funksiyasi buzilishi) tashxisi to‘g‘ri qo‘yilgani haqida rasmiy hujjatlarga soxta ma'lumotlar kiritish orqali tasdiqlab qo‘yishni maqsad qilgan.

Qizlarning tana haroratini o‘lchagani, ko‘rikdan o‘tkazish vaqtida ularda qusish holatlari kuzatilmagani haqidagi, infeksionist ko‘rigidan o‘tkazishga yo‘llanma bergani haqida va boshqa o‘ziga ma'qul bo‘lgan ma'lumotlarni kiritgan. Ma'lumotlar soxtaligini bila turib, qalbakilashtirilgan ambulator kartalarni Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan o‘tkazilayotgan xizmat tekshiruviga va sudga oid tibbiy ekspertizalarga taqdim etgan.

Qosimovlar qizlarini o‘sha oqshomda ikkinchi joyga - Respublika Ilmiy Amaliy Pediatriya ilmiy tekshirish markaziga (RIPIATM) olib borishgandi. Shu kuni bu yerda N.T. navbatchi shifokor bo‘lgan. Opa-singillar 2017 yil 8 noyabr kuni kech soat 21:30larda o‘ta og‘ir holatda markazga olib kelinganda ko‘rikdan o‘tkazib, klinik o‘lim holatida bo‘lgan Qosimova Mohirani markazning jonlantirish bo‘limiga yuborgan.

Ammo organizmi medikamentoz preparatidan o‘tkir zaharlangan Munisaning tana harorati 36°S, yurak urishi daqiqasiga 180taga yetgan, Muxlisaning tana harorati 35,7°S, yurak urishi daqiqasiga 185ta bo‘lgan bo‘lsa-da, ularning hayoti jiddiy xavf ostida ekanligiga qaramagan. Tananing hayot funksiyalarini saqlab turish uchun qizlarning mushaklari orasiga «Deksametazon-4» preparatidan 1,0 ml. miqdorda inʼeksiya yuborish bilan chegaralangan. Bemor qizlarning qon bosimini o‘lchagan. Ularning qon bosimi ma'lum darajada tushib ketganini bila turib, qizlarning qon bosimi ko‘rsatkichlarini «qabul bo‘limiga murojaat qilgan bemorlarni qayd etish kitobi»ga kiritmagan. O‘ta og‘ir ahvoldagi bemorlarga tegishli shoshilinch tibbiy muolajalarni ko‘rsatmagan. O‘z kasbiga nisbatan beparvolik va insofsizlarcha munosabatda bo‘lgan. Qizlarga «Oziq-ovqatdan zaharlanish» degan noto‘g‘ri tibbiy tashxis qo‘ygan.

Hayoti xavf ostida bo‘lgan qizlarning hayotini saqlab qolish uchun ularni jonlantirish bo‘limiga gospitalizatsiya qilmagan. Bir vaqtning o‘zida, bir oiladan bir xil belgilar bilan uch bola keltirilganini, ulardan biri jonlantirish bo‘limida vafot etganini bila turib, soat 22:30larda ahvoli o‘ta og‘ir bo‘lgan ikki nafar og‘ir bemor qizni tashish uchun mo‘ljallanmagan tez tibbiy yordam mashinasi orqali Uchtepa tumanida joylashgan Epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli kasalliklar klinikasiga yuborgan.

Joriy yilning 24 oktabr kuni sudya M.Yusupov hukm o‘qidi. Sud barcha og‘irlashtiruvchi va yengillashtiruvchi holatlarni o‘rganib chiqqan.

Sudlanuvchi G.A. O‘zbekiston Respublikasi JKning kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik va hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish moddalari bilan aybdor deb topildi. U 3 yil muddatga oilaviy poliklinikalarda «Umumiy amaliyot shifokori» lavozimida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 5 yilu 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Sudlanuvchi N.T. O‘zbekiston Respublikasi JKning kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik moddasi bilan aybdor deb topildi. U 3 yil muddatga shifoxonalarda «qabulxona shifokori» lavozimida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda unga nisbatan 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Jazoni manzil koloniyalarda o‘tash belgilandi.

Mavzuga oid