O‘zbekiston | 12:10 / 09.11.2018
103363
4 daqiqa o‘qiladi

Aqto‘beda 52 o‘zbekistonlik o‘limida ayblangan qozog‘istonlik haydovchilarga hukm o‘qildi

Foto: Qozog‘iston FVV

Qozog‘istonning Aqto‘be oblastida Jinoiy ishlar bo‘yicha tumanlararo ixtisoslashtirilgan sudda Aqto‘bedagi yo‘lda 52 nafar o‘zbekistonlik yonib ketgan avtobus haydovchilariga hukm o‘qildi. Viloyat sudi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, jami 5 ayblanuvchiga jazo tayinlangan.

«Avtobus haydovchilari B.Tanatov, N.Qirg‘izboyev va M.Pernebekovga sud 5 yilga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinladi. Ular keyingi 7 yil mobaynida yo‘lovchi tashish xizmati sohasida ishlay olishmaydi», deya xabar bergan «Interfaks» agentligi.

«Aziya tranzit servis» (avtobusga egalik qilgan kompaniya) mexanigi B.Perdebayev hamda kompaniya direktori N.Tlepbayev esa 3,5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. Ular sud zalida qamoqqa olingan.

 

Foto: Tengrinews.kz

Bundan tashqari, sudlanuvchilar halok bo‘lgan 52 o‘zbekistonlik uchun ularning oila a'zolariga 2 million tenge miqdorida (5300 dollar atrofida) tovon puli to‘lashadi.

2018 yilning 18 yanvar kuni Qozog‘istonning Aqto‘be oblasti hududida, Samara-Chimkent trassasi 1068-kilometrida haydovchilar bilan birga jami 57 kishi bo‘lgan avtobus yonib ketgandi. Bu fojia oqibatida O‘zbekistonning Rossiyaga ketayotgan 52 nafar fuqarosi halok bo‘lgan. Fojiadan 5 kishi omon qolgan, ularning 3 nafari qozog‘istonlik haydovchilar va 2 nafari O‘zbekiston fuqarolari. Avtobusning yonib ketishiga rasmiy sabab - texnik nosozlik va xavfsizlik texnikasiga rioya qilmaslik. 

Foto: Vnews.kz

Sudlanuvchilarga xizmat vazifalariga sovuqqonlik bilan qarash, nosoz avtotransportni ekspluatatsiya qilish oqibatida ikki va undan ortiq kishining o‘limiga sabab bo‘lish, hujjatlarni qalbakilashtirish kabi ayblovlar ilgari surilgandi.

Tergov davomida aniqlanishicha, har ikki yilda texnik ko‘rikdan o‘tishi shart bo‘lgan avtobus oxirgi marta 2015 yilda bunday ko‘rikdan o‘tkazilgan. Haydovchilardan biri haydovchilik guvohnomasi olib qo‘yilgan bo‘lsa-da, avtobusni boshqargan. Avtomexanik Bahodir Perdebayev esa nosoz avtobusning xizmat ko‘rsatishiga ruxsat bergan. Avtobus ana shunday qator kamchiliklar bilan Sariog‘ochdan Qozon shahriga yo‘l olgan.

Uch haydovchi solyarka muzlab qolguniga qadar navbat bilan avtobusni boshqarib borgan.

Haydovchi Nurjon Qirg‘izboyev yo‘lovchilar isinishi uchun kavsharlash lampasini salonga olib kirgan va yana bir haydovchi Barot Tanatov bilan birga tashqariga chiqib ketgan. 

Avtobusga qaytganlarida yo‘lovchilardan birining shimi yonayotganini ko‘rishgan. Yo‘lovchi tashqariga otilib chiqib qorda kiyimini o‘chirmoqchi bo‘lgan. Bu paytda avtobus portlovchi gazlar bilan to‘lib qolgandi. Portlashdan bir necha soniya oldin yo‘lovchilardan biri va haydovchi Maqsad Pernebekov salondan chiqishga muvaffaq bo‘lgan, lekin ularning oyoq-qo‘llari kuygan.

Keyin portlash sodir bo‘lgan va ikkinchi qavatdagi 52 yo‘lovchining barchasi tiriklay yonib ketgan.

Mazkur fojia bo‘yicha sud majlisi 3 sentabrda boshlangan, unda marhumlarning yaqinlari ularning halok bo‘lganiga ishonmasliklarini aytgandi.

Mavzuga oid