Sport | 09:38 / 09.11.2018
11265
4 daqiqa o‘qiladi

Uelbek jiddiy jarohat oldi, unga kislorodli niqob taqishga to‘g‘ri keldi

«Arsenal» a'zosi Denni Uelbek Yevropa ligasi doirasidagi «Sporting»ga qarshi bahsda jiddiy jarohat oldi. Hujumchi birinchi bo‘lim o‘rtalarida gazonga noqulay tarzda yiqilib tushdi.

Foto: Nick Potts/PA

25-daqiqada raqib jarima maydoni markazida turgan Uelbek o‘ng qanotdan o‘ziga uzatilgan to‘pni boshi bilan darvozaga yo‘llash uchun himoyachi bilan havodagi yakkakurashga kirishdi va zarbadan so‘ng yerga noqulay tarzda yiqildi. Natijada shifokorlar unga kislorodli niqob taqishlariga to‘g‘ri keldi va u maydondan zambilda olib chiqib ketildi.

30-daqiqada uning o‘rniga Obameyang maydonga tushirildi.

«Uelbekning jarohati – oqshomning eng dahshatli yangiligi bo‘ldi. Hozirgi lahzalarda biz uning dardiga sherikmiz. U o‘yinni yaxshi o‘tkazdi, gol urishi uchun bir nechta imkoniyatlar bo‘ldi. Uning jarohati futbolchilarga ta'sir etmay qolmadi. Ular jarohatning qay darajada jiddiy ekanini ko‘rib turishgandi. Bunday darajadagi shikastlanish shu kabi o‘yinlarda har qanday o‘yinchi bilan ro‘y berishi mumkin. Siz bunday bo‘lishini istamasligingiz mumkin, ammo bizning kasbimiz shunaqa.

U hozir shifoxonada, darak bo‘lishini kutamiz. Bizningcha, bu jarohat jiddiy bo‘lib chiqmaydi», - deb aytib o‘tdi «Arsenal» bosh murabbiyi Unai Emeri o‘yindan so‘ng.

Foto: Getty Images

OAVdagi ma'lumotlarga ko‘ra, kecha Denni o‘z professional karerasida 12-marta jarohat oldi. Bunga qadar u umumiy hisobda 707 kun lazaretda bo‘lgani sabab maydonga tusha olmagan.

27 yoshli hujumchining eng jiddiy jarohatlari 2015-2016 yillarga to‘g‘ri keladi. U «Arsenal»dagi ilk mavsumi (2014/15) oxirida tizzasidan shikastlangan, shundan so‘ng butun yoz davomida tiklanish bosqichini o‘tagan, ammo sentabrda baribir jarrohlik stoliga yotishga majbur bo‘lgandi. O‘shanda to‘liq sog‘ayishi uchun 5 oy vaqt kerak bo‘lgan. Ammo oradan ko‘p o‘tmay, 2016 yil bahorida yana tizzasidan jarohat olgan hujumchi yana bir marta operatsiya qilingan, shu boisdan Yevro-2016ni o‘tkazib yuborib, 9 oy futboldan chetda qolgan edi.

Foto: Getty Images

Uelbek ushbu mavsum jamoaning 14 o‘yinida maydonga tushib, 5 ta gol urgan va 1 ta samarali pas muallifi bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, «Arsenal» - «Sporting» o‘yinida hisob ochilmadi, shunday bo‘lsa-da, «to‘pchilar» pley-off yo‘llanmasini ikkita tur oldin hal qildi.

Mavzuga oid