Light | 11:14 / 10.11.2018
15270
2 daqiqa o‘qiladi

Tadqiqot: Tug‘ilish ko‘rsatkichlari 1950-yillardan buyon yarmiga kamaydi

Foto: Pexels

Jahon tug‘ilish ko‘rsatkichi 1950-yillardan buyon teng yarmiga kamayganiga qaramay, dunyo aholisi soni ko‘payishda davom etmoqda. The Lancet e'lon qilgan tadqiqot natijalari shundan darak bermoqda.

Umumiy tug‘ilish sur'ati tug‘ish yoshidagi ayolning farzandlari soni bilan o‘lchanadi. Bu raqam 1950-yilda 4,7ni tashkil etgan bo‘lsa, 2017-yilda 2,4ni tashkil etmoqda. Shunga qaramay, dunyo aholisi 1950-yildan beri qariyb 3 karra ortib, 2.6 mlrd kishidan 7,6 mlrd kishiga yetdi. 1985 yildan boshlab, Yer aholisi soni yiliga o‘rtacha 84 mln kishiga ko‘payib bormoqda. 

«Ayollar ko‘proq ta'lim olib, faol ish bilan shug‘ullanishlari barobarida tug‘ish raqamlari ham pasayganining ajablanadigan joyi yo‘q», - deydi tadqiqot muallifi Dr. Christopher Murray. Shu bilan birga, ta'kidlanishicha, bolalar o‘limining pasayishi hamda kech turmush qurish ham tug‘ilish ko‘rsatkichlari pasayishining asosiy omillardan biridir. 

Birlashgan Millatlar Tashkilotining 2017 yildagi hisobotiga ko‘ra, Yer aholisi 2050-yilga kelib 9,8 mlrd kishini tashkil etadi. 2100-yilga kelib, sayyoramizda 11,2 mlrd inson istiqomat qiladi. O‘sha hisobotda 2017-2050-yillar oralig‘ida aholining eng ko‘p tabiiy o‘sishi Afrika mintaqasida ro‘y berishi taxmin qilingan. 

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid