Jamiyat | 18:54 / 15.11.2018
20391
3 daqiqa o‘qiladi

Korrupsiyaga qarshi insholar tanlovining ikkinchi bosqichi o‘tkazildi

Adliya vazirligi tomonidan “Biz korrupsiyaga qarshimiz” megatanlovi doirasida o‘tkazilayotgan “Korrupsiya – taraqqiyot kushandasi” umummilliy insholar tanlovi qizg‘in pallaga kirdi. 

Insholar tanlovi boshqa nominatsiyalardan farqli ravishda onlayn tarzda o‘tkazilmayapti. Ishtirokchilar insholarni o‘zlari qo‘lda yozib, shaxsan hay'atga topshirishlari kerak.

Tanlovning 20 oktabr kuni yakunlangan 1-bosqichida butun respublika bo‘ylab 20 mingdan ortiq ijodiy ishlar topshirildi. Ular har bir tuman adliya bo‘limlari qoshida tashkil etilgan hakamlar hay'ati tomonidan baholandi, 30 oktabrgacha g‘oliblar e'lon qilindi va 1000 nafar ishtirokchiga ikkinchi bosqichda qatnashish uchun yo‘llanma berildi.

Bugun, 15 noyabr kuni hududiy adliya organlari tomonidan o‘tkazilgan 2-bosqich ham yakunlanadi va insholarni baholash jarayoni boshlanadi. Ishtirokchilar belgilangan vaqtda ma'lum bir binoga to‘planib, “Korrupsiya va jamiyat” mavzusida insholar yozishdi. 

Kuzatuvchilar ishtirokchilarning mavzuni yoritishga jiddiy kirishganlari, tarixiy va xalqaro tajribani hamda zamonaviy voqelikni hisobga olgan holda chuqur tahliliy insholar yozishga harakat qilayotganlarini ta'kidlashmoqda.

Albatta, ikkinchi bosqichda g‘alaba qozonish murakkabroq kechishi aniq. Yana bir necha kundan so‘ng kimlar respublika bosqichiga o‘tgani va g‘alaba sari yana bir qadam yaqinlashgani ayon bo‘ladi.

Ta'kidlash joizki, insholar tanlovi uch bosqichda, ikki yo‘nalishda (o‘quvchilar va talabalar) bo‘lib o‘tadi. Uchinchi bosqich respublika darajasida o‘tkaziladi va unda har bir viloyatdan har yo‘nalishdan 3 nafardan g‘olib ishtirok etishi mumkin.

Tanlov yakunlari Konstitutsiya kuni hamda Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash kuni arafasida e'lon qilinadi.

Insholar tanlovi g‘oliblariga har bir yo‘nalish bo‘yicha 1 tadan Samsung Galaxy S9 smartfoni hamda boshqa qimmatbaho sovg‘alar topshiriladi.

Mavzuga oid