Jamiyat | 20:10 / 16.11.2018
21113
3 daqiqa o‘qiladi

Bosh prokuratura Oltiariqdagi bog‘cha holati yuzasidan ma'lumot berdi

15 noyabr kuni «Kun.uz» saytida «Oltiariqdagi bog‘chada bolalar qalin kiyimlarda uxlashmoqda» sarlavhasi ostida maqola e'lon qilingandi. Bosh prokuratura mazkur maqolaga o‘z munosabatini bildirdi. Bosh prokuratura matbuot xizmatining xabar qilishicha, maqola yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilgan.

«Aniqlanishicha, Oltiariq tumani, «Yangiarab» MFY, Ipakchi ko‘chasi, 47-uyda joylashgan 23-sonli maktabgacha ta'lim muassasasi 1978 yilda qurilgan bo‘lib, muassasa 140 o‘ringa mo‘ljallangan. Hozirda bog‘chada 6ta guruh mavjud bo‘lib, 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan 120 nafar bola tarbiyalanadi. Muassasa binosi jami 12 xonadan iborat, har bir xonada isitish moslamalari mavjud. Muassasaga 4ta isitish qozoni o‘rnatilgan bo‘lib, hozirda ushbu isitish qozonlari soz holatda ishlamoqda.

Barcha xonalarda xona haroratini ko‘rsatib turuvchi termometrlar o‘rnatilgan. Hozirda xonalarning issiqlik darajasi +25 darajadan yuqori holatda. Mazkur maktabgacha ta'lim muassasasiga 2018-2019 yil kuz-qish mavsumlariga tayyorgarlik ko‘rish uchun viloyat mahalliy byudjyet hisobidan 4 dona yangi isitish qozonlari uchun 24,8 mln. so‘m mablag‘ ajratilgan. Farg‘ona «Issiqlik ta'mir MChJ» korxonasi bilan 12.10.2018 yil 14/1-sonli tuzilgan shartnomaga asosan 7 oktabr kuni 4 dona yangi isitish qozoni o‘rnatilgan.

Shuningdek, issiqlik tizimini joriy ta'mirlash xarajatlari uchun 39,2 mln. so‘mlik mablag‘ ajratilgan. Joriy yilning 31 oktabrdagi 14/2-sonli shartnomaga asosan «Behruz SX MChJ» korxonasi tomonidan ta'mirlash ishlari to‘liq bajarildi.

Bundan tashqari, muassasaga 2018-2019 kuz-qish mavsumlarini o‘tkazish uchun jami 10 tonna ko‘mir, 25 tonna ko‘mir briketi yetkazib berildi.

«Kun.uz»da yoritilgan «Oltiariqdagi bog‘chada bolalar qalin kiyimlarda uxlashmoqda» maqolasida bayon etilgan ma'lumotlar joriy yilning 18 oktabr kunidagi holatlar bo‘lib, hozirda ushbu holatlar bartaraf etilgan», deyiladi xabarda.

 

Mavzuga oid