O‘zbekiston | 21:00 / 17.11.2018
15787
9 daqiqa o‘qiladi

Deputatlar 2019 yilgi Byudjyetnomani muhokama qilishdi

2018 yil 17 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar O‘zbekiston Respublikasining 2019 yilgi Davlat byudjyeti, davlat maqsadli jamg‘armalarining byudjyetlari hamda soliq va byudjyet siyosatining asosiy yo‘nalishlarini ko‘rib chiqishdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar berishicha, majlisda O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari — moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov ma'ruza qilgan.

Dastavval parlament quyi palatasining barcha qo‘mitalari, siyosiy partiyalar fraksiyalari va O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhi majlislarida ushbu masalaning dastlabki muhokamalari o‘tkazilgan edi.

Majlisda qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdim qilingan 2019 yilgi Byudjyetnoma O‘zbekiston Respublikasi prezidenti tomonidan tasdiqlangan 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalardan kelib chiqqan holda, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Byudjyet kodeksining 96-moddasi qoidalariga muvofiq ishlab chiqilib, parlamentga kiritilgan.

Mamlakatning bosh moliyaviy hujjatini taqdim etish amaliyotida birinchi marta 2019–2021 yillarda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari prognozi berildi. Unda fiskal ko‘rsatkichlarga ta'sir ko‘rsatuvchi asosiy tashqi va ichki omillar, 2019–2021 yillarga oid soliq-byudjyet siyosatining strategiyasi, 2019 yilga mo‘ljallangan va 2020–2021 yillarga prognoz qilingan fiskal xavflar, 2019–2021 yillarga mo‘ljallangan Davlat byudjyeti va davlat maqsadli jamg‘armalarining byudjyetlari parametrlari kabi masalalar o‘z aksini topgan. Iqtisodiyotni modernizatsiya va diversifikatsiya qilishni ta'minlashga, iqtisodiyot sektorlarining makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning yuqori sur'atlarda o‘sishiga erishishga, aholi farovonligini yuksaltirishga qaratilgan investitsiyaviy jozibadorlik hamda ishchanlik muhitini oshirishga doir chora-tadbirlarni izchil amalga oshirish nazarda tutilgan.

Majlisda qayd etilganidek, 2019 yilda yalpi ichki mahsulotning o‘sishi keyingi yillarda uning ijobiy dinamikasini saqlab qolgan holda 5,4 foiz (2020 yilda 6,0 foiz, 2021 yilda 7,0 foiz) miqdorda bo‘lishi nazarda tutilmoqda. Xususan, sanoat ishlab chiqarishi hajmi 4,9 foiz, qurilishda 8,4 foiz, qishloq xo‘jaligida 3,3 foiz va xizmatlar sohasida 6,2 foiz ko‘payadi, asosiy kapitalga investitsiyalar 17,0 foiz, tovarlar va xizmatlar eksporti 15,5 foiz hamda import 6,3 foiz o‘sadi.

2019 yilgi soliq siyosatining asosiy yo‘nalishlari prezidentning 2018 yil 29 iyunda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi to‘g‘risida»gi Farmoniga muvofiq ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, barcha fuqarolar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining yagona stavkasini 12 foiz miqdorida joriy etish, shundan 0,1 foizini shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga yo‘naltirish, yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i stavkasini 14 foizdan 12 foizgacha, tijorat banklari uchun 22 foizdan 20 foizgacha pasaytirish, fuqarolarning mehnat haqi tarzidagi daromadlaridan byudjyetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga ushlab qolinadigan sug‘urta badallarini bekor qilish nazarda tutilmoqda. Umuman olganda, taklif etilayotgan chora-tadbirlar amalga oshirilishi hisobiga soliqlar va majburiy to‘lovlarning turi 19tadan 15tagacha kamayadi.

2019 yilga mo‘ljallangan byudjyet siyosati puxta o‘ylangan fiskal siyosatni amalga oshirishga, iqtisodiy ko‘rsatkichlarning mutanosib o‘sishiga va mamlakat moliyaviy tizimining barqarorligini ta'minlashga qaratilgan.

Byudjyet mablag‘larini rejalashtirish samaradorligini, ulardan foydalanish natijadorligini oshirishga hamda byudjyetlararo munosabatlarni takomillashtirishga yo‘naltirilgan bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilmoqda. Xususan, davlat byudjyetini rejalashtirish va ijro etish jarayonini, byudjyetlararo munosabatlarni takomillashtirish, tegishli viloyatlar, tumanlar va shaharlarning soliq to‘lash imkoniyatlarini kengaytirishdan mahalliy davlat hokimiyati organlarining manfaatdorligini oshirish, byudjyetning barqarorligini ta'minlash uchun byudjyetga qat'iy rioya etilishiga erishish, byudjyet tizimida byudjyetlarning moliyaviy oqimlarini uyg‘unlashtirish kabilar shular jumlasidandir. Byudjyetni rejalashtirishning barqarorligini oshirish maqsadida prognoz yili uchun davlat byudjyetini va keyingi ikki yilga mo‘ljallangan byudjyet yo‘nalishlarini tasdiqlash yo‘li bilan o‘rta muddatga mo‘ljallangan byudjyetni rejalashtirish mexanizmini joriy etish taklif qilinmoqda.

2019 yilda O‘zbekiston Respublikasi davlat byudjyeti daromadlarining tushumi 102,6 trln. so‘m yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 24,2 foiz darajasida bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Davlat byudjyetiga tushumlarning joriy yil ko‘rsatkichiga nisbatan 37,8 foiz o‘sishi rejalashtirilmoqda.

Davlat byudjyeti daromad qismining tushumi bevosita soliqlar bo‘yicha daromadlar hisobiga 20,7 trln. so‘m, bilvosita soliqlar bo‘yicha 55,5 trln. so‘m miqdorida, resurs soliqlar va mol-mulkka solinadigan soliqlar bo‘yicha 14,6 trln. so‘m, yer osti boyliklaridan foydalanganlik uchun soliqlar bo‘yicha 10,7 trln. so‘m, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqlar bo‘yicha 0,3 trln. so‘m miqdorida bo‘lishi kutilmoqda.

2019 yilda davlat byudjyetining xarajatlari 107,1 trln. so‘mni tashkil etadi. Bu o‘tgan yildagiga nisbatan 1,4 baravar ko‘p bo‘lib, bunda Davlat byudjyetining xarajatlari asosan ijtimoiy sohalarga yo‘naltiriladi. Jumladan, ijtimoiy soha xarajatlari 57,8 trln. so‘mni yoki umumiy xarajatlarga nisbatan 54,0 foizni tashkil etadi. Bunda ushbu xarajatlarning o‘sishi avvalgi yilga nisbatan 34,4 foiz ko‘payadi.

Maktabgacha ta'lim muassasalarini moliyalashtirishga 4,0 trln. so‘m, umumiy ta'limga 17,1 trln. so‘m yo‘naltiriladi, kadrlar tayyorlashga ajratiladigan mablag‘lar 3,8 trln. so‘mni tashkil etadi.

Sog‘liqni saqlashni moliyalashtirishga esa,12,1 trln. so‘m yo‘naltiriladi yoki avvalgi yilga nisbatan 30,5 foiz o‘sish bilan umumiy xarajatlarga nisbatan 11,3 foizni tashkil etadi.

Madaniyatni moliyalashtirish uchun 1,0 trln. so‘m, ilm-fanga 0,8 trln. so‘m yo‘naltiriladi. Ijtimoiy nafaqalar, kam ta'minlangan oilalarga moddiy yordam to‘lash va kompensatsiya to‘lovlari uchun xarajatlar o‘tgan yildagiga nisbatan 61,8 foiz oshgan holda 5 267,2 mlrd. so‘mni tashkil etadi.

«Obod qishloq» va «Obod mahalla» davlat dasturlarini amalga oshirish uchun barcha moliyalashtirish manbalari hisobidan 6,3 trln. so‘m yo‘naltiriladi, bu esa, 478 ta aholi punktida turmush sharoitlari yaxshilanishini ta'minlaydi.

Davlat dasturlarini amalga oshirish doirasida 2019 yilda 372 ta obektda ichimlik suv ta'minoti va kanalizatsiya tizimini rekonstruksiya qilish hamda modernizatsiyalash, 1 916,1 km uzunlikdagi suv o‘tkazish tarmog‘ini qurish va rekonstruksiya qilish nazarda tutilmoqda. Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida markazlashgan suv ta'minotini qamrab olish 2019 yilda 77,0 foizga yetadi.

Umuman olganda, 2019 yilgi Byudjyetnomada nazarda tutilgan daromadlarning izchil o‘sishi, soliq siyosatida joriy etilayotgan tub o‘zgarishlar aholining turmush sharoitlarini yaxshilashga qaratilgani bilan ahamiyatli ekani ta'kidlandi.

Majlisda Byudjyetnoma hamda uning asosiy yo‘nalishlari deputatlar tomonidan har tomonlama muhokama etildi.  

Byudjyet mablag‘laridan samarali foydalanishda ta'sirchan jamoatchilik va parlament nazoratini amalga oshirish dolzarb ahamiyat kasb etadi. Mahalliy byudjyetlarning daromad manbai mustahkamlanishini va ularning mustaqilligi izchil oshirib borilishini hisobga olgan holda, mahalliy vakillik organlari vakolat va imkoniyatlaridan oqilona foydalanilishini, byudjyetga tushumlar to‘liq bo‘lishini ta'minlash ishiga faol qo‘shilishlari talab etiladi. Bu borada parlament xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari korpusiga har tomonlama yordam ko‘rsatishi ta'kidlab o‘tildi.

Shu bilan birga, majlisda Hukumatga siyosiy partiyalar fraksiyalari, O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhining taklif va fikr-mulohazalari, shuningdek,  aholining Qonunchilik palatasi deputatlari bilan joylarda o‘tkazilgan uchrashuvlar chog‘ida bildirilgan fikrlari hamda takliflarini inobatga olish taklif etildi.

Parlament vakillarining bosh moliyaviy hujjat loyihasi yuzasidan bergan savollariga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari — moliya vaziri J.Qo‘chqorov atroflicha javob qaytardi. 

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Abdulla Aripov so‘zga chiqdi.

Barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari va Ekologik harakat deputatlar guruhining so‘zga chiqqan vakillari hukumat tomonidan taqdim etilgan O‘zbekiston Respublikasining 2019 yilgi davlat byudjyeti, davlat maqsadli jamg‘armalari byudjyetlari hamda soliq va byudjyet siyosatining asosiy yo‘nalishlarini qo‘llab-quvvatlashni taklif etishgan.

Loyiha Qonunchilik palatasi tomonidan tasdiqlangan.

Mavzuga oid