O‘zbekiston | 11:27 / 21.11.2018
49377
4 daqiqa o‘qiladi

Prezident qarori bilan issiqxonalarga imtiyozlar berildi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Issiqxona komplekslarini rivojlantirish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi prezident qarori qabul qilindi.

Adliya vazirligi telegram-kanalining yozishicha, qaror bilan issiqxona xo‘jaligini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari belgilandi.

Zamonaviy issiqxona komplekslari tashkil etish bo‘yicha istiqbolli loyihalar doirasida jami respublika bo‘yicha 105ta loyiha amalga oshiriladi va bu orqali 4 ming 481 yangi ish o‘rni yaratiladi.

Qarorga muvofiq hukumat tomonidan quyidagilar amalga oshiriladi:

• bir haftada yoqilg‘i yoqish yo‘li bilan issiqlik yoki elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi korxona, muassasa va tashkilotlar reyestri shakllantiriladi;
• bir oy muddatda yoqilg‘i yoqish yo‘li bilan issiqlik yoki elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi korxonalar (davlat ulushi 51 foiz va undan yuqori bo‘lgan), muassasalar va tashkilotlarga tutash hududlarda zamonaviy issiqxona komplekslari joylashtiriladi.

Shuningdek, qaror bilan tutash hududlarida zamonaviy issiqxona komplekslarini joylashtirish rejalashtirilayotgan iqtisodiyot tarmoqlari korxonalarining ro‘yxati tasdiqlandi.

Hududlarda zamonaviy issiqxona komplekslarini tashkil etishga ko‘maklashish bo‘yicha ishchi guruhlar tashkil etilishi belgilandi hamda ularning namunaviy tarkibi tasdiqlandi.

Ishchi guruhlar rahbarlariga 20 kun muddatda yoqilg‘i yoqish yo‘li bilan issiqlik yoki elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga tutash hududlarda joylashgan aniq yer uchastkalarining ro‘yxatini shakllantirish va ularni elektron savdolarga qo‘yish vazifasi yuklandi.

Endilikda 2019 yilda zamonaviy issiqxona komplekslarini moliyalashtirish, loyihalarni amalga oshirish uchun Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi, boshqa xalqaro moliya institutlarining kredit liniyalari hisobiga 200 million AQSh dollaridan kam bo‘lmagan mablag‘lar jalb qilinadi.

Yuridik shaxslar 2021 yil 1 yanvarga qadar:

• zamonaviy issiqxona komplekslari, ularning butlovchi qismlari va gofrlangan karton idish ishlab chiqarishda foyda solig‘i, yagona ijtimoiy to‘lov va qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etiladi;
• zamonaviy issiqxona komplekslari va gofrlangan karton idish ishlab chiqarish uchun talab etiladigan, O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan uskuna, xom ashyo va materiallar, ehtiyot qismlar va butlovchi buyumlar uchun bojxona to‘lovlaridan ozod etiladi.

Qarorga muvofiq qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘larini yetishtirish bo‘yicha Buxoro, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlarida urug‘chilik klasterlari tashkil etiladi.

Qaror bilan Innovatsion rivojlanish vazirligiga quyidagi vazifalar yuklandi:

• 2019 yil 1 sentabrga qadar urug‘chilikni rivojlantirish markazining sifatni nazorat qilish laboratoriyasi negizida qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘larining nav, genetika va ekish sifat ko‘rsatkichlarini baholash bo‘yicha laboratoriya tashkil etish va Urug‘chilikni rivojlantirish markazini Urug‘ sifatini nazorat qilish bo‘yicha xalqaro uyushmaga (ISTA) a'zo sifatida kiritilishini ta'minlash bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rish;
• sabzavot ekinlarining hosildorligi yuqori yangi navlari va duragaylarini yaratish.

Qaror bilan Samarqand viloyati Samarqand tumanida qishloq xo‘jaligi axborot-maslahat markazi (ekstenshn markazini) dastlabki loyihasi amalga oshiriladi.

Mavzuga oid