Sport | 13:06 / 22.11.2018
9285
2 daqiqa o‘qiladi

Grizmann yana bir bor Urugvayga ehtiromini namoyish etdi

Fransiya terma jamoasi hujumchisi Antuan Grizmann seshanba kuni bo‘lib o‘tgan Urugvayga qarshi uchrashuv uchun o‘ziga maxsus dizayndagi butsalar tayyorlatdi. Butsaning yon va ostki qismlarida Fransiya va Urugvay bayroqlari tasvirlangan.

Hujumchi butsalari tasvirini Twitter`dagi sahifasiga joylab, unga quyidagicha izoh qoldirdi: «Men uchun alohida ahamiyatga ega o‘yinga atalgan maxsus bir juft [butsa]».

Grizman Urugvayni o‘zining ikkinchi vatani deb hisoblashi yangilik emas. U «Atletiko»dagi jamoadoshlari bilan qalin do‘stligi va ilk murabbiylari sababli uzoq Janubiy Amerika mamlakatini o‘ziga qadrdon deb biladi.

Antuan JCh-2018dagi o‘zaro o‘yin oldidan ham buni tasdiqlab, shunday degan edi:

«Urugvayning haqiqiy fanatimanmi? Ha, albatta. Bu jamoada o‘ynaydigan do‘stlarim ko‘p. Men hatto Diyego Godindan («Atletiko»dagi jamoadoshi – Tribuna) Kavanining futbolkasini olib berishni so‘ragandim va uni oldim ham. Qolaversa, WhatsApp`dagi akkauntimda ham Urugvayning bayrog‘i suratini joylaganman».

Mundial chorak finalidagi uchrashuv 2:0 hisobida fransuzlar foydasiga hal bo‘lgan, Grizmann ikkala golda ham ishtirok etgan edi (bitta to‘pni o‘zi kiritgan va yana samarali pas ham uzatgan). O‘sha o‘yinda u urgan golini ham nishonlamagan.

27 yoshli hujumchi mundial finalidan keyingi matbuot anjumanida yelkasiga Urugvay bayrog‘ini tashlagan holda ishtirok etgan.

Eslatib o‘tamiz, 20 noyabr kungi Fransiya – Urugvay o‘yini 1:0 hisobida mezbonlar foydasiga hal bo‘ldi.

Mavzuga oid