O‘zbekiston | 21:19 / 25.11.2018
8470
5 daqiqa o‘qiladi

Ekspert: Raqamlar bilan OAVda senzura yo‘qligi isbotlanmaydi

O‘zbekistonda senzura yo‘qligini isbotlash uchun raqamlarni keltirishadi. Aslida, OAV erkinligi ularning o‘zlari xohlagan mavzuni bemalol yorita olishidadir. Human Rights Watch tashkiloti vakili Endryu Strolin Inson huquqlari bo‘yicha Samarqand forumi doirasida KUN.UZ muxbiriga bergan intervyusida shunday fikrni bildirdi. 

22-23 noyabr kunlari Samarqand shahrida Inson huquqlari bo‘yicha Osiyo forumi bo‘lib o‘tdi. Mazkur anjuman Inson huquqlari bo‘yicha umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 70 yilligi munosabati bilan tashkil etildi. Forumni yoritishda ishtirok etgan KUN.UZ muxbiri Inson huquqlari bo‘yicha ayrim xalqaro tashkilotlar vakillaridan qisqa intervyular oldi. Xususan, Human Rights Watch tashkiloti vakili Endryu Strolin (European Media Director) quyidagi savollarga o‘z fikrlarini bildirdi. 

— Nima deb o‘ylaysiz, janob Endryu, O‘zbekiston hukumati OAV ochiqlik darajasini oshirishi uchun qanday islohotlarni amalga oshirishi kerak? 

— Ommaviy axborot vositalarining ochiqligini ta'minlash bu juda muhim masala. U bosqichma-bosqich amalga oshirilishi lozim. Birinchi navbatda, shuni aytib o‘tish kerakki, bundan bir necha yil avval qamoqqa tashlangan ayrim jurnalistlar hozirda ozodlikka chiqarilgan. Endilikda, ularning ruhiy va jismoniy jihatdan o‘zlarini tiklab olishlariga ko‘maklashish, hukumat ularga qarshi qo‘llagan chorasi noto‘g‘ri bo‘lganini tan olish darkor. Faqat shundagina, sohaning boshqa vakillari, ya'ni jurnalistlar, fikrini ochiq bayon qilgani uchun qamoqqa tashlanmasligiga, bu kabi holat o‘tmish ekani va kelajakda boshqa takrorlanmasligiga ishonch hosil qilishadi. 

Bundan tashqari, hukumat faqat raqamlarga e'tibor berishdan, statistika uchun ishlashdan tiyilishi kerak. Chunki, ayrim holatlarda, bizda sakkiz yuz, ming yoki ikki mingta OAV bor deb, senzura yo‘qligini shu bilan isbotlamoqchi bo‘lishadi. Aslida esa, OAV erkinligi, ularning hech nimadan xavfsiramasdan, o‘zlari xohlagan mavzuni bemalol yorita olishidadir. Agar bunga imkoniyat yaratib berilsa, jurnalistlarda o‘sish bo‘ladi. Ular xalq fikrini o‘rganadi, jamiyatdagi o‘zgarishlarni muhokama qiladi. Bu esa, o‘z navbatida, soha rivojiga ulkan hissa qo‘shadi.

— O‘zbekistondagi jurnalistika sifati, uning ochiqlik darajasini qanday baholaysiz?

— Bu savolga, shu tobning o‘zida to‘g‘ridan-to‘g‘ri javob berish men uchun biroz qiyin. Aytishim mumkinki, bu sohada o‘zgarishlar yo‘q emas. Bundan 16 yil muqaddam, «Urush va tinchlik» deb atalgan tashkilotda ishlab yurgan kezlarimda, O‘zbekistonga kelgandim. O‘shanda OAV erkinligi darajasi ham, sifati ham hozirgidan birmuncha yaxshi edi. Biroq, bugungi kundagi holat ikki yoki uch yil oldingidan yaxshiroq. Sezilarli o‘zgarishlar yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Fikrimcha asosiysi shu. OAV haqida gapirganda ularning soni haqida emas, balki sifati, erkinligi xususida gapirish, ularni shu tamoyillarga ko‘ra baholash kerak. Bu kabi mezon nafaqat media vositalari uchun, shu bilan birga, inson huquqlarini baholash uchun ham qo‘llanishi maqsadga muvofiq bo‘lardi.

— O‘zbekistonda bir necha o‘n jurnalist ozodlikka chiqarilganidan xabaringiz bo‘lsa kerak. Ularning o‘zlarini tiklab olishlari, yo‘lini topib ketishlari uchun hech qanday yordam ko‘rsatilmagani tashkilotingiz hisobotida aytildi. Sizningcha, hukumat bu borada qanday yo‘l tutishi kerak?

— Bu borada bir nechta choralar qo‘llanishi mumkin. Masalan, birinchi navbatda, ularga nisbatan qo‘llagan jazo noto‘g‘ri bo‘lgani tan olinishi muhim. Ikkinchidan, ularga sog‘liklari tiklanishi uchun ko‘maklashish lozim. Ularga nisbatan bunday yordam taqdim etilishi, ham mamlakat ichkarisidagi ham mamlakat tashqarisidagi jurnalistlar uchun ijobiy chaqiriq bo‘ladi.

— Ozodlikka chiqarilgan biror jurnalist bilan uchrashdingizmi?

— Yo‘q, hozircha bunga imkon bo‘lmadi. Chunki, o‘n yil deganda O‘zbekistonga endi kelib turibman. 

— Buni rejaga kiritganmisiz?

— Ha, keyingi bir necha kun mobaynida ular bilan uchrashish, qamoqdan keyingi hayotga qaydarajada moslashganliklarini, ahvolini o‘rganishga urinib ko‘ramiz.

Mavzuga oid