Jahon | 12:10 / 25.11.2018
70348
21 daqiqa o‘qiladi

Koreya: Bir millat, ikki davlat – 70 yillik ziddiyat

Dunyodagi g‘oyalar urushining yorqin misoli, o‘z davlatchilik uslubining xatoligiga qaramay qat'iyat, har qancha rivojlanish va kuchli tarafdorlar bo‘lishiga qaramay ziddiyatga to‘la yechim topa olmaslik... Mana shu so‘zlar Shimoliy va Janubiy Koreya davlatlarining bugungi holatiga qisqa ta'rif bo‘la oladi. Bir millatdan iborat ikki davlat hamon rasman o‘zaro urush maqomini saqlab turibdi.

Davlatlarning nomlanishi ham juda antiqa. Janubiy Koreya rasman Koreya Respublikasi deb nomlansa, Shimoliy Koreya demokratiyadan asar bo‘lmagani holda Koreya Xalq Demokratik Respublikasi (KXDR) degan jarangdor nomni bexijolat qabul qilib olgan. Janubiy Koreya butun dunyoga o‘z eshiklarini ochib qo‘ygan, bu davlat haqida istagancha axborot olish mumkin. KXDR esa buning butunlay aksi, boshqa davlatlar muxbirlari bu mamlakatdan erkin faoliyat olib bora olmagani kamlik qilgandek, internet ham deyarli uzib qo‘yilgan.

Mamlakatning rasmiy axborotnomalarida esa «AQSh imperialistlarini quvib yuborgan koreys xalqi millatning «porloq yulduzi» rahnamoligida erishayotgan mislsiz yutuqlar, tez orada asli KXDRga tegishli bo‘lgan mamlakatning janubiy hududlari ham ozod qilinishi» haqidagi jarangdor axborotlar tarqatiladi.

Janubiy Koreya va qator xorij nashrlari esa Shimoliy Koreya aholisi o‘ta abgor ahvolda yashayotgani, hatto ochlik changalida qolgani, davlat boshqaruvida o‘ta shafqatsiz tizim minglab odamlarning yostig‘ini quritayotgani haqida bong uradi.

Qisqa qilib aytganda, har ikki tomon o‘z tuzumining mutlaq adolatli ekanligi haqida jar solgani holda qo‘shnisining hududlari aslida o‘ziga tegishli ekanligini, ularni ozod qilish muqaddas burchligini ta'kidlashdan to‘xtamaydi.

Xo‘sh, bu qadar ziddiyatning asl ildizi qayerda?

Hammasi bir asrdan ham nariga borib taqaladi. 1910 yildan to Ikkinchi jahon urushiga qadar yagona Koreya davlati Yaponiyaning mustamlakasi bo‘lgan. Yaponlar bu hududdan turib nafaqat Koreyani, balki Xitoyning katta hududini nazorat qilishardi. Koreyaning bo‘linib qolishida aynan mana shu jihat asosiy rol o‘ynaydi. Ikkinchi jahon urushi yakuniga ko‘ra, hududni yaponlardan ozod qilish zarurati tug‘ildi. Shimol tomondan sobiq SSSR, janubdan AQSh va uning ittifoqchilari Koreya yarimorolini yapon bosqinchilaridan ozod qilishdek ezgu maqsad yo‘lida birlashdi. Ular mamlakat hududini 38-paralleldan qoq ikkiga ajratib, ikki tomonga o‘z askarlarini joylashtirishdi va tozalash ishlarini boshlab yuborishdi. E'tiborli jihati keyinchalik ikki tuzumni ajratuvchi bu chiziq vaqtincha va shartli ravishda chizilgandi.

O‘sha paytlar Koreya davlati uchun ulkan muammoni yechib berishni ko‘zlagan bu ikki qudratli davlat keyinchalik bu hudud ulkan qirg‘inlar maydoniga, ikki tuzum ziddiyati markaziga aylanishini bilganlarida balki bu davlatga umuman kirmasmidi?..

Xullas, Ikkinchi Jahon urushi yakuniga ko‘ra, 1949 yilning dekabrida antigitlerchilar koalitsiyasi tomonidan yaponlarni quvish va Koreya mustaqilligini tiklash maqsadida 38-parallelning har ikki tomonida muvaqqat hukumatlar tuzildi. Janub tomonda AQSh vasiyligida o‘tkazilgan saylovlar natijasiga ko‘ra Li Sin Man g‘olib chiqqan bo‘lsa, shimolda sovetlar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan Kim Ir Sen davlat boshqaruviga keldi.

Bir qarashda hammasi reja bo‘yicha ketayotgan, yaponlar quvilib, Koreya mustaqillikka erishgach, barcha murod maqsadiga yetadigandek edi.

Ammo bu paytga kelib har biri o‘ziga xos tuzum hamda mafkurani targ‘ib qiluvchi AQSh va SSSR o‘zaro sovuq urush davriga kirib ulgurgan, bir-birlarining har bir harakatiga shubha bilan qarashardi. Bu kayfiyat Koreyaning har ikki rahbari qalbidan joy olib ulgurgan, undan tashqari Li Sin Man ham, Kim Ir Sen ham allaqachon hokimiyat mazasini totib bo‘lgan, o‘z o‘rnini osonlikcha berib qo‘ya qolmasdi.

SSSR va AQShning yagona Koreya bo‘yicha qarashlari avvalboshdan yagona va mustahkam kelishuvga ega bo‘lmagani uchun bir-biriga zid kela boshladi. Ular 1947 yilga qadar bu borada yakdil xulosaga kela olishmadi va masala yechimini yangi tuzilgan hamda ulkan umidlar bag‘ishlayotgan tashkilot – BMTga topshirishdi. Shu bilan birga, har ikki davlat o‘ziga tegishli hududda harbiy kuchlarini saqlab qoldi.

Janub va Shimol tom ma'noda ikki tomonga qarab keta boshladi hamda 38-parallel davlatlar o‘rtasidagi ramziy jarlikka aylana bordi. 1948 yilga kelib har ikki tomon o‘z konstitutsiyasini qabul qilib oldi va bu konstitutsiyalarda o‘z davlatining mutlaq hukmronligini ta'kidlagan holda qo‘shnisining hududlarini egallab olgan «zolimlarni quvib solish muqaddas burch» ekanligi aytib o‘tilgandi. Shimoliy Koreya konstitutsiyasida hatto mamlakat poytaxti sifatida Seul shahri ko‘rsatilgan, Pxenyan esa Seul «ozod» qilingunga qadar muvaqqat hukumat vaqtincha faoliyat yuritayotgan shahar maqomida edi.

Har ikki davlat qo‘shnisining huquqlarini tan olmagan holda o‘z mafkurasini mustahkamlashga kirishib ketdi. O‘sha paytlarda shimolda amalda bo‘lgan kommunistik tuzumning davlat boshqaruvida muxoliflarni shafqatsizlarcha yo‘q qilgani haqida ko‘p ma'lumotlar yoritilgan. Lekin tarix hozirgi natijalarga olib kelgan demokratik davlat poydevori qurilayotgan o‘sha yillarda Janubiy Koreyada ham aksil qarashdagi har qanday inson omadi kelsagina panjara ortiga ravona bo‘lgani, odatda dahshatli o‘lim topgani to‘g‘risida yetarlicha faktlarga ega.

Li Sin Man AQShning qo‘llab-quvvatlashini o‘z bilganicha tushundi va demokratiyani mutlaq hokimiyatni egallash yo‘lidagi bir vosita deb bildi. Unga qarshi har qanday harakat shafqatsiz bostirilar, mamlakat hududidagi qamoqxonalarda minglab odamlar otilishi bilan birga 22 mingdan ortiq odam faqat siyosiy mahbus hisoblanardi. Ma'lumot uchun aytish mumkinki, hatto yapon mustamlakasi avjiga chiqqan mamlakatning eng qora kunlarida ham yaxlit Koreyadagi siyosiy mahbuslar soni 12 ming nafardan oshmagan. 1949 yilning 1 dekabrida qabul qilingan qonun hammasidan oshib tushdi. «Dushman (Shimoliya Koreya) tomonga xayrixohlik bildirgan har qanday fuqaroni shafqatsiz jazo kutadi» degan mazmunni beruvchi bu qonunni xohlagancha talqin qilish mumkin edi.

General Makartur va Li Sin Man, 1948. Foto: AFP / East News

Li Sin Man 1947 yildayoq «Shimolda qo‘nim topgan xoinlarni quvish va separatistik hukumatni ag‘darib, hududni ozod qilish hamda yagona Koreya davlatini tuzish shart»ligi haqida ochiq da'vat qilgandi. Tabiiyki, yagona Koreya rahbari sifatida u yolg‘iz o‘zini ko‘rardi.

Kim Ir Sen ham bunga javoban Koreya respublikasi degan davlat aslida yo‘qligini, xalqni janubiy hududda imperialistlar ko‘magida uya qurib, hokimiyatni egallab olganlardan qutqarish tez orada sodir bo‘lishini ta'kidlardi. Shonli chaqiriqlar faqat qog‘ozda qolib ketmadi, har ikki tomon tarafdorlari ko‘magida zo‘r berib qurollanishga kirishib ketdi.

Mao Tszedun va Kim Ir Sen
Foto: Vikipediya

1950 yilning 25 iyunida ochiqdan-ochiq boshlangan urushning asl sababchisi kimligi, janglar olovini dastlab qaysi tomon yoqqani borasidagi tortishuvlar hali ham davom etib kelmoqda va bu savollarga aniq javobni tarix o‘z qa'riga ko‘mib yuborgan bo‘lsa ajab emas.

Anig‘i shuki, har ikki tomon o‘z harbiy harakatlarini ilojsiz mudofaa sifatida ko‘rsatishga urinar, raqibining to‘satdan uyushtirgan hujumlari haqida rad etib bo‘lmas dalillar taqdim etardi.

Muhimi bu emas. Shunisi muhimki, kechagina og‘a-ini bo‘lib, yagona dushmanga qarshi kurashlarda qon to‘kkan bir millat ikkiga bo‘linib olib, ikki mafkura ostida bir-biriga qarshi shafqatsiz urush boshladi.

Foto: AP

Dastlab Shimol kuchlari katta suratda janubga qarab siljiy boshladi va tez orada poytaxt Seul egallandi. Ammo ularning zudlik bilan g‘alabaga erishish hamda janubdagi hukumatdan ko‘p sonli norozilarning isyon ko‘tarib shimol kuchlarini qo‘llab-quvvatlashi rejasi amalga oshmadi. Shunday bo‘lsada, shimolliklar qadamba-qadam janub tomonga yurishda davom etdilar.

1950 yilning iyun-avgustiga kelib, Janubiy Koreyaning 90 foiz hududi Shimol tasarrufiga o‘tdi va janubliklar ixtiyorida faqatgina bir yirik shahar – Busan (Pusan) qoldi.

1950 yilning 27 dekabri.
Kommunistlar hujumi arafasida Seulni 1 milliondan ortiq kishi tark etmoqda

Deyarli hamma shimolning g‘alabasi va kommunizm rejimining butun Koreya yarimoroliga tarqalishi aniqligini ta'kidlab turgan bir paytda urushga shu paytgacha maslahatchi maqomida turgan AQSh va uning ittifoqchilari aralashishdi. Janubiy Koreyaning 5, AQShning 5 diviziyasi, Buyuk Britaniyaning maxsus brigadasi, 500ta tank, 1600dan ortiq turli kalibrdagi yirik o‘qotar qurollar, 1120ta samolyot birlashib, avval tasarrufida 40ta tank va 800dan ortiq o‘qotar qurol qolgan shimol kuchlarini to‘xtatishdi, keyin esa ortga uloqtirib, 1950 yilning 15 sentabridayoq qarshi hujumni boshlashdi

AQSh G‘arb davlatlarini Koreya yarimorolida himoyani kuchaytirish zarurligiga ishontirdi
Foto: AP
© Wikipedia, U.S. Army Korea

Kuchlar teng emasdi. Tez orada ittifoqchilar 38-parallelni ham ortda qoldirishdi. Qarshi hujum juda tez natijalar berdi, kamiga 38-paralleldan 50-60 kilometr nariga 5000 kishilik desant tashlandi va 20 oktabrga keliboq poytaxt Pxenyan zabt etildi.

Bu urushning o‘ziga xos jihati tomonlarning o‘ta shafqatsizligida edi. Bir millatning ikki mafkura ta'siridagi og‘a-inilari bir-birlarini asir olish mumkin bo‘lgani holda ayovsiz o‘ldirishar, asirlar hech bir sababsiz otib tashlanar, tinch aholi vakillari – ayollar, bolalar uylarga qamab yoqib yuborilar, to‘da-to‘da qilib suvga cho‘ktirilardi.

Foto: Vikipediya

Har ikki tomonda raqibining bunday shafqatsizliklari haqida minglab hujjatlar to‘plangan va ommaga oshkor qilingan.

Janubiy Koreyada o‘ldirilgan tinch aholi vakillari
Foto: AP
Foto: Vikipediya

1950 yilning sentabridayoq Shimoliy Koreya urushning bu bosqichida mag‘lub bo‘lishi aniq bo‘lib ulgurgandi. Bu paytga kelib kommunistik rejim uzil-kesil hokimiyat tizginini o‘z qo‘liga olgan Xitoy va uning rahbari Mao Tszedun ittifoqchilarning 38-paralleldan har qanday shaklda oshib o‘tishini Xitoyga qarshi agressiya sifatida qabul qilishini hamda o‘z davlatining bu urushga qo‘shilishini aytib dag‘dag‘a qildi. Ammo AQSh prezidenti Garri Trumen Maoning bu so‘zlarini real harakatlarga olib kelmaydigan shunchaki qo‘rqitish deb baholadi.

Biroq AQSh qo‘shinlari Shimoliy Koreya chegaralarini bosib o‘tgan 8 oktabrdayoq Mao Xitoy qo‘shinlarini chegaraga yondosh o‘z hududlariga to‘play boshladi va chegaradan o‘tib, keyingi harakatlarga tayyor turishni buyurdi. Shuningdek, Xitoy rahbari bu vaziyatda qanday yo‘l tutish bo‘yicha SSSR bilan muzokaralar o‘tkazishga kirishdi.

Mao Tszedun Stalinga yo‘llagan maktubida «Agar biz AQSh va ittifoqchilarining Koreya yarimorolini zabt etishlariga yo‘l qo‘yib bersak, tez orada ularning Xitoyga ham urush ochishlariga tayyor turishimiz kerak bo‘ladi» degandi.

O‘z navbatida Trumen ham vaziyatni «Biz Chikago, Nyu-Orlean yoki San-Frantsiskoda jang qilmaslik uchun ham Koreya yarimorolida harbiy harakatlar olib bormoqdamiz», deya izoh beradi.

Mao Stalindan yordam kutib, Xitoy kuchlarini 13 oktabrdan 19 oktabrga qadar urushga kirishdan to‘xtatib turdi.

Ammo Ikkinchi Jahon urushida g‘olib bo‘lgan bo‘lsada, o‘ta katta talofatlar bilan chiqqan SSSRning yana bir mantiqsiz urushga ochiqdan-ochiq qo‘shilishi to‘g‘ri bo‘lmasligini Stalin yaxshi anglab yetardi.

Qolaversa, prezident Trumen general Vandebergga agar sovetlar ittifoqi urushga o‘z kuchlarini tashlaydigan bo‘lsa, Sibirdagi harbiy bazalarni yadro quroli bilan bombardimon qilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish haqida topshiriq bergandi.

Shunday bo‘lsada, SSSR hududdagi o‘z mafkurasining barbod bo‘lishiga ham jim qarab tura olmasdi. Stalinning maxfiy buyrug‘iga ko‘ra aniq soni ma'lum bo‘lmagan ko‘plab harbiylar turli niqob ostida yarimorolga jo‘natila boshlandi. Shuningdek, «Mig-15» samolyotlari havodan turib AQShning «F-80» samolyotlarini tutday to‘kishga kirishdi.

AQSh generallari havoni boy berayotganlarini tushunib, zamonaviy «F-86» samolyotlarini ham jangga tashladilar – Koreya osmonida haqiqiy qirg‘inbarot boshlandi.

Mao ham qarab turmadi. 1950 yilning 25 oktabrida Xitoyning 270 ming kishilik qo‘shinlari avval BMT kuchlari mudofaasini yorib o‘tib, AQSh qo‘shinlarini kunpayakun qilib tashladi. KXDR va Xitoy yagona kuchga aylanib, qarshi hujumga o‘tdi va hech qancha vaqt o‘tmay – 1951 yilning 4 yanvaridayoq Seul qayta zabt etildi. AQSh kuchlarini boshqarayotgan general Uoker avtohalokat natijasida halok bo‘ldi va ittifoqchilar ham ruhan, ham jismonan tang ahvolga tushib qoldi.

Ayni shu kunlarda AQSh hukumati mutlaqo jiddiy tarzda yadro qurolini ishga solish haqida rejalar tuzishga kirishdi. Vaziyat og‘irlashgani uchun ittifoqchilar zudlik bilan yangi qo‘shinlar tashlashga majbur bo‘ldi va endi urush kichik hududdagi haqiqiy qirg‘inga aylanib ketdi. Birgina Imjingan daryosi bo‘yidagi bir hafta davom etgan janglarda ittifoqchilar tomonidan 20 ming kishi yoki o‘lgan, yo asirga tushgan bo‘lsa, Xitoy tomoni 70 ming askaridan ajraldi.

1951 yilning iyuniga kelib, har ikki tomon bu urushda g‘olib bo‘lishi mumkin emasligini anglab yeta boshladi va jangovar harakatlar birmuncha susaydi. Shunga qaramay Shimol ham, Janub ham milliondan ortiq askarni shay holda saqlab turardi.

1951 yilning 8 iyulida tomonlar Keson shahrida sulh uchun to‘planishdi. Qizig‘i shundaki, sulh bo‘yicha muzokaralar kechayotgan vaqtda ham hududlarda shafqatsiz janglar kechayotgandi. Muzokaralar yirik janglarni vaqtinchalik to‘xtatgan bo‘lsada, ikki tomonning ham qurollari yana ikki yildan ortiq vaqt mobaynida tinmadi. 

1952 yilning 4 noyabrida Duayt Eyzenxauer AQSh prezidentligiga saylandi va saylovoldi va'dasi – koreys urushini to‘xtatish choralarini izlay boshladi. Ammo haqiqiy imkoniyat 1953 yil 5 martida, Stalin o‘limidan keyin paydo bo‘ldi. SSSRning yangi hukumati bu urushni to‘xtatishdan juda manfaatdor edi.

Amerikalik harbiylar sulh haqidagi xabarni o‘qishmoqda.
Foto: George Sweers / AP

1953 yilning 27 iyulida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Qiziq tomoni, unga bugungi kunda demokratik davlat sifatida qaraladigan Janubiy Koreyaning o‘sha paytdagi rahbari Li Sin Man urush davom etishi kerakligini ta'kidlab, imzo chekishdan bosh tortdi va janub tomonidan BMT kuchlari vakili sifatida general Klark kelishuvni imzoladi.

Bu kelishuv ikki Koreyaning urushga qadar chegaralarini qayta tiklash va bir-birlariga o‘t ochmasligini aks ettirsada, amalda tinchlik shartnomasi emasdi.

38-parallel — Shimoliy va Janubiy Koreya chegarasi.
Foto: Imperial War Museums

Tinchlik shartnomasiga keyinchalik ham erishishning imkoni bo‘lmadi va Shimol hamda Janub bugungi kungacha urush holatini saqlab turibdi.

Bugungi kunda ochiq siyosat va iqtisodni qo‘llagan Janubiy Koreya dunyoning eng rivojlangan davlatlaridan biriga aylangani holda, Shimoliy Koreya o‘ziga kommunistik mafkurani taqdim qilgan SSSR degan davlat tarqab ketganiga qaramay, totalitar rejimdan voz kechmadi.

Hozirda 70 yillik sulolaning navbatdagi vakili Kim Chen In tinchlik yo‘lida ancha-muncha sammitlar uyushtirgan bo‘lsada, hanuz raketa sinovlaridan voz kechmagan. Hatto turli davlatlarning uzoq yillik iqtisodiy sanksiyalari ham KXDRni tutgan yo‘lida qaytara olmadi.

Foto: Reuters

Ko‘pchilik «Nahotki shuncha qudratli mamlakatlar birgalashib kichik bir davlatni yenga olmasa?», degan savolni berishadi. Bir necha sabab tufayli amalda buning iloji yo‘q.

1. Xitoy va Rossiya KXDRdagi tuzum qulab, janubdagi AQSh kuchlarining o‘z chegaralariga kelib qolishlariga har qanday yo‘l bilan qarshilik qiladi;

2. KXDR va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi siyosiy, maishiy, iqtisodiy tafovut shunchalik ulkanki, agar hamma qurollardan voz kechilib, do‘stona birlashuv bo‘lgan taqdirda ham shimol o‘z «yuki» bilan janubning shuncha yillik taraqqiyotini osongina yo‘qqa chiqarib qo‘yishi mumkin;

3. Kim Chen In tinchlik yo‘lidagi qadamlariga qaramay asosiy quvvati – yadro qurolidan voz kechmagan. Bu vosita bilan hazillashish yaxshilikka olib kelmaydi;

4. Qachonlardir bir jonu-bir tan bo‘lgan ikki davlat va xalq o‘zi tutgan yo‘ldan shunchalar olisga ketib qolganki, endi ularni yagona mafkura ostida birlashtirishni hech kim tasavvur qila olmaydi;

5. Koreya muammosi saqlanib turishidan manfaatdor kuchlar bor. Chunki ziddiyat bo‘lgan hududga harbiy kuchlar olib kirish, o‘ziga og‘dirish va ta'sir doirasini oshirish imkoniyati tug‘iladi.

Foto: AP/TASS

Joriy yil davomida AQSh prezidenti Donald Tramp Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In bilan bevosita uchrashdi va qator muzokaralar o‘tkazdi.

Foto:epa/vostock-photo

Shuningdek, Janubiy Koreya yetakchisi Mun Chje In ham KXDR yetakchisi bilan tarixiy sammitlar uyushtirishga muvaffaq bo‘ldi. Umuman, yuzlab davlatlarning yuzlab rahbarlari kunora uchrashib yurgan hozirgi davrda Shimoliy Koreya bilan o‘tkazilgan har qanday muzokara hamon «tarixiy» degan maqomni saqlab turibdi.

Ma'lumot uchun: Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In quyidagi rasmiy lavozimlarga ega:

1. KXDR oliy rahbari;

2. KXDR mehnat partiyasi bosh kotibi;

3. Oliy bosh qo‘mondon;

4. Davlatning qarorlar qabul qiluvchi bosh organi – Prezidium va siyosiy byuro a'zosi va bevosita rahbari;

5.  Markaziy harbiy komissiya raisi;

6. Harbiy unvonlari: A. 2010 yilning 27 sentabrida armiya generali. B. 2012 yilning 18 iyulidan armiya marshali.

Foto: Zuma/TASS

Bular rasmiy unvonlar. Ammo shimolda yashovchi koreys xalqi o‘z rahbarini turli nomlar bilan ulug‘laydilarki, ular rasmiy unvonlardanda kuchliroq jaranglaydi:

1. «Porloq yulduz»;

2. «Beqiyos birodar»;

3. «Harbiy sohada daholarning dahosi»;

4.  «Xalq otasi»;

5. «Hurmatli (eng yuqori, aqlli, yagona, sevimli...) rahbar»;

6. «Qimmatli ota»;

7. «Kommunistik kelajak quyoshi»;

8. «Davlatlar birlashuvi kafolati»;

9. «Yo‘lchi yulduz»;

10. «Davlat va millatning buyuk dohiysi» va boshqa bir qator atamalar.

Abror Zohidov

Mavzuga oid