Jamiyat | 14:21 / 25.11.2018
22628
6 daqiqa o‘qiladi

«Mening ko‘zim ojiz emas, hech kimdan kam joyim ham yo‘q...»

Inson gohida shunday qattiq noshukrlik qiladiki, go‘yo unga hech qanday ne'mat berilmagan, go‘yo u hamma narsadan quruq qolyapti, xuddi u barchasiga munosibdek. Aslida-chi? Aslida, bari teskari. Do‘ppini bir chetga qo‘yib o‘ylab qaralsa, biz uchun shunday ne'matlar berilganki, ularning sarhisobini qilishga vaqt yetmaydi, aql ojizlik qiladi. Buni payqash uchun shunchaki yon-atrofga qarab fikr yuritish, turli taqdir egalari umridan ma'no topish yetadi.

Ish yuzasidan ko‘p joylarda bo‘lamiz, turli xarakterga ega insonlar bilan suhbatlashamiz, har kuni yuzlab xabarlarni eshitamiz. Kimdir o‘z joniga qasd qilmoqda, yana kimdir bolasi bilan o‘zini anhorga otmoqda, boshqa birov esa hayot sinovlariga chiday olmay turli ko‘chalarda sang‘imoqda. Ammo shunday insonlar ham borki, ular Allohning xohishiga ko‘ra, bu dunyoga nogironlik holatida kelgan. Ammo taqdiri ilohiyga ko‘nikib, yashashmoqda, o‘qishmoqda, ishlashmoqda va buning uchun baridan rozi bo‘lishmoqda. Chunki ular hayot manzaralarini sizu bizchalik ko‘ra olishmasa-da, ammo uning qadri va hikmatini juda ko‘pchiligimizdan ko‘ra yaxshiroq anglashadi, his etishadi. Bugungi suhbatimiz ko‘zi ojiz bolalar hayoti haqida...

Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida 18-sonli ko‘rish bo‘yicha imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan davlat ta'lim muassasasi joylashgan. Nomidan ham ma'lum – bu yerda ko‘zi ojiz yigitlar-qizlar tahsil olishadi. Ular boshqa tengdoshlaridan ko‘ra farqli, ammo shunga qaramay intilishlari, bilimga bo‘lgan chanqoqliklari va eng asosiysi, orzu-havaslari juda ulkan va beg‘ubor. Ushbu ta'lim muassasasi faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida ta'lim dargohi direktori Zoir Rahimov bilan suhbatlashdik. 

 — Ushbu ta'lim maskaniga 1992 yilda asos solingan. 2012 yilda esa zamonaviy tipda qurilib, foydalanishga topshirilgan. Ayni kunda mazkur muassasada ko‘rish imkoniyati cheklangan 198 nafar bola tahsil oladi. Bu yerda 51 nafar o‘qituvchi, 59 nafar tarbiyachi faoliyat olib boradi. Muassasada umumiy o‘rta ta'lim fanlari to‘liq o‘qitilishi barobarida 7 nomda korrektsion (nuqson tuzatuvchi) mashg‘ulotlar o‘tkaziladi. Ayni kunlarda 2018-2019 yilda o‘tkaziladigan fan olimpiadasining 1-bosqichiga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Bu yerda o‘qiyotgan bolalar bilan suhbatlashdik, ularning orzu-umidlari, maqsadlari bilan qiziqdik.

 — Jismoniy holatim boshqa tengdoshlarimga qaraganda nuqsonli bo‘lganidan sira uyalmaganman. Meni ko‘p mazax qilishardi. Ularga qarata: «Mening ko‘zim ojiz emas, hech kimdan kam joyim ham yo‘q».., derdim. Chunki hayotda mening o‘z rejalarim bor. O‘qishni tamomlashim, o‘zim yoqtirgan fan – matematika bo‘yicha professor bo‘lishim kerak, — deydi Ismoil ismli tarbiyalanuvchilardan biri.

— Men ona-tili va adabiyotiga qiziqaman. 2018 yilning 14 fevral kuni Buxoro viloyatida «Navoiyxonlik» va «Boburxonlik» adabiy-badiiy kechasi o‘tkazildi. Unda qatnashdim. Ishonasizmi, rosa hayajonlandim. Men she'riyatni shu qadar yaxshi ko‘ramanki, gohida siqilgan paytlarim o‘zim sevib mutolaa qiladigan she'rlarni o‘qiyman, qalbim taskin topadi. Kelajakda shoira bo‘lmoqchiman. Insonlarga hayot aslida boylik, mansabdan iborat emasligini, qanchalar ardoqli narsalar ko‘p ekanligini isbotlamoqchiman, o‘z hayotim, she'rlarim misolida, — deydi tarbiyalanuvchilardan yana biri Muslima.

Biz mazkur ta'lim dargohiga kirib borganimizda bolalar «televizorda chiqarkanmiz», deb rosa xursand bo‘lishdi, atrofimizni o‘rab olib turli savollarga ko‘mib tashlashdi. Oralarida internet, kompyuter savodxonligi, dasturchilikka qiziqadiganlari ham yo‘q emas ekan. Ma'lum bo‘lishicha, ushbu muassasaga joriy yilning 18 sentabr kuni Yaponiya tashqi ishlar vazirligi tomonidan tashkillashtirilgan grantda ishtirok etib qo‘lga kiritilgan kompyuter sinfining taqdimoti bo‘lib o‘tgan. 

Bolalar bilan uzoq suhbatlashdik, ularning so‘zlarini tingladik. Dadil, sho‘x, o‘zlariga ishongan, ammo ruhlarida qandaydir g‘amginlik borligiga guvoh bo‘ldik. Niyatimiz bir ta'lim muassasini maqtash, olib borilgan ishlar haqida ma'lumot berish emas, shunchaki yon-atrofimizda yashayotgan, ammo biz ko‘pam e'tibor bermayotgan insonlarning umr yo‘liga sayohat qilish edi. 

Ochiq va tan olib aytish kerakki, ko‘pchiligimiz yon-atrofimizga chuqurroq razm solmay qo‘ydik. Ko‘pchiligimiz «osmonlarda uchib yuribmiz». Shu sababmi, bilmayman,  hayotiy hikmatlarni bizga tushuntiruvchi qalbimizni o‘ldirib bo‘ldik yoki shu yo‘ldamiz. Rasuli akram (sollallohu alayhi va sallam) dedilar: «Kim oilasi tinch, jasadi salomat va huzurida bir kunlik taomi bor holda tong ottirsa, unga dunyo to‘lig‘icha berilibdi» (Imom Buxoriy rivoyati). Mazkur muassasadan chiqar ekanmiz, kech tushib qolgandi. Bolalar o‘z xonalaridan chiqib, kechki ovqatni tanovul qilish uchun oshxona sari yo‘l olishdi. Sakrab-sakrab, bir-birlariga hazil qilganlaricha, o‘sha beg‘uborlik, o‘sha shukronalik,  o‘sha toza qalb bilan...

Sarvar Anvar o‘g‘li,
KUN.UZ jurnalisti

Mavzuga oid