Jahon | 22:30 / 26.11.2018
49362
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyalik dengizchilarning Ukraina kemalariga hujumi muhokamasi audioyozuvi e'lon qilindi

Ukraina Qurolli kuchlari bosh shtabi Kerch bo‘g‘ozidagi voqea vaqtida rossiyalik dengizchilar qanday harakatlangani tasvirlangan videoni, shuningdek, Rossiya kemalaridagi boshliqlarning o‘zaro muloqoti yozilgan audioyozuvni e'lon qildi.

Kadrlar Ukraina xizmatlari tomonidan muhrlangan, rus tilidagi muzokaralar esa Rossiya tomonidan tajovuzkorlik ro‘y berganini tasdiqlaydi.

25 noyabr kuni ertalab Rossiya federal xavfsizlik xizmati Ukrainaning uchta harbiy kemasi Rossiya hududiy suvlariga noqonuniy kirgani haqida xabar berdi. Ular Odessadan Mariupolga yo‘l olgan, ammo ularni Kerch bo‘g‘ozidan o‘tkazishmagan.

Videoda ko‘rish mumkinki, Rossiya harbiy-dengiz kuchlarining «Don» kemasi ukrainlarning shatakchi kemasiga borib urilgan.

Kunning ikkinchi yarmida rasmiy Kiyev Rossiyani Kerch bo‘g‘ozi yaqinida Ukraina kemalarini qo‘lga olishda aybladi. 

Audioyozuvda esa harbiylar hujum rejasini muhokama qilishadi: ulardan biri rahbariyat hujum qilishga ko‘rsatma bergani haqida aytadi. Amaliyot ishtirokchilari bu harakatlarining o‘z kareralaridagi oqibatlari haqida ham so‘zlashishgan.

Bu yozuvlar «Rossiya Federatsiyasining harbiy-siyosiy rahbariyati Qora dengiz va Azov dengizidagi vaziyatni izdan chiqarish uchun agressiv harakatlarni amalga oshirishga rozilik bergani uchun dalildir», deyiladi rasmiy Kiyev bayonotida.

Mavzuga oid